09:28 / 02.04.2019
4 092

“Dunyoga toʻymadim, bir havas qoldi”

“Dunyoga toʻymadim, bir havas qoldi”
Choyxona soʻrisida oʻtirgan 55-60 yoshlardagi kishi yoniga kelib oʻtirgan, koʻrinishidan oʻzi tengi doʻstiga jahl bilan gapirdi.
– Yana biroz kelmasang shamol joʻnatmoqchi edim.
– Aziz bey, inson doʻstini ham shunday qarshilaydimi?

Aziz bey oʻrnidan turib, oʻrtogʻi bilan quchoqlashib koʻrishgach, yana oʻsha ginali ohangda gap boshladi:
– Ahmad bey, meni bir necha soat kuttirishing toʻgʻrimi?
– Yaxshigina keksayganman, bilaman. Lekin bir necha soat degani nimasi? Avtobus kutib qoldim. Bu ham yetmaganday tirbandda turib qoldik.
– Boshqa avtobusga chiqmabsan-da!
– Meni yana ranjityapsan.

Aziz bey dimoq-firogʻini koʻtaradigan doʻstiga achchiq qilishda davom etdi:
– Xafa qilyapmanmi? Aslida xafa boʻlgan men-ku! Uchrashaylik, bir choymi, qahvami ichaylik degan oʻzing, tagʻin kechikkan oʻzing.
– Boʻpti. Bir ayb ish qilibmiz-da! Unutaylik endi.
– “Unut” emish. Adabiy suhbat qurmoqchi edik, sheʼrlar oʻqimoqchi edik. Shu kayfiyat bilan oʻqi, oʻqiy olsang! Havasni ham oʻldirding.
– Azizim Aziz, kayfiyatni buzadigan narsalarni unut! Toʻxtat bu mavzuni, yetar. Atrofinga qara, gullar ochilgan, qushlar sayrayapti, shabboda yuzimizga urilmoqda. Zavqlan, hozir qahvachidan iltimos qilaman, sen yaxshi koʻradigan qoʻshiqning kuyini qoʻyib qoʻyadi. Shu uch kunlik dunyodan yana nima istaysan?

Gapini tugatib, qahvachini ishora bilan chaqirdi. Odatdagi ishorani qabul qilgan qahvachi, bu ikki keksa kishini har hafta koʻrishib turishini, qadimiy kuy-qoʻshiqlar tinglab, sheʼrlar oʻqib suhbat qurishini bilardi. Uzoqdan ularning nozik tortishuvini koʻrgan qahvachi oʻz-oʻziga “Aziz bey yana gʻazabda. Sokinroq qoʻshiq qoʻyish kerak” deya shivirladi.

Qahvachining karnayidan, “Sen mening eski emas, eskirmagan doʻstimsan”, qoʻshigʻi quloqlaridan kirib ruhiga yoyilar ekan, Aziz bey ovoz ohangi hovuridan tushganini bildirsa-da, ginali soʻzlarini davom etdi:
– Seni kayfiyating yaxshi, chunki sen kutmading-da, kuttirding.
– Qara, dilimni ogʻritaversang, keyingi safar yana kech kelaman.
– Ana! Yana bir tahdid! “Yana kech kelaman”mish!
– Qizishma darrov, hazillashdim. Endi hech qachon kech kelmayman.
– Kelaver menga desa.
– Umuman kelmayman...
– Qara-da, qara, kelma-da, koʻr, qani yuzingga qararmikanman!

Ahmad bey kulimsiragancha Aziz beyning jahlidan zavqlanib, tortishuvni davom ettirdi.
– Sababi Aziz, bir hikoya yozayapman. Menimcha, bu kecha yozib tugatsam kerak. Seni toliqtirishni istamayman. Ammo keyingi uchrashuvimizda, sening hikoyamga munosabatingni bilishim kerak.
– Sen mening eng nozik nuqtamni bilasanmi?
– Tez jahling chiqishini hisobga olmasa, oʻzi yomon odam emassan.
– “Odam emassan”dan avval vergul bormi?
– Yoʻq, yoʻq unday emas. Yana janjal chiqarasanmi?

Aziz bey kuldi:
– Hazillashdim. Sen hazillashsang yaxshi, meniki yomonmi? Xoʻsh, bugungi sheʼr oʻqishni boshlamasdan bir qarorga kelaylik, chorshanba koʻrishamizmi yo payshanba kunimi?
– Chorshanba kasalxonaga borishim kerak. Payshanba kuni uchrashamiz.
– Boʻpti. Ammo kechika koʻrma. Rishtalarni uzib tashlayman.

