"Jannatni ko‘rgan qo‘g‘irchoqlar..."

  • 06 aprel 2019, 09:30
  • 1 072
  • Hayot tarzi
  • "Jannatni ko‘rgan qo‘g‘irchoqlar..."
    Qizalog‘ini yetaklab dalaga ishlash uchun ketayotgan ayol yo‘l chetidan yurib borardi. Ari uyasiday, yigirma to‘rt soat qatnov shiddatli bo‘lgan bu yo‘l uch yil avval uni to‘ng‘ich qizidan ayirdi. Qizining ortidan turmush o‘rtog‘i vafot etdi. Erkak farzand dog‘iga dosh berolmay, go‘dagining hasratida qazo qildi. Biroq hayot davom etadi. Ayolni oyoqda tutib turgan, shu yolg‘on dunyoga bog‘lagan shiringina qizalog‘i bor. Qizalog‘i bilan shu yo‘ldan yurib borardilar. Ayol sho‘rlik farzand dog‘ida o‘rtangani uchun, yo‘l bo‘yi qizchasini qo‘lini qo‘yib yubormas, hatto mahkam siqib qizaloqning jonini og‘ritardi. Qizcha ham bundan shikoya qilmasdi. Chunki bilardiki, onasi uning qo‘llaridan mahkam ushlagani – mehr-shafqat nishonasi.

    Daladagi ishlar uzoq cho‘zilgani uchun ayol goho haddan ortiq charchab qoladi. O‘zi og‘ir ishlar bilan mashg‘ul bo‘lganida, qizchasiga meva terishni aytadi. Qizaloq esa, daraxtlar tagiga tushgan mevalarni terib, idishlarga to‘playdi.

    Bir kuni qizi:
    – Oyijon, – dedi ohista. – Opam bizni nega tashlab ketdi?

    Dala bo‘yida soyasi quyuq tol daraxti ham bor. Ayol daraxt soyasiga og‘ir cho‘karkan:
    – Opang vafotidan bir oy avval tushida jannatni ko‘ribdi, – dedi. –Shundan keyin u yerga ketishni istadi. Jannatni ko‘rganlar bu dunyoni xushlamaydilar.

    Qizaloq bu gaplarni onasidan ko‘p eshitgan. Ammo dunyo ham unchalik yomon emas. Agar uning bir qo‘g‘irchog‘i bo‘lsa-ku...
    – Opamning qo‘g‘irchog‘i bor edi, – dedi ohista. – Menda esa yo‘q...

    Qizaloq qo‘g‘irchoq ham opasi bilan birga ketganini, endi qo‘g‘irchoq olishga pullari yetmasligini bilardi. Uyoq-buyoqdan kelgan rezina qo‘g‘irchoqlar yoqimsiz hidi bilan qizaloqning ko‘nglini ozdirib yuborgan edi. Toshqo‘g‘irchoqlar ajoyib edi, biroq dalada ishlab topganlari qorinlariga zo‘rg‘a yetadi. Ammo baribir qo‘g‘irchoq orzusidan voz kechish qiyin.

    Ona qizalog‘ini quvontirishni istardi. Agar qo‘shni dalalardan ish topolsa, masalan choy yoki bodom yig‘ishga yordam bersa qo‘g‘irchoqqa uch kunda pul topiladi. Lekin qo‘shimcha ishga vaqt topolmasligidan qo‘rqib, qizini umidvor qilmaydi. Qizalog‘ining boshini silab:
    – Kim biladi, – dedi. – Balki opang jannatdan qo‘g‘irchoq jo‘natar senga?

    Qizaloq bu gaplarni eshitib juda sevindi. Lekin qo‘g‘irchoq jannatdan kelmagani yaxshiydi. Agar u yerdan kelsa, bu qishloqda yashashni istamaydi. “Dunyoda yaralgan” qo‘g‘irchoqni istardi qizaloq.

    Qizaloq shu umidda yo‘lida davom etarkan, to‘satdan allanima e’tiborini tortdi. Dala bilan yo‘lni bir-biridan ajratib turgan maysalar ustida nimadir tushib qolibdi. Qiziqish zo‘ridan unga yaqinlasharkan, hayratdan tilchasini yutib yuborishiga sal qoldi. Tushlarida ko‘rganidan ham chiroyli toshqo‘g‘irchoq unga tikilib turar, lekin negadir tinimsiz yig‘lardi.

    Qizaloq o‘zini to‘xtatolmay:
    – Buni opam jo‘natgan! – deya qiyqirdi. – Opam, Jannat qo‘g‘irchog‘ini yuborgan.

    – Qizaloqning onasi yo‘ldan o‘tgan taksining orqa oynasidan o‘ramga o‘xshagan nimadir tushganiga ko‘zi tushgan bo‘lsa-da, shu topda uni chiqindi xaltasi deb o‘ylagan edi. Lekin hozir qo‘g‘irchoq haqida gapirar ekan, uning shundoq yonlariga kelib tushishi tasojid emasdi. Shuning uchun ham qo‘g‘irchoq ularga nasib qilishi mumkin edi. Qizaloq qo‘g‘irchoqni ovutishga urinar ekan, ayol yo‘lga qaradi. Biroz avval o‘tib ketgan avtomashina, yo‘lning cheti bilan ohista ortiga qarab yurdi va mashinadan tushib qolgan qo‘g‘irchoqni qaytib olishdi. Qizaloq ham nima bo‘lganini tushundi. O‘zgacha mashina edi, ohista ular tomonga kelgan. Rangi atirguldek qip-qizil. Mashina yaraqlagan, g‘ildiraklari ham yerdan bir qarich yuqorida turgandek edi. Qop-qora oynalari ortidan ichkaridagi odamlarni ko‘rish imkoni yo‘q.

    Qizaloqning diqqatini boshqa bir narsa tortdi. Yarmi ochiq orqa oynadan uzun va jingalak sochlar ko‘rindi. Orqada qizaloq bilan chamasi tengdosh bo‘lgan bir qizcha o‘tirar, qo‘g‘irchoq hech shubhasiz uniki edi.

    Avtomashina ona-bolaga yaqinlashib to‘xtadi. Quloqni qomatga keltiruvchi musiqa sadolari eshitilardi. Lekin orqa o‘rindiqda o‘tirganlar ko‘rinmasdi. Qizaloq qo‘g‘irchoqni yana bir marta o‘pib, orqa oynadan ko‘ringan qo‘lga uzatdi. Egasining quchog‘iga kirgan qo‘g‘irchoqning yig‘isi bir tugma bilan bosilib, boshqa tugma bilan zavqli kulgiga do‘ndi.

    Oynasi yopilgach, qizil avtomashina yo‘lga tushdi. Ayol qizalog‘ining ko‘ziga qarashdan cho‘chirdi. Uning mahzunligiga toqat qilolmas, qizchasi tabassum qilmagunicha jilmaymasdi. Ona qizachasini bag‘riga bosganida:
    – Oyijon! – dedi yana ohista. – Jannatni ko‘rgan qo‘g‘irchoqlar ham bu dunyoni xushlamas ekan-a?..
    Junayd Suavi
    Turk tilidan Umida Adizova tarjimasi

    Manba: Azon.uz

    » » "Jannatni ko‘rgan qo‘g‘irchoqlar..."