Istak va nafs

  • 29 mart 2019, 06:00
  • 955
  • Hayot tarzi
  • Istak va nafs
    Bir forscha bayt oʻqigan edim, quyidagi maʼnoda edi: “Agar bermakni istamasa edi, istamakni ham bermas edi”. Demak, istak va ato hamisha yonma-yon: istak bor ekan, atodan umidvorlik boʻladi. Umidvorlik esa nafs bilan oshno tutingan. Nafs istakning ulovidir, din esa nafsning jilovidir.

    Nafs istakni oʻz yoʻliga solmoqchi boʻladi. Istak esa unga qul boʻlmaslik uchun oʻzini qanoat xilvatlariga otadi, sabr ovloqlariga chekinadi. Chunki, biladiki, nafsga qattiq boʻysunsa, ortidan hoyu havas, kibru havo, shaytoniy vasvasalar xuruji eshik qoqib turibdi. “Masnaviy”da bunday deyilgan: “Dilki xohish etsa, qoʻl qilgay hisob, Dil agar amr aylasa, bitgay kitob”.

    Alloh taolo kimlargadir mol-dunyoni, martaba-obroʻni toʻkis qilib bergan. Kimnidir esa boylik, mol-dunyodan qisgan. Chunki mol-mulk mutlaqo ezgulik, yaxshilik timsoli-belgisi emas. Allohning boylik bermagani ham, bergani ham xayrdir, saxovatdir, ezgulikdir.

    Oʻz holicha na badavlatlilik va na faqirlik bir neʼmat yoki falokat hisoblanmaydi. Balki oʻz oʻrniga koʻra faqirlik eng buyuk neʼmat va marhamatdir. Agar inson oliyjanob boʻlsagina, oʻziga berilgan mol-davlatni toʻgʻri yoʻlga sarflasagina u yaxshilik keltiradi, aks holda katta kulfat va falokatlar sababi boʻlishi mumkin.

    Islomda mol-dunyoga qattiq muhabbat ham, tarkidunyochilik ham birday qoralangan. Boylik va faqirlik kishiga neʼmat ham, azob sababi ham boʻlishi mumkin. Zero, inson boylik yo faqirlik bilan imtihon qilinadi. Boylik insonlarga vaqtincha berilgan bir omonat, haqni topishda bir vasila, deb qaralsa, haqiqatan ham u bir neʼmat boʻladi. Faqirlik esa yomon ishlarga-gunohlarga yetaklovchi ishlardan qaytarsa, haqiqatan ham u buyuk neʼmat sanaladi.

    Dunyo bir vosita xolos, nimaga vosita boʻlsa, shuning hukmini oladi. Agar u saodatga, savobga erishtirsa, dunyo qiymatlidir. Agar u gunohlarga yetaklab borsa, dunyo eng haqir, past narsadir.

    Alloh taolo marhamat qiladi: “Odamlarga ayollar, bolalar, tuganmas oltin-kumush boyliklar, (qimmat) baholi otlar, chorva va ekin-tikinlar kabi istak-xohishlarga koʻngil qoʻyish chiroyli qilindi. Oʻolbuki, bu narsalar hayoti dunyoning (oʻtkinchi) narsalaridir. Allohning huzurida esa eng goʻzal qaytadigan joy – jannat bordir” (“Oli- Imron” surasi, 14-oyat);

    Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning bunday hadislari bor: “Az-zuhdu fid-dunya yurihul qolba val badana var-rogʻbatu fiha tuksirul hamma val hazana”, yaʼni dunyoga ragʻbat qilmaslik, ahamiyat bermaslik, dunyo ishlaridan chetlangan bir obid va zohid banda boʻlish qalb va vujudga orom bagʻishlaydi, dunyoga ragʻbat qilish, uni sevish esa gʻam va mahzunlikni ziyoda qiladi.

    Mavlono Jaloliddin Rumiy “Masnaviyi”da bunday satrlarni oʻqiymiz:
    Istasa dil, koʻz soʻroqlar zahri mor,
    Istasa, yetgay u suyi eʼtibor.
    Istasa, boʻlgʻay ravon maxsus sari,
    Istasa, borgay oʻshal malbus sari.

