21:53 / 15.04.2019
3 177

Keksalikka qadar tishlarni sog‘lom saqlab qolish yo‘llari

Keksalikka qadar tishlarni sog‘lom saqlab qolish yo‘llari
Tishlarimizning taqdiri bir qarashda avval boshidan ma’lumdek: sut tishlari chiqadi, ularning o‘rnini doimiylari egallaydi, ular ham vaqti-soati kelganda to‘kilib ketadi... Tishlarning sog‘lom qolishi yoxud tez zararlanib, tushib ketishi merosiylikka, tabiiy sharoitga, ovqatlanishga hamda hayot sifatiga bog‘liq.

EcoNet nashri bu algoritmdan biroz qochib, tishlarni chuqur keksalikka qadar sog‘lom saqlab qolish mumkinligini e’tirof etmoqda. Axir soch, tirnoq muntazam o‘sib boradi, jarohatlar bitadi. Demak, tishlar ham ushbu qoidaga bo‘ysunadi, deb ta’kidlanadi maqolada.

Tish himoyasining birinchi qatlami inson organizmidagi eng mustahkam to‘qima bo‘lmish emaldir. Emal aslida o‘zgartirilgan epiteliydir. U 96–98 foizga mineral moddalardan, 2–4 foizga organik unsurlardan tarkib topadi. Tibbiy nuqtai nazardan olganda, risoladagidek emal fil suyagi rangida bo‘lib, xira yaltirashi lozim. Tish ortiq darajada oq bo‘lsa, bu mineral almashinuvi buzilganidan darak berishi mumkin; o‘z navbatida, sadaf rangdagi emal anemiyadan, sariq — jigar xastaligidan yoki nikotin suiiste’molidan, jigar rang — immunitetning buzilishi yoki oshqozondagi patologiyadan dalolat.

Emal ostida tishning asosiy moddasi — dentin joylashadi. U qurilishiga ko‘ra suyakka yaqin, ammo undan ancha mustahkamdir. Tish dentini bo‘yincha va ildiz qismida suyakka o‘xshagan o‘ta qattiq qoplama — sement bilan himoyalangan. Lekin bu himoya qo‘rg‘oni qanchalar baquvvat bo‘lmasin, asosiy dushmani — vaqt oldida ojizdir. Tishlarni saqlab qolish uchun hayotni qo‘llab-quvvatlashning universal mexanizmi — regeneratsiyani ishga tushirish talab etiladi.

Tish emalini qayta tiklaydigan narsalar: sabzi, lavlagi, karam sharbatlari, bug‘doy kepagi.

Yaxshi bilamizki, vaqt o‘tishi bilan vayron bo‘lgan uy o‘z-o‘zidan tiklanib qolmaydi. Bunga kuch, vaqt va mehnat sarflanadi. Tishlarni tiklashda ham bu omillar muhim o‘rin tutadi. Faqat tirik jongina qayta tiklanishi mumkin.

Qayta tiklanishning asosiy shartlaridan biri “hayot markazi” deb atalgan regeneratsiya markazidir. Tishni oziqlantiradigan va qayta tiklaydigan bunday markaz “pulpa” deb ataladigan asab tolasidir. Qon tomirlari va asablar tishning tirikligini qo‘llab-quvvatlaydi, uni zarur moddalar hamda axborot bilan ta’minlaydi, eskirgan unsurlardan tozalaydi, “chaqirilmagan mehmon”lardan himoya qiladi, tishning ehtiyojlaridan miyani boxabar etadi. Pulpa — tishning organizm bilan aloqa markazi. Shu tufayli tish to‘qimalarini qayta tiklash uchun asab tirik bo‘lishi lozim.

Zararlangan tishlarning qayta tiklanishi uchun oziq moddalar uzluksiz yetkazilishi lozim. Bular — glyukoza, aminokislotalar, fermentlar, vitaminlar, mikroelementlar, ya’ni kalsiy ionlari, ftor, fosfor, kremniy. Pulpaning qon tomirlari orqali tishning barcha to‘qimalari tomon maxsus kanallar — moddalarni tarqatish yo‘llari o‘tadi.

Lekin pulpa tishni oziqlantirishning yagona manbai emas. Emal, dentin, sement singari qattiq moddalar ham og‘iz bo‘shlig‘idagi glyukoza, aminokislotalar, vitaminlar, kalsiy ionlarini so‘rib olishga qodir. Bu moddalar tish qatlamlaridan o‘tib, pulpaga singadi.

