21:23 / 11.04.2019
13 309

Qo‘ziqorin haqida siz bilmaganlar…

Qo‘ziqorin haqida siz bilmaganlar…
Qadim zamonlardan buyon odamlar ovqatlanish hamda kasalliklarni davolash maqsadida qo‘ziqorindan foydalanib kelishgan. Lekin qo‘ziqorinning foydasi va zararli xususiyatlarini o‘rganish ishlari XX asrga kelib boshlangan. Dunyoda qo‘ziqorinlarning 100 mingdan ortiq turi mavjud. O‘zbekistonda qo‘ziqorinning 100 dan ortiq turi o‘sadi. Shundan atigi 25 turigina iste’molga yaroqli, ya’ni zaharsiz hisoblanadi.

Qo‘ziqorin quritilgan, qaynatilgan, qovurilgan, tuzlangan, marinadlangan ko‘rinishda iste’mol qilinadi. O‘rmon hududlarida yashaydigan mamlakatlarda qo‘ziqorinni hatto xomligicha iste’mol qilish usullarini o‘rganib olishgan.

Antibiotik sifatida ishlatiladigan penitsillin dorisi qo‘ziqorindan olingan. Bugun ham bu o‘simlik ekstrakti farmatsevtikada keng qo‘llaniladi.

O‘zida gelvelat kislotasi mavjud zamburug‘lar, jumladan, veshanka va shampinon kabilarni oldin suvda qaynatib, so‘ng bemalol turli taomlar tayyorlab iste’mol qilish mumkin. Madaniy sharoitda yetishtirilgan qo‘ziqorinlar sanitariya-epidemologiya xizmati laboratoriyalarida tekshiruvdan o‘tkazilib, zararsiz deb topilgandan keyingina sotuvga chiqariladi. Odamlar o‘zi bilar-bilmas terib olgan qo‘ziqorinlarni ovqatga ishlatishdan ehtiyot bo‘lishi kerak.

Qo‘ziqorinlarning foydali xususiyatlari juda ko‘p. Misol uchun, bu mahsulot immunitetni mustahkamlashga hissa qo‘shadi. Ulardagi letsetin moddasi tomirlarni tozalash va xolesterinni kamaytirishga yordam beradi, aterosklerozning oldini oladi.

Qo‘ziqorin tarkibida biologik antibiotik moddalar bor. Shu sababdan farmakologiyada undan tabiiy antibiotiklar tayyorlanadi. Shuningdek, shampinonlardan olingan birikmalar yiringli yaralarni davolashda, govorushka nomli turidan olingan dorivor moddalar sil kasalligiga qarshi preparatlarda ishlatiladi. Yomg‘irdan keyin chiqadigan (dojdevik) qo‘ziqorinlar ekstraktidan tayyorlangan surtmalar kesilgan, timdalangan jarohatlarni davolashda yaxshi samara beradi.

JIGAR UChUN FOYDASI
Tarkibidagi RR vitamini qon hosil bo‘lish jarayonida muhim rol o‘ynab, tomirlar devorini mustahkamlaydi. Bu vitamin qo‘ziqorinda mol jigaridan ham ko‘proq.

Qo‘ziqorin, ayniqsa, jigar uchun eng zarur mahsulot sanaladi. Organizm mineral moddalar hamda V va S vitaminiga ehtiyoj sezganda iste’mol qilish tavsiya qilinadi.

Qo‘ziqorin asab tizimi uchun ham foydali bo‘lib, ortiqcha hayajon va ziqlikdan xalos qiladi. Iste’molga yaroqli zamburug‘larni me’yorida iste’mol qilish aqliy qobiliyatni kuchaytirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ortiqcha vazndan qutulmoqchi bo‘lganlar dastlab o‘zida qo‘ziqoringa allergiya yo‘qligiga ishonch hosil qilishi, keyin parhezshunos maslahati asosida haftasiga 2 marta ovqatlanish ratsionga kiritishi tavsiya qilinadi. Chunki u ochlikni tez qondiradi va uzoq vaqt to‘q tutadi. Qo‘ziqorin tanada radioaktiv moddalarni to‘plamaydi, aksincha, ularni organizmdan chiqarib yuboradi.

Oq qo‘ziqorin teri, soch va tirnoqlar salomatligini yaxshilashga ko‘maklashadi. Shuningdek, qalqonsimon bez faoliyati buzilishining oldini oladi.