    Shayx Fariduddin Attorning “Mantiq ut-tayr” asarida Iso alayhissalom va shayton munozarasi haqida ibratli bir hikoyat bor: Bir kuni Iso alayhissalom boshiga yostiq oʻrniga bir gʻishtni qoʻyib uxlab yotgan edi. Koʻzini ochib qarasa, qarshisida laʼnati Iblis turgan emish. U Iso Masihga: “Mening gʻishtim ustiga bosh qoʻyib uxlabsan, demak mening molimni ishlatib, menga oʻzingni boylabsan. Chunki jumla dunyo daxlsiz mening mulkim hisoblanadi, shu siniq gʻisht ham mening molimdir”, debdi. Iso alayhissalom gʻishtni olib, otib yubordi va yerga bosh qoʻyib uyquga ketdi…

    Shoir insonlarga xitob qiladi: “Ey inson, bir kuni kelib dunyodagi hamma narsani tark etarkansan, shaytonning mulki sanalgan dunyoga bunchalik qattiq bogʻlanish nechun? Qabringga gʻisht qoʻyishgunicha namuncha gʻisht ustiga gʻisht terib dunyo imoratini qurishga ragʻbat koʻrsatmasang? Bir kun kelib molingga zavol yetishini bilsang-da buncha mol-mulk toʻplashga ishqiboz boʻlmasang? Yoki Qorun kabi seni ham yer yutib, toʻplagan moling tuproqqa qorishib ketishini istaysanmi? Bu hirs va tamaʼ ustiga qurilgan dunyo oʻzini qudratda iloh sanagan Firʼavn va Namrud kabi podshohlardan ham qolib ketdi-ku! «Losh demish Alloh, nazar sol nomiga, Sen esang joningni tutding domiga”, deydi shoir.

    Molga hirs qoʻyish, uni toʻplashga ragʻbat koʻrsatish, joyiga sarflash oʻrniga baxillik bilan bosib yotish Islomda qattiq qoralanadi. Lekin hadisi sharifga muvofiq, zakoti ado qilingan mol toʻplangan hisoblanmaydi.

    Boylik obroʻ-martaba yoki faxr-kibrlanish asosi emas. Baʼzan koʻcha-koʻyda, toʻy-marosimlarda ayrim nodon kishilarning boy-badavlat kishilarga boshqacharoq hurmat-ehtirom koʻrsatishini, oldida yaltoqlanib, aylanib-oʻrgilishini, nima qilib boʻlsa-da unga yaxshi koʻrinish niyatida ekanini koʻramiz. Holbuki, oʻsha odam ilm ahli emas yoki yaxshi fazilatlar sohibi ham emas yoxud diniga, millatiga, vataniga katta xizmatlarni doʻndirib qoʻygan salohiyatli inson ham emas. Shunchaki Allohning irodasi bilan bugun mulk-boylik egasi boʻlgan. Dunyoni ato qilgan Alloh ertaga uni olib qoʻysa, u yana asliga, oʻsha oddiy odamga aylanadi-qoladi.

    Xoʻsh, uning boyligidan boshqa “fazilati” boʻlmasa, boylikni salaflarimiz qoralab, mazammat qilib, undan yuz oʻgirib oʻtishgan boʻlsa, biz oddiy bir insonni nima uchun oʻsha qadrsiz boyligi uchun hurmatlashimiz, boshqalardan ustun koʻrishimiz kerak? Abu Lays Samarqandiy aytganlar: “Fazilat ahlini haddidan oshirmay hurmat qilish mustahabdir. Biror kishini boyligidan umid qilib, boy boʻlgani uchun hurmatlash joiz emas”. Chunki mol va mato hech qachon insonning mukarramligini va mavqeini belgilay olmaydi.

