22:38 / 28.03.2019
3 464

Oʻkinch

Oʻkinch
Qaygʻuda qolgan boʻlsang, demak yuraging bor ekan. Yuraksizlar xafa boʻl(ol)maydilar. Qaygʻuni his qilsang, demak baxtiyorsan. Uygʻoq qalb sohibi ekansan.

Oʻkinma!
Gʻamgin boʻlsang, demak ushoqina boʻlsada, botqoqdan chiqishing uchun imkon bor degani. Shuning uchun qalbingni turtyapti. Qadrini bilgin, seni qaygʻurishga munosib koʻryapti.

Huzunlar qalbing tuprogʻini agʻdar-toʻntar qilayotgan boʻlsa, demak sen ekin ekishga munosib zaminsan, deganidir. Qaygʻular koʻnglingni achishtirib, ogʻritayotgan boʻlsa, demak, ishonching toshday qattiq, yorilgan koʻksingda umid urugʻlari koʻkaryapti.

Oʻkinma!
Boshing quyi solingan, qoʻllaring boʻyningga oʻralgan boʻlsa, demak qalbingni yoritadigan xabarlar oqimining tomchilari hayotingga tomyapti. Ishongan togʻlaringga qor tushsa, ertangning bogʻlarida rang-barang gullar ochilishiga ishora beryapti. Qahri qattiq boʻronlar sevinchlaringni sovursa, shamollar umiding yaroqlarini uzib uloqtirsa, demak katta togʻ ekansan. Biroz kut, poyingdan soʻlim buloqlar koʻz ochib, shildirab oqadi...

Oʻkinma!
Gʻamni his qilsang, oʻzingni yoʻqotib qoʻymaysan. Kibrning kir tuzogʻiga ilinmaysan. Budparastlik botqogʻiga botib qolmaysan. Isyon yoʻllaridan yurmaysan.

Hoyu havaslaring ortidan seni sarson qilib, tubsiz jarliklarga sudramasa, seni Oʻziga chorlayapti demak! Nazardan chetda qolmabsan.

Oʻkinma!
Gʻamgin boʻlsang, qutlugʻ tasalli eshigi qarshisida kuttirishyapti seni. Bevafo dunyo eshigidan koʻzlaringni ol! Koʻngling qoʻlini sabablarning behuda ovunchoqlari choʻntagidan chiqar. Soxta havaslardan umidingni uz! Yuragingni hirsdan sovut. Gʻamginliging – eshik ochilyapti degan sadodir.

Oʻkinma!
Gʻamgin boʻlsang, yoʻqotadigan narsalaring bor, demakdir.

Yoʻqotadigan narsalari bor insonlar azaldan muvaffaqiyatga erishganlardir. Qoʻlga kiritmaganlaringni sanash bilan vaqtingni isrof qilma! Qoʻlingda borlarini sana va shukr qil! Nasibing boʻlgan neʼmatlarni sanab ado qilsangda, nafasingni sanashga nafasing yetmaydi. Qara, boy ekansan, toʻgʻrimi?

Oʻkinma!
Seni Eshitayotgan bor. Sen oʻzingni sevishingdan avval U seni sevdi. Seni oʻzingni bilmay choʻkib qolgan quduqlardan ham U seni chiqarib oldi.

Sen tortayotgan iztirob va dardlarni bilmaydigan va eshitmaydigan soʻqir va kar emas – U. Yuraging otashda har safar qovrulganida, Unga bir qadam yaqinlashib boraverasan. Yoʻqotganlaringning oʻrnini toʻldirishga senga vaʼda beradi. Seni hammadan yaxshi tushunadi. Seni oʻzingdan koʻp biladi va oʻylaydi. Unga yoʻllayotgan istaklaringni koʻz yoshi bilan imzolaysan. Hayotingning har tomonga sochilgan siniqlari orasidan umid zarrasini topib, uni toqqa aylantiradi – U!

Oʻkinma!
Borliq jismiga har bir qaygʻu chiziqdir. Qaygʻu Borliqda borliginingni bildiradi.

Eslaysanmi, bir paytlar eslashga ham arzimaydigan biri eding? Hech kim izlamagan, soʻramagan, eʼtibor berib ismingni bir joyga yozmagan paytlarda sening ismingni birinchi boʻlib U esladi. Seni yoniga oldi. Har doim yoningda boʻldi.

Sen oʻzingni unutib boshingni yostiqqa qoʻyganingda ham, har gal U seni tongga yetkazdi. Sen Uni koʻp bora unutding, lekin U seni hech qachon unutmadi!

Oʻkinma!
Boshingni yerdan koʻtar! Yelkangdan tutib, silkitib seni oʻzingga keltirishni istayapti – Sevgiling. Sevganlaringning koʻzlariga termul, seni unutib yolgʻiz qoʻymadi U..!
Umida ADIZOVA tarjimasi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Oʻkinch