Tish o‘ziga zarur oziq moddalarni biz tanovul qilayotgan ovqatdan olishi mumkin. Shuning uchun ovqatni yaxshilab chaynash, tishlarni ko‘proq yuvish va shifobaxsh moddalar bilan chayish tavsiya etiladi. Tishlarga oziq moddalar yetib borishiga kamida ikki daqiqa talab qilinadi.

Ammo bu prinsip vayronkor moddalarga nisbatan ham amal qiladi: kislotalar, shakar va mikrob toksinlari ham yuqorida ta’riflangan yo‘l bilan tishga so‘riladi. Aytaylik, shakar nafaqat xavfli kislotalar ishlab chiqaruvchi bakteriyalarning sevimli yemishi, balki organizmga o‘zlashish asnosida tish qurilishidagi eng muhim moddalardan biri — kalsiyni tortib oladi. Shakar misolida barcha moddalar tishlarga qanday yo‘llar bilan ta’sir o‘tkazishi mumkinligini ko‘ramiz: bevosita, og‘izdagi ovqat orqali, va bilvosita — qon orqali. Qonning tozaligi hamma organlarning sog‘ligini ko‘rsatuvchi muhim belgidir. Bu, o‘z navbatida, tishlarning sog‘ligida aks etadi. Qadimda kelin yoki kuyov bo‘lmishning sog‘lig‘ini tekshirishda uning tishlariga e’tibor qaratilgan.

Qon va so‘lak tishlarni tozalabgina qolmay, zararli va zaharli moddalardan bartaraf etadi. Tishlarni tozalash xususiyatiga ega mahsulotlar sirasiga mevalar va sabzavotlar kiradi, birinchi navbatda — olma, sabzi, lavlagi va karam.

Meva-sabzavot so‘lak ajralishini ko‘paytiradi va bu bilan tishning o‘z-o‘zini tozalash jarayonini qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, yangi mevalarda bakteriyalarni yo‘q qiluvchi fitonsid moddalar mavjud.

Mevali daraxtlar va butalarning (nok, bodrezak, chetan, qorag‘at, chakanda) novdalaridan, sabzavotlarning (sabzi, selderey) poyasidan to‘laqonli tish cho‘tkasi sifatida foydalanish mumkin.

Buning uchun novdaning ikki uchini tishlab, yumshatish talab etiladi. Yumshatilgan chetlar cho‘tka vazifasini bajaradi. Bitta mana shunday tabiiy “cho‘tka” 2–3 marta ishlatiladi.

Rim patritsiylari tish tozalashda tuxum po‘stlog‘i va maydalangan suyaklarni asal, atirgul gulbarglari, yong‘oq va mirra bilan aralashtirib tayyorlangan maxsus kukundan foydalangan.

Qonda va ovqatda tishni tiklash uchun zarur moddalarning mavjud bo‘lishi, tishlarni zararli moddalardan tozalash va ta’mirlash ishlarini o‘tkazish tizimining yo‘lga qo‘yilishi muhim bo‘lsa ham, buning o‘zi yetarli emas. O‘z vaqtida va o‘rnida ta’mirlashni o‘tkaza oladigan “malakali mutaxassis”ning ham bo‘lishi talab etiladi. Bunday hujayralar odontoblastlar deb ataladi. Ushbu quruvchi hujayralar tishning yaqin “qarindoshi” — suyaklarda ham mavjud bo‘lib, osteoblastlar deya nomlanadi.

Hayoti davomida suyaklar doimiy ravishda o‘zini qayta qurib boradi: eski to‘qimalar qayta ishlanib, organizmga kalsiy va fosfor yetkazib beradi, yangi to‘qimalar hosil bo‘ladi. Bu kabi muntazam o‘zgarishlar tishning qattiq to‘qimalariga ham xosdir.

Quruvchi hujayralar pulpaning tashqi qatlamida “yashaydi”. Ular pulpani tishning qolgan to‘qimalari bilan bog‘laydi. Maxsus kanallar orqali zararlangan to‘qimalarga qayta tiklovchi moddalar yuboriladi. Hujayralarning bir qismi halok bo‘lsa ham, pulpada har doim zaxira hujayralar bo‘ladi va ular keragida quruvchilarning o‘rnini egallaydi.

Quruvchi hujayralar tishni qayta tiklash strategiyasi va taktikasini bolalik davridan — sut tishlari hamda ularning o‘rnida doimiy tishlarni shakllantirish ko‘nikmalaridan o‘zlashtirgan: dastavval hujayralar tish to‘qimalarini yumshoq holda yaratadi, so‘ng, unga mustahkamlik bag‘ishlash maqsadida, karkasiga mineral tuzlar, asosan — kalsiy fosfatini singdiradi. Tish uzil-kesil shakllantirib bo‘linganidan keyin hujayralar tishlarning sog‘lig‘ini asrash borasida qayg‘uradi.