    Ortiqcha, oʻrniga sarflanmayotgan mol-dunyo shundayin badbaxt narsaki, insonlarni oxirat tadorikidan chalgʻitib, shayton vasvasalariga giriftor qiladi. Ogʻa-inilar oʻrtasidagi muhabbatni koʻtaradi, hattoki ularni gʻanimlarga aylantiradi. Olimni tamaʼ ilinjida amirlar va boylar eshigiga yoʻllab xor qiladi. Ayollarning iffat-hayo pardasini yirtib, sharmandai sharmisor etadi. Mardni nomardga muhtoj va qaram qilib qoʻyadi. Umr boʻyi intilib, kurashib, sevib, uning dardida hamma narsadan: sogʻliqdan, yaqinlardan, ibodatdan, oxirat tayyorgarligidan mahrum boʻlib boylik toʻplagan kimsa unga egalik qilomay merosxoʻrlariga, bundan ham yomonrogʻi, biror zolimga qoldirib ketadi.

    Dunyoga yangi kelganimizda yalangʻoch tanamizni suv bilan yuvib, bir parcha matoga oʻrab qabul qilishadi. Dunyo bilan xayrlashayotganimizda ham yalangʻoch tanamizni suvda yuvib, bir parcha matoga oʻrab kuzatishadi. Bu foniy dunyodan ulushimiz shu boʻlgach, nega uning boyliklariga bunchalik harismiz? Nega uning matohlarini toʻplashga urinaveramiz, sira toʻymay yigʻaveramiz? Dunyo ortda qoladi, oxirat esa qarshimizda turibdi. Shunday boʻlgach, ortda qoladigan narsaga qiziqib, muhabbat qoʻyib nima qilamiz?

    Mol-dunyo juda qattiq ofatdir, qiyin imtihondir. Agar u moʻminning qoʻliga tushsa-ku, hay-hay… U buni Allohning bir sinovi sifatida qabul qilib, uni joyiga sarflaydi, yaʼni oilasining nafaqasidan ortganini sadaqa va ehson qiladi, molining zakotini beradi, muhtojlarga xayriyalar uchun ajratadi, Alloh buyurgan boshqa savobli ishlarga xarjlaydi.

    Ammo iymoni sust yoki iymonsiz kimsa dunyoga muhabbat qoʻysa, mol-dunyo ishqiga giriftor boʻlsa, uning holiga voy, deyavering. U boylik ketidan zir yelib-yuguradi, harom mol toʻplaydi, baxillik bilan uni sarflashdan voz kechadi va toʻplab-koʻpaytirishga zoʻr beradi. Uning koʻzini hirs pardasi qoplab, hech narsani koʻrmay qoladi.

    Xoja Ahror Valiy hazratlari bunday deganlar: “Zuhd mol yoʻqligi emas, balki hazrati Zul-jaloldan boshqasidan koʻngilni forigʻ tutishdir. Dunyoni sevguchi darveshni zohid demaslar va Hazrati Sulaymonni shuncha dastgoh, podshohlik bilan zuhd (egasi) derlar”.

    Alloh bergan mol-dunyoni joyiga sarflash, infoq-ehson va sadaqani koʻpaytirish, molga baxil boʻlmaslik moʻmin-musulmonning iymoniga dalolatdir. Paygʻambar alayhissalomdan rivoyat qilinishicha, u zot bunday marhamat qilganlar: “Eng avval oʻzingga nafaqa qil, agar moling ortib qolsa oilangning, yana ortib qolsa, boshqa yaqinlaringning hojatlariga sarfla. Alloh senga ozmi-koʻpmi boylik nasib etsa, boylikni shu ravishda sarflagin”. Mol-dunyoni tasarruf qilishda eng maqbul, shariat talab qilgan yoʻl shudir.

    Mol-mulk, boylik va pul choʻntakka kirsayu qalbga kirmasa, bu goʻzal va maqbuldir. Bordiyu mazkur mol-dunyo qalblarni zabt etsa, bundan yomon narsa yoʻq. Dunyoga qattiq muhabbat qoʻyish oʻgʻrilik, zulm, haqsizlik, adolatsizliklarning qilinishiga, jamiyatning qonun va nizomlari buzilishiga sabab boʻladi.

