22:57 / 01.04.2019
3 653

Ota shaʼnini toptagan ogʻir malomat

Ota shaʼnini toptagan ogʻir malomat
Tuni bilan uxlamay, bu yonboshdan u yonboshga agʻdarilib tong ottirgan boʻlsa-da, yostiqdan arang boshini koʻtardi. Butun jismi qaqshab ogʻrirdi. Tashqariga chiqdi. Hamma joy suv quygandek jim-jimjit.

– Hey, qayerdasan?! – U shunday deb baqirdiyu, shu topda kimga, nega jahl qilayotganini oʻzi ham bilmasdi.
– Dadasi... – Xotini oshxonadan oyoq uchida yurib chiqqanday sirgʻalib keldi. Xotinining yuziga ham qaramay yuvinish xonasiga oʻtdi. Boshidan muzday suv quyib, biroz tetiklangan boʻlib, nonushta dasturxoniga oʻtirdi.
– Bolalaring qani ?
– Oʻqishiga ketishdi... Qizingiz ichkarida... Nonushta qilmayman, deyapti...
Xotinining qaltirab chiqayotgan ovoziga ham rahmi kelar, ham gʻashi qoʻzirdi.
– Ichkarida nima qiladi, uyiga qachon qaytarkan?!
– Dadasi... – Xotini yigʻlamsiragan tovushda soʻz boshlab “qilt” etib yutindi. – Qudalaringiz soʻrab kelishmayapti-ku...
– Kelmaydi ham! – U zahrini xotiniga sochib baqirdi. – Kutmalaring quda-pudangni! Kelmaydi baribir! Senlarga boshidan aytgandim, bu odamlarning koʻzi ochga oʻxshaydi, bunaqa toifadan xayr topib boʻlmaydi, deb. Unday deding, bunday deding, oʻz bilganlaringdan qolmading. Ana oqibati. Olti oyda toʻrt marta qizing arazlab keldi. Turmush bunaqa boʻlmaydi. Oʻlsa oʻligi oʻsha uydan chiqadi, tamom-vassalom!..

Choyini ham ichmay, jahl bilan yuziga fotiha tortib oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Darvozadan chiqishga chiqdiyu, bir muddat qayerga borishni bilmay turib qoldi. Bugun dam olish kuni. Hamma oilasi bagʻrida, kimdir mehmon kutgan, birov mehmonga borgan, kimdir hafta davomida toʻplanib qolgan ishini ado etish bilan mashgʻul. Yana birov yakshanbani televizor tomosha qilib, divanda yonboshlab gazeta varaqlash bilan oʻtkazayapti. Faqat u uyiga sigʻmaydi. Hozir koʻchada ham sarosar yuribdiyu, yoʻlidan birov chiqib qolishidan, kimgadir roʻpara kelishdan choʻchiyapti. Birov tugul, shu onda hatto oʻzidan ham uyaladi, u. Bir koʻngli kuyovining, erkak qudaning oldiga borib erkakchasiga gaplashmoqchi ham boʻldi. Biroq... Uyaldi. Toʻydan oldingi qizi bilan kuyovining “tomosha”lari, nikoh kunidagi qilgʻiliklari koʻz oldiga kelib qudasiga, kuyoviga roʻpara kelishga yuragi dov bermadi.

Unashtiruvdan keyin ertalablari qizi yasan-tusan, pardoz-andoz qilib uydan chiqib ketayotganiga bir-ikki koʻzi tushgan edi. “Hadeb unashtirilgan yigit bilan uchrashishi yaxshi emas”, deb ichida gʻashlangandiyu, qiziga ham, xotiniga ham indamagan edi. Nikoh bazmida, oʻshanda qizidan qayerga ketayotganini soʻrab-surishtirmagani uchun pushaymon qildi. Bazm oʻrtasiga borib toʻyxonada chiroqlar oʻchdi. Hayron boʻlib, sababini bilish uchun toʻyxona maʼmuriyatiga uchramoqchi boʻlgan ham edi, xotini uni kulib qaytardi:

