15:57 / 30.03.2019
3 400

“Shangʻilik har qanday soʻzning kuchini qirqadi …”

“Shangʻilik har qanday soʻzning kuchini qirqadi …”
Uy bekasi boʻlgan ayollarimiz soʻzlarni tanlashdagina emas, balki soʻzlash ohangini tayin etishda ham oʻzlariga xos boʻlgan nazokatga amal qilganlari maʼqul. Chunki bir soʻzning oʻzini turli ohangda aytish va turlicha natijaga erishish mumkin. Oʻzbek ayoli imkon qadar xolis ohangda soʻzlashishga intilgani maʼqul. Negaki, qoʻpollik, toʻporilik xunuk koʻringani singari ortiqcha “nazokat”, “shirinlik” ham xushomad kabi tushunilib, gʻashni keltirishi mumkin. Azaldan oʻzbek qizining faqat tili va koʻzi “gapiradi”. Keyingi vaqtda bir yoqimsiz odat ommalashib borayotganini koʻrish mumkin.

U ham boʻlsa, qizlarimizning xuddi chet el kinolaridagi kabi ogʻzi, qoʻli, koʻzi, qoshi, yaʼni butun vujudi bilan gapira boshlashganidir. Bizda ogʻizning kichikligi qiz goʻzalligining yuksak timsoli sanalgan. Qiz bolaning ogʻzini karrakday ochib, butun aʼzolarni oʻynatib soʻzlashi gapining qiymatini pasaytiradi. Suhbatdoshlarning bir-birini tushunishini ogʻirlashtiradi. Chunki barcha muchalarini qimirlatib soʻzlayotgan kishi oʻz ogʻzidan chiqayotgan soʻzlarning maʼnosini keragiday idrok etolmaydi. Zarur soʻzni topib qoʻllashda qiynaladi. Sherigini esa deyarli eshitmaydi deyish mumkin.

Oʻzbek ayoli azaldan pastroq tovushda soʻzlashga uringan. Shangʻilik har qanday soʻzning kuchini qirqadi, taʼsirini pasaytiradi. Chunki baland tovush qargʻaniki kabi yoqimsiz, past ovoz bulbulniki singari huzurbaxsh boʻladi. Ayolning siyratini belgilashda tovushining baland-pastligi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Baland ovoz har qanday soʻzning taʼsirini susaytiradi. Shuning uchun ham bugungi madaniyatli oʻzbek ayoli ovozni balandlatmay, shovqinlamay soʻzlashning hadisini olishi kerak boʻladi. Shunda uning gapi bolalariga ham, yaqinlariga ham yoqimli boʻladi.

Zero oʻzbek ayoli millat tilining jozibadorligini saqlashga ham masʼuldir. Zotan, odamning tabiiy ravishda beixtiyor chiqadigan tili “ona tili” deb ataladi. Oʻz tilining toza, taʼsirchan boʻlishiga birinchi navbatda ona javobgardir. Shuning uchun ham madaniyatli ayol ona tilini yaxshi bilmogʻi, aytayotgan har bir soʻzining maʼnosiga yetmogʻi, ogʻzidan chiqayotgan soʻz millatning oʻziga xosligi, ruhiyati va maʼnaviy qiyofasini shakllantirishga xizmat qilishini yodda tutmogʻi kerak. Soʻzlash madaniyati qolgan barcha madaniyatlarning, kengroq olganda, inson maʼnaviyatining asosidir.

Soʻzga nopisandlik, beparvolik kiyimga, qiliqqa, xatti-harakatga beparvolikdan koʻra zararliroqdir. Chunki kiyinishdagi, qiliqdagi, xatti-harakatlardagi oʻxshovsizlik shu odamning oʻzigagina ziyon yetkazsa, soʻzlashdagi xunuklik ham bolalarga koʻchib oʻtishi mumkinligi, ham boshqalarni yaralash ehtimoli borligi bilan zararlidir. Onaning bilib, oʻrinli va chiroyli gapira olishi, kam soʻz bilan koʻp maʼno ifodalay bilishi oʻz-oʻzidan bolalariga oʻtadi. Shuning uchun ham qizlarning oʻzbekcha-oʻrischani aralash-quralash soʻzlashi uning farosat darajasinigina koʻrsatib qolmay, bolalarining ertasini ham zavolli qilishi mumkin ...
Qozoqboy YOʻLDOSHЕV

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Shangʻilik har qanday soʻzning kuchini qirqadi …”