08:30 / 02.04.2019
3 326

“Juftimizning qalbini his qilardik”

“Juftimizning qalbini his qilardik”
Bu gal jon-jonimdan oʻtib ketdi. Odam farzandining tugʻilgan kunini ham unutishi mumkinmi? Yolgʻizgina bolasining tavalludini unuttiradigan qanday muhim ish boʻlishi mumkin? Men-ku, mayli, oʻgʻlim... Ertalab, “Bugun ertaroq keling, Behruzning tugʻilgan kuni. Shu ish oʻlguringiz bir kun qolsa qolibdi”, deb ogohlantirgan edim. Ataylab qilganday yana kechga qoldi. Oʻgʻlimga xuddi qoʻngʻiroq qilayotganday koʻrsatib, telefonni qulogʻimga olib borib, “Javob bermayaptilar” deb qoʻyyapman. Qoʻngʻiroq qilsam, nima deyishini bilaman: “Men ham oʻynab oʻtirganim yoʻq, ishdaman, ish koʻp!” Bolaginam, “Dadamga qoʻngʻiroq qiling” deb javdirayverib, oxiri uxlab qoldi. Dadasini kutaverib, tugʻilgan kuni uchun tayyorlagan tortim ham koʻziga koʻrinmadi, bir oy internet saytlarini titkilab retseptini topib pishirgan ovqatimga ham qiziqmadi.

Yurak-bagʻrim oʻrtandi; bu odam masʼuliyatsizmi yoki bemehrmi? Qishloqdan ota-onam kelishganida ham shunday qilgan edi. Topgani: “Nima qilay, ishim koʻp-da! Bilasan-ku, uyimizning boshlangʻich toʻlovini ishxonam toʻlagan. Qoʻshimcha ish chiqib qolsa menga yuklashadi, yoʻq deyolmayman...” Topgani shu bahona. Qachon eʼtirozga lab ochsam, shu gap bilan ogʻzimga uradi. Roʻzgʻorning bozar-oʻchari, kommunal toʻlovlarni navbatda turib toʻlash, mehmon kutish, qishloqdan shaharga ish bilan keladiganlarni kutib olish-kuzatish, kasalxonaga boradigani bilan doʻxtirma-doʻxtir yurish, bolasining oʻqishi uchun kelganlari bilan shahar ichida izgʻish va albatta, bu orada ishga qatnash, ishlash hammasi mening zimmamda.

Baʼzan jon-jonimdan oʻtib ketib “zamonaviy uyda yashamay men oʻlay, qaytanga ijarada yashayotgan paytlarimiz yaxshi edi, shu uyga koʻchdik-u, ayolligimni unutdim!”, deb alam bilan yozgʻiraman. “Noshukr”ga chiqadi nomim. Uyi boshida qolsin, ertagayoq bolamni olib chiqib ketaman! Bolasi uygʻonmasdan chiqib ketib, uxlayotganida ishdan qaytadigan, oʻqishi, tarbiyasi, muammosi bilan qiziqmaydigan otaning oʻgʻlimga keragi yoʻq. Bunday masʼuliyatsiz, toshbagʻir odam bilan yashamayman!..

Xoʻrligim keldi. Bolaginam qoʻl urmagan dasturxonu noz-neʼmatlarni yigʻishtirib joy-joyiga qoʻydim. Dadasining odatini yaxshi bilganim uchun mehmon taklif qilmagan edim. Janob ishli odamning ishi bolasidan ham muhim! Alamim toshib, bir necha bor telefonga qoʻl choʻzdim. Gʻazabimni smsda sochib qutulmoqchi edim. Qoʻlimni tortdim. Nafratimga ham arzitgim kelmadi. Ovozsiz yigʻladim. Oʻzim uchun yigʻlamayman. Qadr-qiymat talashmayman. Bolam uchun oʻkindim. Otasi boʻla turib, otasi bilan bir uyda yashab, ota mehriga zor oʻsayotgan oʻgʻlim uchun oʻksindim.

Eshikdan kirgan zahoti yuzing-koʻzing demay nafratimni sochib-sepmaslik uchun biroz chalgʻishim kerak. Televezorni yoqdim. Xayolim tarqoq, ekrandagi tasvirlar koʻzimga xira koʻrinib, ovozlar uzuq-yuluq eshitilyapti. Chiroylikkina jurnalist qiz nuroniy chol-kampir bilan suhbatlashayapti, chogʻi.

– Baxtli turmushning siri nimada, momojon? – Boshlovchi qiz onaxonga savol berdi. Kampir choliga bir qur jilmayib qaradi-da, savolga dona-dona javob qaytardi:

– Baxtli turmushning sirini bilmayman-ku, qizim, bizning paytimizda singan narsalar taʼmirlanib, yana foydalanilardi. Sindi, deb axlatga tashlab yubormasdik. Biz ham arazlardik, lekin voz kechmasdik. “Meni hech kim tushunmaydi!”, deb iddao qilmasdik. Juftimizning qalbini his qilardik. Haq boʻlishni emas, baxtli boʻlishni afzal bilardik. Bizga shunday oʻrgatishgan edi...

Yuzim uyatdan lov-lov yonib, chap koʻksimga havo yetmayotgandek boʻgʻilayapman. Eshik qoʻngʻirogʻi ustma-ust bosilyapti. Yurib emas, sudralib borayotgandekman. Erimdan avval velosipedga koʻzim tushdi. Bolaginam bir yildan beri shu velosipeddan olib berishimizni aytib iltijo qilardi.

– Behruz qani? Uxlab qolmadimi? Shu bugun shu velosipedni olib kelmasam oʻzimni kechirolmasdim. Bunaqasi faqat Sergelidagi doʻkonda bor ekan, ishdan chiqib borgunimcha, Behruz istaganidan topgunimcha vaqt oʻtib ketdi-da. Ha, mayli, ertalab oʻgʻlim bir quvonadi-da, inshaalloh!..

Yigʻlab yubormaslik uchun koʻzlarimni katta-katta ochib, lablarimni qattiq tishlab oldim...
Umida ADIZOVA

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Juftimizning qalbini his qilardik”