19:23 / 05.05.2019
13 437

"Er quvvatli bo‘lsa, xotin uyatli bo‘lar" yoxud xotinini “reklama” qilayotganlar qachon to‘xtaydi?

"Er quvvatli bo‘lsa, xotin uyatli bo‘lar" yoxud xotinini “reklama” qilayotganlar qachon to‘xtaydi?
Azal-azaldan xalqimiz oriyatli avlodlarni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratgan. Shuning uchun ham kelin tanlash borasida yetti o‘lchab, bir kesilgan. Buni buyuk sohibqiron bobomiz Amir Temur hazratlarining o‘g‘il va nevaralariga nasl-nasabli oila farzandlaridan kelin tanlagani va buni davlat ishi sifatida ko‘targanidan ham anglash mumkin…

– Iya, kuyov o‘ynab ketdimi?
– Kelin ham qo‘shildi-ku! Juda boplab qo‘ydi-ku!
– Qiz juda o‘yinchiga o‘xshaydi-ku! Qoyil-yey, bunaqa tomosha hech kimning to‘yida bo‘lmagan.
– Shu bolaga o‘xshagan ahmoq o‘ynatadi-da xotinini! Boshqa kim o‘ynatardi?! Qancha odam tikilib turibdi...
...Taxminan o‘n yillar ilgari to‘ylarda, kelin o‘yini, endigina urf bo‘lgandi. Men o‘sha paytlar buning ma’nisiga tushunmay, muxlislik qilardim. Ha, nima qipti, o‘ynasa o‘ynabdi, yosh-da, derdim. Lekin tuzukroq razm solsak, bugun bu kulgili “odat” butun jamiyatni qurshab olganiga guvohmiz. Kuyovjo‘ralarning qiyqirishi, dugonalarning baqir-chaqiri, atrofdagilarning shodon qarsaklari kelin o‘yinining “gurkirab-yashnashi”ga eng asosiy sababdir. Bu “urf”ning boshqa ma’nosi yo‘q.

– Masalan, biz taraflarda ota qizi bo‘lmish kelinning to‘yiga bormaydi, – deydi samarqandlik Asliddin Ro‘zimurodov. – Agar shu to‘yda ota qatnashsa, uyatga botadi. Tasavvur qiling, qiz davraning o‘rtasida raqs tushyapti, hammaning ko‘zi unda... Ota kaftida qanddek avaylab-asrab ulg‘aytiradi, orini saqlab himoyalaydi. Demak, qiz ham likkillab, davraning to‘riga chiqib ketmay, qo‘lidan tortsa, o‘ynab ketavermay, otasining ham obro‘-e’tiborini o‘ylashi kerak-ku!

Xalqimizda kelin xonadonga qut-baraka, tozalik, orastalik, mehr-oqibat, fayz olib kelishi ta’kidlanadi. Kelin siymosida ibo-hayo ufurib turishi kerakligi, har turli odamlardan o‘zini tortishi zarurligi aytiladi. “Aqlli xotin – uy ko‘rki...”, “Qutli kelin, qut keltirar”, degan hikmatlar zamirida ham aynan kelinchakning o‘zini tutishi va atrofidagilarga ibrati o‘z aksini topgan. Milliy o‘zligimiz namunasi dostonlarda, xalq ijodiyotida, tariximizning eng og‘ir damlari tasvirlangan asarlarda ayol erkakning nomusi sifatida gavdalantirilgan, yorini himoyalashi zarurligi uqtirilgan. Xususan, “O‘tkan kunlar” romanidagi Kumush personaji haqiqatan sharqona, o‘zbekona kelin timsoli. Uning har bir harakatida ibrat bor.

– Kelin va kuyov munosabatlari hech qachon oshkora bo‘lmagan, – deydi o‘qituvchi Zuhra Umarova. – Ikkovining raqs tushishi, har xil g‘arbona qiliqlar ko‘rsatishi nima maqsadga qaratilgan?.. Xotinining reklamasi uchunmi? Uni kimga, nega reklama qilyapsan? Nima bo‘lgandayam, biz Kumush va Barchinoylarmiz...

Obrazlar eskirmaydi

– To‘ydan keyin jo‘ralar bilan bazm payti olingan videoni ko‘rdik, – deydi Asliddin Xudoyberdiyev. – Erkak kishida rashk bo‘lmasa, “dayus”dan farqi qolmaydi. Kuyovning kelin o‘ynaganidan keyingi holati hech birimizni bee’tibor qoldirmadi. Yer yorilmadi, yerga kirmadi. Kelin bazmidagi sahnalar-ku, mayli, biroz chidasa bo‘ladigan darajada, lekin to‘y bazmidagi qizlar raqsi hozir juda odamlarni xijolatga qo‘yayotir. Rashk iymondandur, deyilganidek, odamlarning hirsli ko‘zlari jufti haloliga tushayotganini anglamayotgan kuyovlarni anglash qiyin...

To‘yni dabdabali o‘tkazish ilinji, albatta, kuyov va kelinni har lahza o‘ylantiradi. Oilaning jamiyatdagi o‘rni dolzarb sanalayotgan bugungi davr yigit-qizlarni yanada sergak yashashga undaydi. Vaholanki, g‘arbda allaqachon oilaning mavqei singan. Bu ming yillar davomida shakllangan milliy an’analarni mensimaslik va oddiy, zamonaviy deb tushunilgan urflar ortidan kelib chiqayotganini har bir kishi chuqur anglab yetmoqda.

– Oilaviy ajrimlar ko‘paygani sabablari ham kelinning yuzi ochilgani, kuyovning oriyatsizligi ortidan kelib-chiqmoqda, – deydi Ulmon momo Boltayeva. – Kelinchakning to‘yda o‘zini qo‘yarga joy topolmayotgandek sakrashi yangi borayotgan uyida qanday qabul qilinadi? Undagi kamtarlik, kamsuqumlik, oddiylik fazilatlari yon-atrofidagilarga ta’sir ko‘rsatishi kerak emasmi? Tilla topgan tentakdek qichqirishi qaynota-qaynonaning hafsalasini pir qiladi. “Er quvvatli bo‘lsa, xotin uyatli bo‘lar”, deb xalqimiz bejiz aytmaydi. Avvalo, yigit kishi xotinini ovoza qilmasligi kerak...
Olimjon Jumaboyev

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » "Er quvvatli bo‘lsa, xotin uyatli bo‘lar" yoxud xotinini “reklama” qilayotganlar qachon to‘xtaydi?