08:13 / 03.04.2019
4 979

“Kremlda oʻtgan yillarim”: Ikromov ishi, Stalinning oʻl(diril)ishi, Xrushchev iliqlik davri

“Kremlda oʻtgan yillarim”: Ikromov ishi, Stalinning oʻl(diril)ishi, Xrushchev iliqlik davri
1922–1991. Bir avlod dunyoga kelib, kamolga yetishi mumkin boʻlgan vaqt. Bu fursatda bir davlat ham tashkil topib, “bamaylixotir aylanayotgan Yer kurrasini oʻz oʻqidan chiqarib”, qanday shiddat bilan tuzilgan boʻlsa, xuddi shunday talatoʻp bilan tanazzulga yuz tutishga ulgurdi. Ha, Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi tarixda uncha-muncha kuch oʻchira olmaydigan iz qoldirdi.

Sovet davri haqida oʻqilgan. Koʻp va xoʻp soʻqilgan. Hafsala bilan kulrang boʻyoqlarni chaplab oʻqilgan. “Kremlda oʻtgan yillarim” asarida sovet davri emotsional boʻyoqdan xoli, xronologik tarzda tasvirlanadi. Tarix sahnasida oʻynalgan eng shov-shuvli spektakl uni chetdan kuzatgan tomoshabin tomonidan emas, balki shu (melo)drama personajlaridan birining tilidan hikoya qilinadi. Tor doiralardagina maʼlum boʻlgan axborotlar keltiriladi.

Memuar shaklidagi bu asarda soʻzlovchi oʻzi bevosita guvoh boʻlgan, ishtirok etgan siyosiy jarayonlarni hikoya qiladi. Ular faktlar va raqamlar bilan asoslanadi.

Uch kitobdan iborat memuar asarning muallifi Nuriddin Akramovich Muhiddinov (1917-2008) Oʻzbekiston sovet sotsialistik respublikasining siyosiy hayotida muhim rol oʻynagan shaxs. KPSS Markaziy qoʻmitasi sekretari (1957-1961), Oʻzbekiston kompartiyasi Markaziy qoʻmitasi birinchi sekretari (1955-1957), KPSS Markaziy qoʻmitasi Prezidiumi aʼzoligiga nomzod (1956-1957), OʻzSSR Ministrlar Soveti rahbari (1951-1953, 1954-1955), Toshkent viloyat kompartiyasi birinchi sekretari (1950-1951) kabi lavozimlarda faoliyat koʻrsatgan.

Trilogiyaning birinchi qismida Ikkinchi jahon urushidan Xrushchev iliqlik davriga qadar boʻlgan yillar tasvirlanadi. Bunda uch asosiy voqea diqqatni tortadi.

“Xalqlar otasi”ning oʻlimi
Levitan 1953 yil 5 mart kuni Iosif Vissarionovichning “oʻz ajali bilan vafot topgani”ni eʼlon qiladi. Xalqlar otasining oʻlimi tarixiy manbalarda shu boʻyicha muhrlanadi. Muhiddinov esa bu fikrni shubha ostiga qoʻyadi.

“Vaqt tushga yaqinlashib qolgan boʻlsa ham Stalinning xonasidan chiqmayotganidan xavotirlangan xizmatchilar Beriyaga qoʻngʻiroq qiladi. U oʻzi Blijnaya dachaga yetib borgunga qadar hech qanday chora qoʻllamaslikni, hech kimga xabar bermaslikni tayinlaydi... Va kechga boribgina Malenkov bilan kirib keladi...”

Muallifning keltirishicha, ogʻir ahvolda yotgan Stalinning yotogʻida shifokorlar bilan birga boʻlgan xizmatchilardan birining yozganlari haligacha ochiq qolgan: “Shifokorlar qanaqadir kuchli ukol qilishdi. Stalinning tanasi qattiq silkindi. Oradan 10 daqiqa oʻtdi. Keyin bemor chuqur nafas oldi va joni uzildi...”

Eng ahamiyatlisi, Stalin xonasidan chiqmagan kun – 1 martdan bir kecha avval, 28 fevral tunini u Beriya, Malenkov, Xrushchev va Bulganin hamrohligida oʻtkazgan. (Turli ziddiyatli fikrlar kesishadigan ushbu voqea haqida Edvard Radzinskiyning “Stalin” asarida maʼlumot olish mumkin). Muhiddinov farazlarni aniq tahlil etishdan bosh tortib, memuar asarida Stalinning oʻlimidan koʻra, uning merosini boʻlib olish qizgʻin kechganini batafsil hikoya qilib beradi.

Ikromov nomining oqlanishi
Kitob avvalida muallif Buxarin, Rыkov, Xoʻjayev, Ikromov kabi siyosiy arboblar “xalq dushmani” sifatida ayblangan sudda shaxsan ishtirok etganini taʼkidlaydi hamda Oʻzbekiston kompartiyasi birinchi sekretari Akmal Ikromovning oʻzini oqlab soʻzlagan nutqini keltiradi: “Men koʻp xatolarga yoʻl qoʻydim, lekin hech qachon xalqqa, partiyaga, oʻrtoq Stalinga dushmanlik qilmaganman. Partiya manfaatlari yoʻlida qoʻlimdan kelganicha harakat qildim. Agar hayotim saqlansa, Vatanga sadoqatimni isbotlayman”.