Shu tariqa, ayrim mualliflarning e’tirof etishicha, kariyesdan omon qolish mumkin. Bunday fenomenni Tibetdagi ibodatxonalarga tashrif buyurgan italiyalik stomatologlar kuzatgan edi. Ular tekshirgan 150 rohibning 70 foizi tish og‘rig‘i nimaligini bilmas, qolganlari esa juda kam hollarda kariyesga duchor bo‘lgan edi.

Buning sababi rohiblarning ovqatlanishidagi o‘ziga xosliklarda edi. Tibet rohiblarining an’anaviy taomnomasiga arpali non, qo‘tos sutidan bo‘lgan sariyog‘, Tibet choyi kiradi; yoz mavsumida bular qatoriga sholg‘om, kartoshka, sabzi, guruch qo‘shilib, shakar va go‘sht chiqarib tashlanadi.

Kariyes tishlarga zarar yetkazib bo‘lgan taqdirda nima qilish kerak? Bu holda uni to‘xtatish va hatto jarayonni ortga qaytarish mumkin. Stomatologlar kariyesning o‘z-o‘zidan bartaraf bo‘lishini, zararlangan to‘qimalar tiklanishini, bunda tishning qayta tiklangan qismi to‘qroq tusga kirishini ko‘p kuzatgan. Gap shundaki, quruvchi hujayralar aniqlangan zararni bartaraf qilish va tishni qayta tiklashda shu tish yaratilishida amal qilgan ketma-ketlikdan foydalanadi.

Agar kariyes uzil-kesil g‘alaba qozongan, tishdan hech narsa qolmagan bo‘lsa-chi? U holda protez qo‘yiladi yoki...

E’tirof etilishicha, yangi tish o‘sib chiqishi ham mumkin ekan. U “tishlarning uchinchi marta almashishi” deb ataladi va o‘ta keksa yoshdagi insonlarda kuzatiladi. Odamda tishlarning uchinchi avlodi murtaklari mavjud emas, lekin hamisha navqiron to‘qimalar qoldiqlari saqlanadi, ular kutilmaganda, noma’lum sabablarga ko‘ra o‘zlarining vazifasini “esga oladi” va tishga aylanish borasidagi salohiyatini muvaffaqiyat bilan amalga oshiradi.

AQShning Texas shtatidagi ilmiy-tadqiqot markazida bir guruh olimlar doktor Makdugal boshchiligida tish to‘qimalarini (emal va dentin) ishlab chiqaruvchi maxsus hujayralarni o‘rganib chiqdi. Aniqlanishicha, ularning ishlab chiqarilishiga javob beradigan genlar faqat tish shakllanishi vaqtida faollik ko‘rsatadi, keyin esa “o‘chib” qoladi. Olimlar bu genlarni yana “yoqib”, to‘laqonli tish o‘stirishga muvaffaq bo‘ldi (hozircha organizmda emas, probirkada).

Albatta, tish protezlash amaliyoti yaqin orada jiddiy o‘zgarishlarga uchrashidan umid qilib bo‘lmaydi. Tish o‘stirish amaliyoti keng tarqalishiga kamida 20 yil bor.

Baliqlar, amfibiyalar va o‘rmalovchilarning ko‘pchiligida umr davomida tishlar almashib boradi. Nahanglarda bunday holat minglab marotaba qaytalanadi: sinib qolgan old tishlarning o‘rnini keyingi qatordagilari egallab boradi.

Nega unda regeneratsiya salohiyatiga ega inson tishlari yemiriladi va qayta tiklanmaydi? Nega emal va dentin yosh o‘tishi bilan yo‘qolib boradi, o‘tkazuvchi kanallar oziq moddalarni o‘tkazmay qoladi, “o‘lik yo‘l”ga aylanadi, qon ta’minoti yomonlashadi, quruvchi hujayralar halok bo‘ladi, qolganlari esa tish to‘qimalarini noto‘g‘ri shakllantiradi?

Tishlarning yemirilishiga sabablar ko‘p. Unga qarshi kurashishning yagona yo‘li — yemirilish kuchiga qarshi kurashish. Buning uchun boshqa kuch — qayta tiklanish kuchiga murojaat etmoq lozim. Bu kuchni chaqirishda insonning bilimi va ishonchi muhim omil bo‘ladi.

Manba: Sof.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Keksalikka qadar tishlarni sog‘lom saqlab qolish yo‘llari