Ahmad bey yana kuldi:
– Uzsang uzaver, men ham seni ishsiz qoʻymayman. Yangi rishtalar bogʻlayman. Senday keksaning doʻstsiz qolishiga koʻnglim rozi boʻlmaydi.
– Kulaver-chi, kul. Hikoyang yaxshi chiqmasa bunday kulolmaysan. Kichkinagina xatoingni ham yuzinga solaman. Seni osmondan olib yerga otaman.
– Qadrdon doʻstlarmiz insof qil!
– Unday boʻlsa, qoʻy bularni. Yuzing oʻsha kungacha kulaversin! Yangi sheʼrlarni oʻqi!
Ahmad bey portfelidan bir daftar chiqarib, oʻqishga tutindi.
Nima qoldi?
Qalbimda yoshlikdan bir sado qoldi
Dunyoga toʻymadim, bir havas qoldi.
Naylasam, nima qilsam, behuda
Olmoq qolmadi, berar soʻng nafas qoldi...
Shu tariqa bir-birlari bilan sheʼrlar oʻqigancha vaqt oʻtkazishdi. Oshomga yaqin xayrlashdi.
*** *** ***
Soʻngi adabiy suhbatning taʼmi ogʻzida qolgan Aziz bey payshanbani intizor kutdi. Eng oxirgi gazeta-jurnallardan bir dastasini koʻtarib, doʻsti bilan har gal uchrashadigan choyxona bogʻiga keldi. Choyxonaga kelgan zahoti yuzi burishdi. Oʻrtogʻi hanuz kelmagan edi. Oʻzi serjahl inson edi, battar jahl otiga mindi.
– Hali kelsin, bu gal haqiqatdan ham qattiq gapiraman.
Besh-oʻn daqiqa kutay deb, battar sabri tugadi.
– Afsus, oʻtgan safar xafa boʻlganimni bila turib yana kechikdi. Aminmanki, yana avtobusni bahona qiladi. Qani kelsin-chi, koʻngil sindirish qandayligini bir koʻrsatib qoʻyaman unga!
Kutdi. Kutaverdi. Soatiga qaradi, yarim soat oʻtganini koʻrib yuzi gʻazabdan qizarindi. Oʻrnidan turdi- ketdi.

Uyga borganida gʻazabidan biror kim yoniga yaqinlasholmadi. Eshikdan kirasolib qattiq ovozda baqirdi:
– Men xonamda boʻlaman. Ahmad qoʻngʻiroq qilsa chaqiring!
– Doʻstingiz Ahmad amakidanmi?
– U endi mening oʻrtogʻim ham, doʻstim ham emas!

Alam bilan xonasiga kirdi. Xonada ham uyoqdan buyoqqa yurar, Ahmad uzr soʻrash uchun qoʻngʻiroq qilganida, aytiladigan gʻazabli soʻzlarni xayolida toʻplayotgandi. Bu orada xonadan chiqadi-da:
– Ahmad qoʻngʻiroq qildimi? – deb soʻraydi. Nevaralari, “Yoʻq, qoʻngʻiroq qilmadi”, deyishsa, “Qoʻngʻiroq qilgan zahoti xabar beringlar”, deb uqtirardi.
Qanchalik kutmasin, Ahmad qoʻngʻiroq qilmadi. Ertasi kuni ham undan bir xabar boʻlmadi.
Avval qoʻngʻiroq qilishga uyalyapti, deb oʻyladi. Ammo ertasi kuni ham qoʻngʻiroq qilmagan edi, yuragida ogʻir bir iztirob his etdi.
– Nomard Ahmad, bir martagina qoʻngʻiroq qilib uzr soʻramadiya. Rishtalarni uzgan sen boʻlding. Afsus, ming afsus...
Ikki kun davom etgan gʻazabi ichini alamli soʻzlarga toʻldirdi. Beixtiyor qoʻli telefonga choʻzildi. Raqamlarni terishni boshladi. Bir tomondan eski doʻsti bilan munosabatining uzilishi boʻgʻzini achchiq alam bilan kuydirayotgan edi.
– Oxirgi soʻzimni gapiraman, Ahmad oxirgi gapimni! Bundan keyin umuman yuzinga qaramayman.

Goʻshakdan kutilmaganda qiz bolaning ovozi eshitildi:
– Alo?
Qizga gʻazabli gapirishdan tiyilib, ovozini yumshatdi.
– Ahmad bey bilan gaplashsam boʻladimi?
Qiz iztirobli ohangda javob berdi:
– Doʻstimisiz?
Chorshanba kuni kasalxonada vafot etdi. Bugun peshin namozidan soʻng “Chanqiri”da dafn etdik...
Ahmad Unal Cham
Turkchadan Umida Adizova tarjimasi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Dunyoga toʻymadim, bir havas qoldi”