Shampinon deb ataluvchi qo‘ziqorinlar shifokorlarning ta’kidlashicha, bosh og‘rig‘ini davolashda samara beradi.

Oyster nomli qo‘ziqorinlar immunitetni ko‘tarib, inson organizmini har xil kasalliklardan himoya qiladi. Bu xususiyat ular tarkibidagi RR vitamini bilan bog‘liq.

Shiitake qo‘ziqorinlari inson salomatligi uchun juda foydali hisoblanadi. Yaponiyada ulardan saraton va boshqa o‘sma kasalliklarining oldini olish hamda davolash uchun qo‘llaniladi.

Xitoy tabobatida qo‘ziqorin qadimdan saraton va diabet xastaliklari bilan kurashishda, qon aylanishini faollashtirish, ichaklarni tozalash maqsadlarida ishlatilgan.

Mazkur mahsulot oshqozonda kraxmalli taomlarni parchalashga ko‘maklashadi. Rus xalq tabobatida yurak-qon tomir kasalliklarida foydaliligi tan olingan. O‘rta Osiyo tabiblari qoldirgan yozuvlarda, ayniqsa, Ibn Sino manbalarida qo‘ziqorinlar qondagi yomon xolesterin miqdorini pasaytirishi, tomirlardagi tiqilmalarni ochishi aytib o‘tilgan. Zamonaviy tibbiyotda ham ularning tabiiy insulin va fermentlarga boyligi aniqlagan, shu bois qandli diabet kasalligida juda yaxshi ozuqa bo‘lishi aytiladi.

ZAHARLANIShDAN SAQLANING!
Qo‘ziqorinning foydali jihatlari ko‘p bo‘lgani bilan ular iste’molida ehtiyot bo‘lish talab etiladi. Birinchidan, zaharli turlari, ikkinchidan, ekologik jihatdan noqulay sharoitda o‘sgan va konservatsiyalash jarayonida to‘g‘ri tayyorlanmagan qo‘ziqorinlarni iste’mol qilish inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi.

Tibbiyot amaliyotda shunday holatlar bo‘lganki, ayrim hollarda zaharsiz deb hisoblangan qo‘ziqorinlardan zaharlanish holatlari ham kuzatilgan. Jumladan, yo‘llar bo‘yidagi, kimyoviy zavodlar yoki kimyoviy moddalar saqlanadigan omborxonalar yaqinidagi hududlarda o‘sgan, yesa bo‘ladigan qo‘ziqorin turlarini ham iste’mol qilish yaramaydi. Chunki qo‘ziqorinlar atmosfera havosi, suv va tuproqdagi zaharli kimyoviy moddalarni o‘ziga tez singdirib olish xususiyatiga ega. Shuning uchun ba’zida iste’molga yaroqli qo‘ziqorinlardan zaharlanish holatlari ham uchrab turadi.

Respublikamizda o‘sadigan qo‘ziqorinlarning ham bir qator turlari zaharli hisoblanadi. Ular tarkibidagi zaharli moddalar qaynatilganda yoki qovurilganda ham saqlanib qoladi. Umuman, qo‘ziqorin hazmi murakkab, hammaga ham to‘g‘ri kelavermaydigan yegulik hisoblanadi, shuning uchun tanovul qilishda mutaxassis maslahatiga tayanish kerak. Qo‘ziqorin iste’molidan so‘ng qandaydir noxushlik sezilsa, tezlik bilan shifokorga murojaat qilish shart.

Foydali maslahatlar:
Uch yoshdan kichik bolalar, qo‘ziqoringa allergiyasi bor kishilar bu mahsulotni iste’mol qilmasligi lozim.

Qo‘ziqorinli taomlarni no‘xat va don mahsulotlari, spirtli ichimliklar bilan aralashtirib yeyish tavsiya etilmaydi. Bunda hazm qilish bilan bog‘liq me’da-ichak muammolari kelib chiqishi mumkin.

Homilador va emizikli ayollarga, yosh bolalar, shuningdek, oshqozon-ichak trakti faoliyati buzilgan bemorlarga qo‘ziqorinli taomlar hamda salatlarni iste’mol qilish tavsiya qilinmaydi.

Qo‘ziqorinni iste’mol qilishdan avval, albatta, yaxshilab yuvib, tozalab, qaynatish yoki maydalab, qovurish kerak.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qo‘ziqorin haqida siz bilmaganlar…