– Dadasi, chiroq oʻchmadi, oʻzlari oʻchirishdi. Hozir hamma toʻyda shunaqa qilishadi-ku? Haligi, nimaydi, ha “Lav stori” boʻlarkan...
– Nima deganing u? – Lav storining nimaligi xayolining chetiga ham kelmay, xotiniga qorongʻuda qattiq tikildi.
– Yoshlarning toʻydan oldingi uchrashuvlari suratga tushirilgan, hozir oʻsha suratlar mehmonlarga koʻrsatiladi...
– Nima deyapsan?! ؘ– Uning gʻazabi qaynadi. – Toʻyga kelganlar uchun qizing bilan kuyoving uchrashuvining nima keragi bor?!
– Dadasi, axir, hozir hamma toʻyda shunaqa qilishyapti-ku!? Bu urfga aylangan. Unashtirilgan yigit-qiz toʻygacha suratga tushib, foto albom qiladi. Toʻy kuni shu suratlar mehmonlarga katta ekranda koʻrsatiladi...
– He oʻsha urfingni...

Shu payt katta ekran yorishib unda qizi bilan kuyovining suratlari koʻrina boshladi. Birida ikkovi qoʻlini yurak shakliga keltirishga uringan, dumbaga oʻxshab qolgan. Bir suratda kuyovi qizini quchoqlab tushgan, boshqasida qizi yigitning pinjiga tiqilgan... Uning nafasi qaytib, boshiga ogʻriq kirdi. Koʻzlaridan olov chiqayotgandek yuzi yonar, xuddi hamma qoʻlini bigiz qilib uni koʻrsatgancha, “Ana, sharmanda qizning otasi shu!” degandek boshini egib, bukchayib qolgandi. Sharmisorlik tomoshasi ancha payt davom etdi. Uning koʻzi suratlarda ediyu, hushi oʻzida emasdi. Yonida oʻtirgan katta ekranda termulib qizining behayoligini gʻururlanib tomosha qilayotgan xotiniga nimadir demoqchi boʻlar, lekin ovozi chiqmay, boʻgʻziga taxir tugun tiqilgan edi. Yigitlar qiyqirib hushtak chalar, qizlar uvillashib chinqirar, kattalar qarsak chalar, u esa qoʻllarini bilan boshini changallab, “Boʻldi, toʻxtatinglar”, demoqchi boʻlardi. Hartugul chiroq yondi. Endi ekranda toʻy sahnalari koʻrina boshladi. Toʻsatdan xotinining koʻzi unga tushdi:
– Dadasi, tuzukmisiz?
Xotiniga nafrat bilan tikildi va dedi: “Qiz tugʻmay oʻl! Qiz uzatmay oʻl! Meni bugun tiriklay yerga kirgizdilaring!..”

Xotini hech narsaga tushunmay anqayib turaverdi. Biroz oʻtgach, bundan ham sharmandali holat yuz berdi. Afsuski, uni ham toʻxtatishga kuchi yetmadi. Avval qizi bir toʻp dugonalariga orqa qilib guldasta otdi. Dugonalari qiyqirib-talashib guldastani ilib olishdi. Keyin yana chiroqlar oʻchdi. Toʻyxona xizmatchilari shamdonlarni yoqishdi. Yuragini jangallab, odamlar koʻz oldida yana qanday sharmandalik boʻlarkin, deya oʻtirgan edi, bir payt kuyov bilan qizi davraga qoʻltiqlashib tushdi?! Shu payt yer yorilsayu, u kirib ketsa! Koʻzi tinib ketdi. Kelin-kuyov qoʻltiqlashib oʻyinga tushayapti, yigit-qizlar qiyqirib, ularni olqishlab irgʻishlayapti. U esa, mana shu sharmandalikni hamma qatori tomosha qilib oʻtirdi...

