13:20 / 23.04.2019
3 696

O‘zgalar fikriga tobe ekaningizni ko‘rsatuvchi 10 ta sabab

O‘zgalar fikriga tobe ekaningizni ko‘rsatuvchi 10 ta sabab
Foto: Layfxaker
Xavotirli belgilar o‘z-o‘zingizga beradigan baho, ichki qat’iyat va hayotingiz uchun shaxsiy mas’uliyat olish ustida ishlashingiz kerakligi haqida xabar beradi.

O‘zgalarning ehtiyojlari sabab o‘zingiznikidan voz kechasiz
Agar har doim yordam qo‘lini cho‘zadigan, hech qachon tashlab ketmaydigan, kompaniyaning qalbi va eng yaxshi do‘st qabilidagi obro‘ga ega bo‘lsangiz, bunga erishish siz uchun qay darajada mushkul ekani haqida o‘ylab ko‘ring. Ehtimol, atrofingizdagilar boshingizga chiqib olganini sezarsiz. Chunki atrofdagilarni qutqarish yo‘lida shaxsiy reja va istaklardan voz kechishga tayyorsiz.

Yordam berish – normal va to‘g‘ri holat. Biroq siz haqingizda ijobiy fikrlashlari uchun doimiy ravishda o‘zingizga qarshi borish ham yaramaydi. «Yo‘q» deyishni o‘rganing.

Doimiy ravishda ma’qullashlarini kutasiz
Kimdir maqtamagunicha mehnatingizning natijasidan minnatdor bo‘lmaysiz. Bu ishga ham, kundalik mayda masalalarga ham tegishli bo‘lishi mumkin. Masalan, obrazingiz Instagram’da kam layk to‘plagani uchun kiyimingizni almashtirgani uyga borasiz. Aslida esa o‘z-o‘zingizga beradigan bahoingizni o‘zgalarning ma’qullashi evaziga emas, ob’ektiv ko‘rsatkichlarga asoslanib quring. Masalan, professionalligingiz haqida boshliqning maqtovi emas, xaridlarning o‘sgani ko‘proq ma’lumot beradi.

Sizni qanday ko‘rishni istasalar ana shunday bo‘lishga harakat qilasiz
«Qochoq kelin» filmidagi sahnalardan birida qahramon qiz kuyovga u kabi tuxumdan tayyorlangan taomni yoqtirishini aytgandi. Oxir-oqibat qiz o‘ziga nima yoqishini tushunolmay qoladi.

O‘zgalar fikriga o‘ta tobe kishida vaziyat yanada jiddiyroq tus oladi. Agar o‘zingizni har bir suhbatdoshga moslashtirsangiz, ichki qat’iyat va kim ekaningizni aniqlash vaqti yetdi.

O‘z hayotingiz mas’uliyatini o‘zgalarga yuklaysiz
Bir tomondan bari mantiqiy: atrofdagilar hayotimizga shu darajada ta’sir qilishadiki, aynan ularning so‘zlari va harakatlari muvaffaqiyat va mag‘lubiyatlarimizga sabab bo‘ladi. Biroq bu vaziyatni sog‘lom deb atash mushkul.

Komil shaxs o‘z hayoti uchun mas’uliyatni o‘z bo‘yniga oladi va har bir xatti-harakatini ehtimoldagi xatar va oqibatlar nuqtai nazaridan baholaydi.

O‘zgalarning fikri konstruktiv bo‘lmasa ham uni yuragingizga yaqin olasiz
Siz hammaga birdek yoqadigan dollar emassiz, biroq har qanday ta’na sizni quyushqondan chiqaradi. «Barcha gumanitar yo‘nalishida ta’lim olganlar - ahmoq» qabilidagi gap sizni sevimli ishni tashlab ketish va muhandis bo‘lib ishlashga majbur qilishi mumkin.

Atrofingizdagilar faqat aqlli kishilardangina iborat emas, shuning uchun ularning ayrim fikrlariga e’tibor bermaslik kerak.

Yolg‘izlikdan qo‘rqasiz
O‘zgalar fikriga tobeligingiz sabab shaxsiy ichki yo‘nalishlarni belgilashda murakkab vaziyatga tushib qolasiz. Shuning uchun tashqi muvofiqlashtiruvchisiz qolish sizda xavotir uyg‘otadi.

Shaxsiy fikringizni o‘zingiz uchun ustuvor yo‘nalish sifatida belgilang, ana shunda qo‘rquv hissi yo‘qoladi.

Biror narsani mustaqil bajarishga qo‘rqasiz
Ishdagi muhim loyihani rad etasiz, xobbi yoki biznes uchun g‘oyalarni ortga surasiz. Sizni mag‘lubiyat qo‘rquvi olg‘a boshlamoqda.
Xato qilish – normal holat. Ba’zida muvaffaqiyatga erishish uchun tavakkal qilishga to‘g‘ri keladi.

O‘zgalarning istaklari uchun mas’uliyatni his etasiz
Tobe odam o‘zgalarning istaklarini ham o‘ziniki deb hisoblaydi va ularni oqlamaslikdan juda qo‘rqadi. Mana shuning uchun ham ota-onangizning istagini amalga oshirib, huquqshunos bo‘lasiz, tezkor ravishda uylanasiz, chunki do‘stlaringiz vaqti kelganini aytishmoqda, hatto qahvaxonada ham hamrohingiz nima buyurtma bergan bo‘lsa, ana shuni aytasiz.

O‘zgalarning istaklari – sizning muammoingiz emas.

O‘zga kishining maslahatisiz qaror qabul qila olmaysiz
Ishingiz va yashash uchun mamlakatni almashtirayotganda albatta yaqinlaringizning bu boradagi fikrlari bilan qiziqasiz. Ularning fikri ko‘proq argumentlarni qo‘lga kiritish imkonini beradi. Biroq gap kundalik vazifalar haqida borganida o‘zgalarning maslahatiga ehtiyoj sezish tobelikdan dalolat beradi.

Orqangizdan aytilgan har bir gapni o‘zingizga qarata aytilgan deb hisoblaysiz
Odamlar suhbatlashib, kulganida ular sizni muhokama qilayotgandek tuyuladi. Muhokama va g‘iybatlar – tabiiy. Ularsiz iloji yo‘q. Biroq qanchalik qayg‘uli bo‘lmasin, ko‘pchilikning siz bilan ishi yo‘q.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » O‘zgalar fikriga tobe ekaningizni ko‘rsatuvchi 10 ta sabab