Bu nutqni oʻz qulogʻi bilan eshitgan muallif kalavaning uchini topishga harakat qiladi:
“Oʻsha daqiqadan beri bu voqeaga izoh izlayman. Masalaning tagiga yetish mening chekimga tushgandek his qilaman oʻzimni”.

Ammo bu ishni Ikromov otilgan 1937 yil sanasidan ancha keyin, shaxsga sigʻinish barham topa boshlagan 1956 yilga kelibgina amalga oshiradi. Bosh prokuror Rudenko va Muhiddinovning bu boradagi qizgʻin muhosabasi asarda keltirilgan. Ikromov nomi esa tiklanadi.

Akmal Ikromov ishi misolida Stalin muallifligidagi “nishonga olish, «kerakli” hujjatlarni yigʻish, ish ochish, hibsga olish, tergov qilish, aybini boʻyniga qoʻyish, sudlash, otuvga hukm qilish, “mehri toblansa”, borsa-kelmas tomonlarga surgun qilish» koʻrinishida aʼlo darajada amal qilgan algoritm mexanizmi ochib beriladi.

Xrushchev iliqlik davri
Stalin vafotidan keyin “taxt daʼvogari” bir muddat topilmadi. Asar muallifining taʼkidlashicha, bunda “uloq”ni qishloq xoʻjaligidan xabardor, Stalin oʻlimidan keyin quyi rahbarlar bilan koʻp muloqotda boʻlgan, butun SSSR boʻylab safarlarni kanda qilmagan Nikita Sergeyevich Xrushchev ilib ketdi. Koʻp vaqtini xonada oʻtkazgan, gapga noʻnoq, lekin strategik rejalarni puxta tuzgan Georgiy Maksimilianovich Malenkov Stalindan keyingi shaxs sifatida mamlakatda obroʻ qozongan boʻlsa-da, u elita ichki kurashida yengildi.

Marshal Jukov nomini oqlab, harbiylarni oʻziga ogʻdirgan, shu bilan birga Davlat xavfsizlik qoʻmitasi va Ichki ishlar komissarligi boshini birga tutgan Lavrentiy Pavlovich Beriyani siyosiy maydondan quvib chiqqan Xrushchev “dohiy” davrida ildiz otgan stereotiplarni kutilmagan tarzda oʻzgartirib yuboradi. U shaxsga sigʻinishni fosh etadi.

Hech kim bilan maslahatlashmay qabul qilingan qarorlar, kompartiya prezidiumi yigʻilishida shaxsga sigʻinish va uning oqibatlari haqida soʻzlangan nutq, hamtovoqlari Beriya, Bulganinni oʻyindan siqib chiqarish kabi harakatlar iliqlik davrining ilk epkinlari edi. Sobiq “mansabdosh”i Vissarionovichdan farqli ravishda Sergeyevichning suratlari emas, oʻzi xalqning orasiga kirib borgani uning mutlaqo oʻzgacha pozitsiyada ish tutishini koʻrsatdi. U Stalinni bir marta ham Toshkentda jonli koʻrmagan oʻzbekistonlik mehnatkashlar bilan suhbat quradi.

Asarda sovet davlati tasviriga guvoh boʻlgan kitobxon oʻz-oʻzidan real vaqt va real makondagi holat bilan solishtiradi. Soni bor-u, sanogʻi yoʻq, funksiyasi mavhum instansiyalar, maʼmuriy buyruqbozlik, “hujjatbozlik sindromi”, faktlarni soxtalashtirish, siyosiy doiralarda manfaatli tarzda amalga oshiriladigan rakirovkalar kabi voz kechilishi mashaqqatli kechilayotgan prinsiplar kimdan qay tarzda meros boʻlib qolganini oʻquvchi tushuna boshlaydi.

Masalan, viloyat rahbarlarini saylagan partiya aʼzolari rasmiyatchilik uchun tadbirbozlik bilan shugʻullangani, aslida har qanday nomzod Moskva izni va istagi bilan lavozimga tayinlangani ayon boʻladi. Yoki parlament vazifasini oʻtagan partiyaning syezdlariga qoʻyilgan har qanday masala avvaldan tor doirada muhokama etilgani, qarorlar qabul qilingani oshkor etiladi.

Muallif hikoya qila turib, jarayonlardagi oʻz ishtirokiga ham alohida toʻxtalib oʻtadi. Akmal Ikromov nomining oqlanishi, oʻzbek milliy sanʼatining jonlantirilishi, oʻzbek xalqining mukofotlanishi, Fanlar Akademiyasi faoliyatidagi oʻzgarishlar kabilarda muallif “men”i ajratib koʻrsatiladi. Ochigʻi bu oʻrindan muallifning fikriga qoʻshilishga majburman: Oʻzbekiston Sovet davlati tarkibida erishgan yutuqlarni ham unutmaslik, fandagi rivojlanishni haqqoniy qayd etish kerak.

Asarda sovet davriga oid voqealar silsilasi detallargacha tasvirlanadi, baʼzi nuqtalarda esa darsliklarda oʻzgartirib talqin etilgan tarixiy hodisalar panoramasini boshqa rakurslardan ham koʻrsatadi. Xullas, sovet davri tarixiga qiziquvchilar uchun tavsiya etiladi. Biz esa bu trilogiyaning Oʻzbekistonda chop etilmagan qolgan qismlarini izlashda davom etamiz...

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Kremlda oʻtgan yillarim”: Ikromov ishi, Stalinning oʻl(diril)ishi, Xrushchev iliqlik davri