08:00 / 11.04.2019
3 374

Qaltis niyat...

Qaltis niyat...
Onamning qo‘shni viloyatga kelin bo‘lib ketgan bolalikdagi yaqin dugonalari bor ekan. O‘sha xola biz tomonlardagi qarindosh-urug‘larini ko‘rish uchun kelganida, onam ayolimga tansiqroq ovqat buyurib, dugonalarini uyga taklif qildilar. Ikki dugona anchagacha yoshlik xotiralarini eslab, hasratlashib o‘tirishdi. Mehmonning hurmati o‘zaro suhbatlaridan so‘ng, men ham ularning yonida bir oz o‘tirdim. Gap orasida mehmon ayol onamga qarab:

– O‘rtoq, Allohga shukur, to‘rt bolamni ham uyli-joyli qilib tinchidik. Endi dadasi ikkimiz topganimizni o‘zimizga sarflab, nevaralarning to‘y-tomoshasiyu, tug‘ilgan kunlariga sovg‘a-salom qilib yuramizda, – dedi.

– Yaxshi. Buyursin, piru badvlatlikda hayot kechiring, – dedi onam astoydil dugonasi uchun xursand bo‘lib. Keyin havas bilan dugonasiga termulib:

– Endi pochcham bilan haj ziyoratiga boringlar. Farzandlar oldidagi qarzdan qutilibsiz, buyog‘ini toat-ibodatda, farzandlaringizni duo qilib, Allohning farzlarini bajarib yashanglar,- dedi. Mehmon ayolning birdan tusi o‘zgardi:

– Hajga borib nima qilamiz, dugonajon? Undan ko‘ra pensiyalarimizni yig‘ib dadasi ikkovimiz sanatoriyalarda dam olganimiz yaxshi emasmi? Davolanamiz, sog‘ligimizni tiklaymiz... – Ayolning gaplaridan etim junjikib ketdi. Ko‘z qirim bilan onamga qaragandim, ularning ham lablari titrab, hatto ko‘zlariga yosh keldi... Onam dugonasiga bergan maslahatiga eshitgan javobidan xijolat chekayotgandilar, chog‘i. Shundan keyin oraga sovuq jimlik cho‘kdi va bir muddatli qovushmagan navbatchi gap-so‘zlardan keyin dasturxonga fotiha o‘qildi.

– Bu dugonangiz bilan salom-alikni ham yig‘ishtiring, oyijon. Qalbi juda zanglab ketibdi. Xafa bo‘lmangu, shu xotin qadam qo‘ygan hovlidan farishtalar uchib ketadi, Alloh asrasin. Shunchalik ham ko‘ngli kir bo‘ladimi kishini... – Shunday dugonasini darvozagacha kuzatib kelgan onamni xijolatchilikdan chiqarishga urindim.

– Qo‘y bolam, qalb qattiqlashishi ham Allohdan. Tavba degin. Undan ko‘ra bunday insonlarga tavfiq, iymonu insof berishini so‘rash kerak Yaratgandan... – Shu-shu onamning o‘sha tanishlari haqida uyimizda hech qanday gap bo‘lmadi. Gohida o‘sha xotinning uyimizga kelganiyu, onamning haj haqidagi gaplariga bergan javobi esimga tushsa, qo‘rqinchli tush ko‘rgandek seskanib ketardim. Oradan olti oylarcha vaqt o‘tib, dadam rahmatlining qazo qilgan kunlari munosabati bilan uyda ehson dasturxoni yozdik. Mahalladoshlar orasida haligi onamning bolalik o‘rtog‘ining qarindosh-urug‘lari ham bor edi. Ehsondan keyin onamning qayg‘uli yuz ifodasi sababini so‘radim. Onam biroz xijolatlangandek bo‘lib:

– O‘g‘lim, Farg‘onaga borib kelsam, degandim... – dedilar. Ularga jon deb olib borishimni, faqat nima maqsadda, qayerga borishimizni so‘ragandim, yana ming istihola bilan, bundan bir necha oy avval uyimizga mehmonga kelgan ayolga ishora qilib “Falonchixon xolangning mazasi yo‘q ekan, olti oydan beri to‘shakka mixlanib qolgan ekan...” dedilar. Garchi dilim g‘ashlangan bo‘lsa-da, onaginamga e’tiroz bildirlmadim va Farg‘onaga yo‘l oldik.

Betob ayol yotgan xonaga kirdik. Avvaliga dimog‘imga urilgan qo‘lansa hiddan ko‘nglim behuzur bo‘lib, lablarimni qattiq tishlab oldim. Keyin istar-istamas salom berdim. Onam ko‘zlariga yosh olib dugonalari bilan ko‘rishgan bo‘ldilar. Ayol hatto bo‘ynini ham ko‘tarolmaydi. Olti oy ichida salkam to‘qson kilolik xotin o‘n yashar boladek ozib, po‘sti ustixoniga yopishib qolgan. Bolalari hamshira yollashgan ekan, har zamonda dori-ukolidan xabar olib turibdi. Bemor nimalardandir javrab, yozg‘irib- nolib yotgan joyida dunyoni qarg‘ishga ko‘mib yotibdi. Onam uning hadeb taqdiriyu, dardidan malollanishi yoqmaganini ochiq aytishga iymanib:

– Dard berganiga ham shukr deng, aylanay, dard bergan shifo berishga ham qodir. Dardingizdan Allohdan shifo so‘rang. Laa illaaha illallohu Muhammadun Rasululloh, deb kalima qaytaring, – deb har qancha urinmasalar, bemorning tili hech onam aytgan jumlalarga bormadi. Boshqa gap-so‘zlarni, nolishu yozg‘irishlarni bemalol javrayotgan ayol, hatto dardiga Allohdan bir og‘iz shifo so‘ray olmadi. Iymon kalimasini keltira olmadi...

Bemor yotgan xonada ortiq qololmadim. Onamga ularni tashqarida kutishimni aytib, eshikka otildim.

Tashqarida mashinamga suyangan kuyi bemor biznikiga mehmonga borganida aytgan gaplarini esladim. O‘shanda onam unga haj amallarini ado etish uchun yaxshigina fursatga ega bo‘lganini aytganlarida, u davolanishini, sanatoriyalarda davolanib, sog‘lig‘ini tiklashini aytgandi. Niyati juda qaltis ekan. Niyatda ehtiyot bo‘lish kerak ekan... Ayolning qaltis niyati bunchalik tez amalga oshadi deb o‘ylamagandim... Ko‘zlarimdan tirqirab yosh chiqib ketdi... Yo, buyuk qudratingdan, Allohim...
Umida Aziz

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qaltis niyat...