    Hamma ishda boʻlgani kabi mol-dunyoga intilishda ham oʻrtacha, moʻtadil yoʻl tutgan yaxshidir. Yuqorida zikr qilinganiday, Alloh taolo insonning feʼl-atvorida nafsining intilishlarini qoʻshib yaratgan. Shuning uchun men mol-dunyodan behojatman, deya undan oʻzni qaytarish, ato etilgan neʼmatlardan yuz oʻgirish zohidlik belgisi emas, aksincha Allohning atosiga hurmatsizlik, manmanlik va riyo koʻrinishlaridandir.

    Ulugʻ tasavvuf shayxi Sufyoni Savriy koʻpincha chiroyli taomlarni suyub yeyardilar va safarga chiqsalar oʻzlari bilan qiyom olib yurardilar. Yana bir atoqli shayx Ibrohim Adham esa baʼzan laziz va yaxshi taomlarni tanovul etar va “Agar topsak, odamlarga oʻxshab yeymiz va agar topa olmasak, odamlarga oʻxshab sabr qilamiz”, der edilar.

    Dinimizda faqirlik maqtaladi. Ammo faqir odam qanoatli boʻlsa, xalqdan biror narsa tamaʼ qilmasa, ularning qoʻlidagi narsadan umidvor boʻlmasa, qanday yoʻl bilan boʻlmasin mol-dunyo orttirishga haris boʻlmasa, shundagina u maqtaluvchi faqir hisoblanadi. Ammo faqirlarni juda katta ajr-mukofotlardan, savoblardan toʻsadigan bir illat borki, bu ularning kibridir. Faqirning kibri boynikidan yomon boʻladi. Sababi, boy mol-davlatidan faxrlanib kibr qilsa, kambagʻal hech narsaga ega boʻlmasdan turib kibr qiladi. Ana shu kibr ortidan u hamma ishda boyga tenglashishga intiladi, oʻzini boy koʻrsatish uchun har qanday aldov va nayranglarga boradi, Bu bilan u Allohning taqdiriga isyon qilgan hisoblanadi. Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisda Paygʻambar alayhissalom bunday deganlar: “Uch kimsaga qiyomat kunida Alloh taolo gapirmaydi va qaramaydi ham, ularga qattiq, alamli azob boʻladi: ular – zino qiluvchi keksa, yolgʻonchi podshoh va kibrli faqir kishilardir” (Imom Muslim rivoyati).

    Boylik-dunyo kimgadir qalb xotirjamligi, saxovat va muruvvat orqali ulkan ajr-mukofotga erishish eshiklarini ochib bersa, kimnidir u buzuqliklar, aysh-ishratlar, zoʻravonlik, nihoyat gʻuluv, isyon va osiylik botqogʻiga otadi. Mol-dunyo johillar qoʻliga tushib qolsa, u egasini gunoh, fahsh ishlarga boshlaydi. Katta boylikka ega boʻlib qolgan bunday odam oʻzini bosa olmay, idora qilolmay qoladi. Nafsining hamma aytganlarini bajarish uchun bahona axtarishga tushadi. Shayton uning koʻziga Allohga itoatni, ibodatlarga qoim boʻlishni ogʻir, mashaqqatli qilib koʻrsatadi, aksincha gunoh ishlar, aysh-ishrat va farovonlikni chiroyli qilib qoʻyadi. “Dunyoni yamadik yirtib olib dinimizdan, din ham ketdi, dunyo ham ketdi qoʻlimizdan”, deya figʻon chekdi ulugʻ shayx Ibrohim Adham.

    Bir parvona shamni uzoqdan koʻrib, “u nur taratar ekan-da”, deb oʻylaydiyu beparvo ketaveradi. Boshqa bir parvona shamga yaqinroq keladi va “u issiq ham chiqarar ekan”, deydiyu issigʻidan biroz bahra oladi. Yana bir parvona shamning ichiga kirib, uni sinab koʻrmoqchi boʻladi va oʻzi yonib halok boʻladi. Dunyo ham shamga oʻxshaydi. Uzoqdan uning jilosiga mahliyo boʻlib yurish osonroq. Uning taftidan foyda olishni xohlab qolsang, issigʻidan biroz aziyat chekishga toʻgʻri keladi. Bordiyu uning ichiga batamom kirmoqchi boʻlsang, halokatingni kutaver.

