17:25 / 29.03.2019
4 779

Shirin til, labdagi tabassum, koʻzdagi yosh

Shirin til, labdagi tabassum, koʻzdagi yosh
Momolarimiz bir umr bobolarimizni shirin tili, labdagi tabassumi, koʻzdagi yoshi yordamida boshqarib kelishgan. Buni “Alpomish” dostonidan keltirilgan quyidagi parchadan ham bilsa boʻladi:

...Xoʻja kelsa, chiqar murid naziri,
Xotin boʻlmasmikin erning vaziri?!
Er deganning aqlin olmas boʻlurmi?
Aldab-suldab yoʻlga solmas boʻlurmi?

Bu gaplarni turmush koʻrgan tajribali ayol emas, endigina oʻspirin yoshiga oʻtayotgan Oybarchin oʻz onasiga aytgan. Ularda oʻzbek oʻtboshisidagi diplomatiyaning nozik va sirli jihatlari yaqqol namoyon boʻlgan. Oilaviy munosabatlarda azaldan momolarimiz qonida bor boʻlgan bu muomala tarziga bugungi kunda ham amal qilinayotir. Bugun ham tinch, bir-birini ayab yashayotgan oilalarning ayollari oʻzlarini erlariga teng sanamaydi, balki aynan erlarning “yetakchi”ligi, “boshliqligi”ga urgʻu berib, oʻzlariga bildirmay, ularni zimdan boshqarishni uddalay oladi.

Zero, oilaparvar oʻzbek ayoli uchun huquq tengligiga erishishdan koʻra, oʻtboshisi tinchligini taʼminlash muhimroq sanaladi. Jismning ojizligidan qudrat yuzaga keltira olish oʻzbek ayoli maʼnaviyatidagi eng oʻziga xos qirralaridan biridir.

Oʻzbek ayoli maʼnaviyatida soʻzning ahamiyati beqiyosdir. Bobolarimiz bejizga: “Odob boshi til”, deyishmagan. Chunki soʻzda, ayniqsa, ayol soʻzida uning maʼnaviyatidagi deyarli barcha qirralar namoyon boʻladi. Oʻzbek azali soʻzni juda ehtiyot boʻlib, hatto bir qadar qoʻrqibroq ishlatadi. Chunonchi, bizda yomonlikni ifodalovchi soʻzlarning oʻzbekchasi iloji boricha qoʻllanilmaydi. Shuning uchun ham “oʻldi” degan oʻzbekcha soʻz oʻrniga “vafot etdi”, “qazo qildi” kabi arabcha variantlar, “kasal” soʻzi oʻrniga “tobi yoʻq”, “mazasi yoʻq” tarzida maʼnosi yumshatilgan iboralar ishlatiladi.

Negaki, oʻzbekda yomonlikni aniq ifodalovchi soʻz yomonlikning oʻzini boshlab keladi, deb hisoblangan. Shuning uchun ham “boʻri”, “ilon”, “chayon”, “ayiq” singari odamlarga xavf tugʻdirguvchi jonivorlarning oti tilga olinmagan. Ular soʻzlashuvda “jondor”, “chilvir”, “gajakdor”, “polvon” singari muloyim koʻchimli atamalar bilan almashtirilgan.

Oʻzbek ayoli hamisha ham niyatini ochiq aytavermaydi. Dilidagisini pardalab gapirishga urinadi. Buni bosh milliy dostonimiz “Alpomish”dagi bir qator tasvirlarda yaqqol koʻrish mumkin. Chunonchi, qalmoqlarning toʻqson alpi zugʻumida qolgan Oybarchinning Alpomishga yozgan xatida bu holat yorqin koʻzga tashlanadi. Qizning bitgan xati sof oʻzbekcha: “Oltoychalik yoʻlga keldim, toʻqson alpga toytalashda qoldim, olti oyga muhlat oldim, mendan umidi boʻlsa, Alpomish kelsin, boʻlmasa javobimni bersin”. Kichikkina bu maktubda ham xavotir, ham noz, ham iddao, ham istigʻno, ham gʻurur, ham umid, ham koʻngil mayli aks etgan. Oʻzbekning qizi haqiqiy maishiy vaziyat bilan emas, koʻngli holati bilan yashaydi.

Birovga atashtirilgan qiz javobini olmasa, qayerda va qancha boʻlsa ham, oʻzini boshi bogʻliq sanaydi, egali deb biladi. Chunki unga egalisan, deyilgan! Chunki u Yaratganni oʻrtaga qoʻyib soʻz bergan! Oʻzbekning qizi uchun soʻz shunday qudratli kuch hisoblanadi. U “Ha, endi, vaziyat shunday boʻlib qoldi, boshqaning etagini tutishimga toʻgʻri keldi”, demaydi. Deyolmaydi. U oʻzini oʻqilgan fotiha, atashtirilgan odam oldida masʼul sezadi. Ming yilcha oldin yaratilgan dostonda oʻzbek ayolining maʼnaviyatidagi soʻz masʼuliyatini his qilishi, odamning soʻz oldidagi javobgarligini sezishi yorqin koʻrinib turibdi...
Qozoqboy YOʻLDOSHЕV

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Shirin til, labdagi tabassum, koʻzdagi yosh