23:43 / 29.03.2019
4 111

Aslida neʼmatning nimaligini bilamizmi?

Aslida neʼmatning nimaligini bilamizmi?
“Allohning neʼmatlarini sanamoqchi boʻlsangiz, ularni hisoblay olmaysiz” (“Ibrohim” surasi, 34-oyat).
Bir qoʻshnim toʻsatdan ogʻir kasalga chalinganini, uning ayoli yigʻlab-sixtab aytib berdi. Yigʻidan, koʻzlari qizarib ketgan ayolga nima deb taskin berishni bilmasdim. Aytishicha, turmush oʻrtogʻining ikkala buyragi ham ishdan chiqib, peshob tanaga yeyilib ketmoqda ekan. Ayol bechora turmush oʻrtogʻini sunʼiy peshob ajratish muolajasiga olib boradi, bu yogʻi uch farzandning tashvishi. Eri soʻnggi kunlarini yashayotgan boʻlishi mumkinligi yuragiga vahm soladi. Xullas, buyrak beruvchi donor kerak ekan.

Ammo kim ham bunday qahramonlikka koʻnishi mumkin. Yaratgan Rabbimizning mehribonligiga aslo shubha qilib boʻlmas ekan. Shunday ogʻir, oqibati oʻlim bilan tugaydigan dardga Oʻzi shifo berdi. Bemorning ukasi buyragini beradigan boʻldi. Jigari uchun bir buyragidan voz kechdi. Ammo gap bemorning kasalligi, buyrak berilishi va topilishida ham emas. Baʼzan biz Alloh taoloning neʼmatlariga shukur qilishni unutib qoʻyamiz. Peshob chiqarish ham aslida bir neʼmat ekanligini, agar shu ish amalga oshmaydigan boʻlsa, peshob tarkibidagi zaharning hammasi qonga oʻtishini oʻshanda bildim va Yaratganning qudratiga behisob shukrlar aytdim.

Koʻpincha, biz boʻlishi shart, oddiy deb hisoblagan narsalarimiz aslida neʼmatligini bilamizmi? Masalan, chiroq oʻchsa, bir soatga ham toqat qilolmaymiz, lekin koʻcha chirogʻini oʻchirib qoʻyishga erinamiz. Ijara uyimizda bir kungina suv boʻlmasa, toqatimiz toq boʻladi, ammo tomchilayotgan joʻmrakni tuzatishga kelganimizda: “Menga zarilmi, uy egasi tuzatsin”, deyishdan ham tap tortmaymiz. Hayotdan tinimsiz noliydiganlarga shunday degim keladi:

1. Suvingizning bemazaligidan nolimang, dunyoda bir tomchi suvni dollarga sotib olayotganlar bor.
2. Farzandlaridan noliydiganlar, dunyoda qancha odam tirnoqqa zorligini unutmang!
3. Turmush oʻrtogʻidan noliydiganlar, dunyoda qancha odam beva ekan-a?
4. Koʻrinishidan koʻngli toʻlmaydiganlar, dunyoda qancha odam bor, koʻzlari koʻrmaydi, quloqlari eshitmaydi, oyoqlari yurmaydi.
5. Tinimsiz sogʻligidan noliydiganlar, oʻzini kasalga soladiganlar, dunyoda qancha odam tuzalmaydigan kasalga chalingan.

Bu roʻyxatni yana davom ettirish mumkin. Ammo shukr qilishimiz kerak, neʼmatlarini sanasak, adogʻi yoʻq. Shunday ekan, hayotdan noliyvermasdan ibodat va shukr qiluvchilardan boʻlaylik! Yo Alloh, shukr qiluvchilarni sevishini unutmaylik!
Saida Rustam qizi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Aslida neʼmatning nimaligini bilamizmi?