Qadr kechasini qanday o‘tkazamiz?

  • 21 may 2019, 00:20
  • 3 089
  • Hayot tarzi
  • Qadr kechasini qanday o‘tkazamiz?
    Alloh taologa beadad hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va ularning ahli oilalari, sahobai kiromlarga cheksiz salotu salomlar bo‘lsin!

    Muborak Ramazon oyida shunday kecha borki, u Qur’oni Karimda “Ming oydan afzal” deya ta’riflanadi.

    Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazonning boshqa kunlaridan ko‘ra so‘nggi o‘n kechayu kunduzda toat-ibodatga qattiq kirishganlar.

    Mo‘minlar onasi Oysha roziyallohu anho Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan Qadr kechasini Ramazonning so‘nggi o‘n kunligi ichidagi toq sonli kunlardan izlash haqida hadis rivoyat qilganlar.

    Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Qadr kechasini fazilatiga ishongan holda va savobini faqat Allohdan istab toat-ibodat bilan o‘tkazsa, oldingi gunohlari kechiriladi” deya marhamat qiladilar.

    (Abu Hurayra roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Buxoriy, Muslim)

    Bu muborak kechani munosib tarzda, Alloh rozi bo‘ladigan solih amallar bilan o‘tkazish uchun ayrim tavsiyalarimizni siz bilan bo‘lishishni lozim ko‘rdik.

    1. Alloh uchun dunyo ishlaridan orom olamiz.
    Hayotda ko‘p narsalar uchun vaqt topamiz, nega endi Alloh va uning roziligi uchun vaqt topmasligimiz, quvvat yig‘masligimiz kerak? Qadr kechasidan bir necha kun oldin o‘zingizga dam bering. Saharlik va iftorlikda hazmi yengil ammo quvvatli yeguliklardan iste’mol qiling. Ishxonangizdan bir necha kunga o‘z hisobingizdan ta’til olsangiz ham yaxshi bo‘ladi. Uy-ro‘zg‘or ishlaridan ham biroz dam oling. Qadr kechasi ibodatlarda tetik turish uchun quvvat yig‘ing.

    2. Qadr kechasi maxsus duoni o‘qishni unutmang.
    Oysha roziyallohu anhodan shunday rivoyat qilinadi: "Ey Rasululloh, Qadr kechasida qanday duo qilinadi? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qildilar: "Allohim, Sen gunohlarni kechirguvchisan, gunohlarni kechirishni sevasan! Mening gunohlarimni afv etgin!"
    (Ahmad, Ibn Moja va Termiziy rivoyat qilgan)

    Duoning o‘qilishi: Allohumma innaka afuvvun karimun tuhibbul afva af’fu annii.

    3. Qur’on o‘qing.
    Oyatlarning ma’nolariga diqqat qilib Qur’on o‘qing. Agar bugungacha Qur’on o‘qishni o‘rganishga harakat qilgan bo‘lsangiz, Qadr kechasi amaliyot uchun qulay payt. Oyatlar mazmun-mohiyatini o‘rganib, hayotingizga tadbiq qilishni niyat qiling.

    4. Gunohlardan butkul tiyiling!
    Astoydil tavba qiling. Shunchaki, tilda emas, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, gunohlardan tiyilishni niyat qiling. Yod olganingiz qisqa suralar bilan emas, uzun suralar bilan fayzli-xushu’li namoz o‘qishga harakat qiling.

    5. Istaklaringiz uchun duo qiling.
    Alloh taolodan nimalarni istashingizni aniqlab oling. Dunyo va oxiratingiz uchun nimaiki istasangiz, katta-kichik demay, istaklaringizni jamlang. Robbimiz bandalarining duo bilan Undan har neki ehtiyoji bo‘lsa so‘rashini sevadi. Niyatlaringiz ro‘yobini istab Allohga duolar qiling.

    6. O‘zingizni taftish qiling.
    Sizdan siz haqingizda so‘ralishi kerak bo‘lgan hech kim so‘ray olmagan savollarni o‘zingizdan so‘rang. Qayerdan kelib, qayerga ketayotganingizni taftish qiling. Bu taftish shu kungacha qilgan yaxshiliklaringiz uchun o‘zingizdan mamnunlik va yomonliklaringiz uchun pushaymonlik his ettirsin.

    7. Uzun va ixlosli duolar qiling.
    Qadr kechasining eng afzal onlaridan biri tunning oxirgi qismidir. Saharlikdan bir-bir yarim soat oldin chiroyli tahorat oling va halol bo‘lgan har istagingizni Alloh taolodan so‘rab duolar qiling. Ixlos va samimiyat bilan sunnatdagi duolar va o‘z istaklaringizni istaganingizcha so‘rang.

    8. Oilangiz bilan iftorlik qiling.
    Qadr kechasida imkon qadar ahli oilangiz bilan, o‘z xonadoningizda iftorlik qilganingiz ma’qul.

    9. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlaridan ibratli hikoya o‘qing.
    Habibulloh Muhammad sollallohu alayhi vasallam hayotlariga oid qissalardan birini o‘qing, ul Zotga bo‘lgan muhabbatingizni orttiring.

    10. Kelasi Ramazongacha qiladigan ishlaringizni niyat qiling
    Qadr kechasi kelajakning xayrli rejalarini o‘ylash uchun ham qulay fursat. Albatta, ibodatlardan keyin. Zero, bu kechadan keyin o‘zgacha hayot boshlanadi, inshaalloh.

    Umida AZIZ tayyorladi

    Manba: Azon.uz

    Фикрлар

    » » Qadr kechasini qanday o‘tkazamiz?