Birinchi marta qizi arazlab kelganida, xotini shikoyatu qargʻishni boshlagandi, ogʻziga urdi:
– Nikohi qiyilmagan yigit bilan qoʻltiqlashib rasmga tushgan, toʻy kuni oʻzini tiyolmay sakrab-sakrab oʻynagan qizing, er uyiga bormasdan oldin oʻzini qiymatsiz qilib boʻlgan edi! Endi ovozingni oʻchir! Toʻy kuni meni tiriklay yerga tiqding ikkovlashib, endi ursayam-soʻksayam qizing oʻshalarning oyogʻi ostida xor boʻlib yashayversin! Qizingga aytib qoʻy, har kuni boʻgʻchasini qoʻltiqlab uyimga kelavermasin! Sen esa, qudalaringni gʻiybat qilib, mening boshimni qotirma!..

Oʻshandan beri toʻrt marta qizi arazlab keldi. Bu gal qornidagi homilasini ham oʻylamay haydab yuborishibdi. Xotini qoʻrqa-pisa, qudagʻayning: “Endi qaytib kelma, oʻgʻlimga boshqa qizni olib beraman!”, deb dagʻ-dagʻa qilganini aytdi. Xotinining diydiyolarini eslab, yuragi sanchib ogʻridi. Oʻzini beqadr qilgan, oʻz hurmatini bilmaganni birov qadrlamaydi, hurmat qilmaydi. Toʻydan oldin togʻu toshlarga, mehmonxona restoranlarga borib foto albom qilgan, nikoh bazmida kuyov bilan oʻyinga tushgan kelinni qaynona hurmat qilarmidi? Qizining shunchalikka borishida uning ham aybi bor. Qizi unashtirilgan yigiti bilan suratga tushishdan hayo qilmabdimi, demak, u – otasini hurmat qilmaganidan!

Nikoh bazmida hammaning koʻzini oʻziga qaratib, otasi, akasining koʻz oldida tortinmay, “Ana, koʻrib qoʻyinglar, men erga tegyapman”, deb oʻyinga tushdimi, demak, qizi otasidan hayiqmagan. Hurmat majburan undirilmaydi. Hurmatga erishiladi. Munosib boʻlinadi. Madomiki, qizi uni hurmat qilmagan ekan, onasi uzatilayotgan qizining qilgʻiliklarini bila turib, “Otang bilsa ikkimizni ham oʻldiradi! Bu ishni toʻxtat!”, demagan ekan, bu – uning aybi. Endi aybini tan olib, xatosini oʻzi isloh qilishi kerak. Vaqtida tuzatilmagan xato ortidan katta koʻngilsizliklar yuzaga chiqadi. Nima boʻlganida ham, qizining oilasini saqlab qolishi kerak. Shunchasiga tomoshabin boʻlib turganidek, qizining oilasi buzilishini ham tomosha qilib oʻtirsa, ertaga yana kimga jabr boʻladi? Yana kim oʻrtanadi? Kimning boshi quyi solinadi?

Hammasi oʻziga boʻladi. Buyogʻiga hushyor turishi kerak. Kimdir past ketishi, oʻzini qurbon qilishi kerak boʻlsa, u oila boshligʻi, ota boʻlib qizining baxti uchun gʻururini qurbon qiladi. Oʻzining gʻoʻrligi, oilasiga eʼtiborsizligi uchun oʻzini oʻzi jazolaydi. Toki bu jazo unga bir umrlik saboq boʻlsin! Ota beparvo boʻlgan oilaning ahli ayoli sharmanda boʻladi, degan haqqiqatni oʻgʻillariga uqtirish uchun bosh egishga tayyor turishi kerak. Axir egilgan boshni qilich kesmaydi, deyishadi-ku. Hozir qudasinikiga borib, qudalari, kuyovi bilan gaplashadi. Har qanday holatda vaziyatni yumshatib, qizini oilasiga qaytaradi. Ota uchun, “Qizi erdan qaytib kelgan”, degan malomat juda ogʻir. Bu malomatni eshitganidan koʻra, qudalarining poyiga bosh urmoq yengilroqdir...

U xayolidan kechgan oʻylardan ruhlanib, tomogʻiga qadalgan achchiq tugunni yutdi-da, dadil qadamlar bilan olgʻa yurib ketdi...
Umida ADIZOVA

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ota shaʼnini toptagan ogʻir malomat