11:43 / 26.04.2019
4 094

«Kelin olganman, cho‘ri emas...»

«Kelin olganman, cho‘ri emas...»
Ozoda opa ko‘chadan kiraverishga suv sepib qo‘yib, u selgigach, eshik oldining u yer, bu yerini supurib-sidira boshladi.

Ikki darvoza naridagi xonadondan bir ayol ko‘chaga chiqib, eshikning kesakisiga suyanib, mushtlangan qo‘lining ikki barmog‘ini iyagiga tirab, ikkinchi qo‘lini birinchisining tagidan o‘tkazib, qotib turardi. U ko‘chaning «kuzatuvchi»si nomi bilan mashhur. Ko‘chaga kim keldi, kim ketdi, nimaga keldi, qaysi eshikka kirib-chiqdi, barchasidan xabardor. Istagan payt so‘rasangiz, qo‘shib-chatib, «to‘liq» ma’lumot berishi mumkin.

Hozir ham bunday turishining ma’nosi bor. U Ozoda opani ko‘chaga soat nechada chiqib, nechada kirib ketdi, necha chelak suv sepib, qayerlarni qanday supurib-sidirdi, hamma-hammasini batafsil bilishi kerak. Chunki u bu haqda kimgadir yetkazadigan bo‘lsa, ishonarli bo‘lishi zarur-da. U o‘rnidan jilmay, gap boshladi.

— Ha, Ozodaxon kelinligingiz esingizga tushib ketdimi, hamma yerni qirib-qirtishlayapsiz, yo mehmon keladiganmi? Kelinposhsha qanilar? Shu ishlarni u qilsa bo‘lmaydimi? Nafaqaga chiqqan bo‘lsangiz, shu yoshga kirib, bunday ishlarni endiyam siz qilasizmi?

— Ey, qo‘shni, nimalar deyapsiz, og‘zim bor deb vaysayverasizmi? Yoshlar o‘qishiga, ishiga borsinmi, oilasiga, bolasiga, osh-ovqatga, kir-chiriga qarasinmi? Bitta kelinga bo‘lar shuncha ish. Mayli biroz damini olsin! Nima, men nafaqaga chiqdim deb, o‘tirib olishim kerakmi? Odam katta bo‘lgani sari harakatda bo‘lishi kerak.

Ko‘cha «kuzatuvchi»si bu gaplarni kutmagan edi, chog‘i.
— Ha, men nima debman? Sizga achinganimdan aytayotgan edim-da, voy-bo‘, keliningiz burun katagidan tushgan bo‘lsa ham. Bo‘pti, gapirmaganim bo‘lsin, menga nima-ya!..

U gapini hali tugatmagan edi, shu payt eshikdan yaqinda tushgan kelin chiqib, uyqusirab:
— Oyi, ichkariga kirib turing, suv sepib olay, — dedida, unga shalop etib suv sepib yubordi.

Ozoda opa buni ko‘rib: «Qo‘shni ikki qulog‘ingiz bilan eshitib oling. Men kelin olganman, cho‘ri emas», deya, ichkariga kirib ketdi.

Qaynona-kelin ikkovlon, avval, bir-birlariga, so‘ngra Ozoda opaning orqasidan qarab qolishdi.
Yoshi ulug‘lar aytishgan: «Quruq qoshiq og‘iz, quruq so‘z quloq yirtadi» deb. Xo‘p topib aytilgan ekan-da.
Bahodir QODIROV

Manba: "Oila davrasida"

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » «Kelin olganman, cho‘ri emas...»