    Baʼzilar kabi boylikni va boylarni qoralab-yomonlash aqlsizlikdir. Agar boylik yomon narsa boʻlganida Alloh taolo zakotni farz qilmagan boʻlur edi. Boylik oxiratni topish, katta savoblar, ajr-mukofotlarga erishishning vositasidir. Bandaning Allohga maqbul boʻlgan saxovat, himmat, infoq-ehson, silai rahm, oliyjanoblik kabi fazilatlarga erishuvi yoʻlidir. Faqat boylikni Alloh buyurgan yoʻllarga sarf etish bilangina, bu borada moʻtadil yoʻl tutish orqaligina Uning rizosiga erishishga muvaffaq boʻlinadi.

    Qolaversa, “Men boylikni yomon koʻraman, menga dunyo neʼmatlaridan hech narsa kerak boʻlmaydi”, degan odam yolgʻon soʻzlagan boʻladi. Alloh taolo bandalarni dunyo moliga orzu-havasli, yaxshi yashashga, farovonlikka ishtiyoqli qilib yaratgan. Alloh sizga mol-dunyoni moʻl-koʻl qilib beribdimi, bu Uning sizni mol-dunyo bilan imtihon qilayotgani boʻladi yoki sizga infoq-ehson, xayr-saxovat eshiklarini ochib, savob-ajrlarga erishuvingiz uchun imkon bergani boʻladi.

    Baʼzi kishilar “Bu foniy dunyoga muhabbat qoʻyish, ragʻbat koʻrsatish, pul va boylik yigʻish, bu ishlarni yaxshi koʻrish durust emas, musulmon odam uchun mol-dunyoga intilish, bu yoʻlda kasb-hunarlarni ishga solishning keragi yoʻq”, deyishadi. Bu botil, xato va qabih gaplardir.

    “Ovqat yoʻgʻida ishtaha ham boʻlmaydi”, deganlaridek, pul-moli yoʻqligida atrofidagi odamlarga zohidlikdan, qanoatdan, oz narsaga koʻnishdan tinmay nasihat qilgan, boylik va mol-dunyoni tinmay qoralagan, Allohning marhamati bilan sal oʻtmay boyib ketgach, boyligiga mahliyo boʻlib, insoniy qiyofasini yoʻqotgan kimsalarni koʻp koʻrdik. “Men mol-dunyodan behojatman”, deydiganlarning oʻzlari koʻproq dunyoga mukkalaridan ketishadi, ularning oʻzlari boshqalarning molini talash yoki tortib olish uchun xayolga kelmaydigan aldov va fitnalarni oʻylab topishadi, yengil yoʻllar bilan pul topishga harakat qilishadi.

    Pul topish, ayniqsa halol mehnat, foydali kasb orqasidan boylik orttirish ayb yoki gunoh ish emas, aksincha Alloh va Uning paygʻambari buyurgan xayrli ishlardandir, savob-ajrlarga erishish vositasidir. Faqat dunyoga, mol-mulk toʻplashga qattiq muhabbat qoʻymaslik, uni kerakli joylarga sarflash, bunda baxillikka, isrofga, riyoga yoʻl qoʻymaslik talab etiladi, xolos. Imomi Aʼzamning gʻoyat ibratli bir gaplari bor: “Xayr va ehsonda isrof boʻlmaganidek, isrofda ham hech qanday xayr yoʻqdir”.

    Dinimiz qanoatni taqvoning bir qismiga tenglashtiradi. Taqvo esa nafs vasvasalaridan himoya etadi. Rasuli akram: “Nafs eng katta dushmandir”, deb taʼlim berganlar. Nafsni oʻldirish, uning aytganlariga yurmaslik qanoatning zarur shartidir. Qanoat esa ortiqcha istaklarning kushandasidir.
    Ahmad MUHAMMAD

    Manba: Azon.uz

    » » Istak va nafs