13:38 / 18.06.2019
5 495

Buqoqdan darak beruvchi 9 belgi

Buqoqdan darak beruvchi 9 belgi
Siz ahamiyatingizni qaratmaydigan belgilar aslida hayot uchun xavflidir.

Qalqonsimon bez boʻyinning oldingi qismida joylashgan va shaklan kapalakni yodga soluvchi organ. U asab tizimi, ovqat hazm qilish, suyak toʻqimalari va reproduktiv salomatlikka oʻz taʼsirini oʻtkazadi.

Bez 3 xil gormonni ajratib chiqaradi. Agar birortasini sintez qilish jarayonida kamchiliklar kuzatilsa, organizmning doimiy ish faoliyatida uzilishlar va kasalliklar yuzaga keladi. Gormon oʻzgarishlari bir necha sabablar tufayli kelib chiqishi mumkin: dori vositalari qabul qilinishi, virusli infeksiyalar, immun tizimi zaiflashishi, yod tanqisligi, homiladorlik va tugʻruqdan keyingi davr. Odam bolasi kuchsiz qalqonsimon bez bilan tugʻilishi ham mumkin.

Kasallik deb gormonlarning yetarli ishlab chiqarilmasligi va ortiqcha ishlab chiqarilishiga aytiladi. Muammo bartaraf etilmasa, u yurak xastaliklariga, homiladorlik va tugʻruq ogʻir asoratlar bilan kechishiga, homila tushishiga, baʼzi holatlarda komaga olib kelishi mumkin.

Gohida zaif alomatlar ham jiddiy kasalliklardan belgi bera oladi. Lekin doimo ularni vaqtida payqab, oʻz hayotini saqlab qolishning imkoniyatlari yetarli.

1. Vazn oʻzgarishlari
Shifokorlar birinchi navbatni diqqatni vazn oʻzgarishlariga qaratishadi. Agar tanada gormonlar meʼyordan ortib ketsa, odam birdaniga ozib ketadi. Odatdagidan koʻp ovqat isteʼmol qilinganda ham, vazn tashlash davom etadi — bu holatda ovqatlanish rejimi oʻzgarishi hech qanday taʼsirga ega emas.

Gormon darajasining tushishi esa, aksincha, vazn yigʻilishiga olib keladi. Metabolizm sekinlashadi va natijada organizm ortiqcha kaloriyani yogʻ shaklida yigʻa boshlaydi. Shu sababli parhez va fitneslarga qatnash ham qomatni ushlashga yordam bera olmaydi. Natijaga faqatgina gormonal fondagi oʻzgarishlarni meʼyorga keltiruvchi davolash kursidan keyin erishish mumkin.

2. Kayfiyat buzilishlari
Gormonlar bizning asab tizimimizga oʻz taʼsirini toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtkazgani uchun ham, kayfiyatimiz ularning darajasiga bogʻliq. Nosozliklar alomatlariga hamma narsaga loqaydlik, hissiy qoʻzgʻaluvchanlik, vahima, xavotir, yigʻloqilik yoki oʻzini tajovuzkorona tutish kiradi.

Inson oʻzidagi oʻzgarishlarni payqashi oson emas. Koʻpincha ularni ishdan keyingi charchoq, har kungi stress va hayot qiyinchiliklariga bogʻlash mumkin. Oʻz kayfiyatingizga eʼtiborli boʻling: agar u arzirli sabab boʻlmaganda ham yomonlashsa va bir necha kun davomida oʻzingizga kela olmay yursangiz, sizda psixoterapevt qabuliga borish uchun arzirli sabab mavjud.

3. Boʻyin sohasida noqulaylik
Agar boʻyinda shish va uning hajmi ortishi, nafas olishda qiyinlashishi, yutinishda ogʻriq, ovoz xirillashi kuzatilsa, katta ehtimol bilan, qalqonsimon bez kattalashgan yoki unda tugunchalar paydo boʻlgan.

Qalqonsimon bezning kattalashishi buqoq kasalligi deb ham ataladi. U davolanish va gormon darajasi oʻz meʼyoriga qaytishi bilan oʻtib ketadi. Biroq boʻyindagi noqulaylik qalqonsimon bez saratonidan ham belgi bildirayotgan boʻlishi mumkin. Shuning uchun, agar noxush holat sezsangiz, zudlik bilan shifokor qabuliga boring.

4. Sochlar va tirnoq moʻrtligi
Soch va tirnoqlar gormonal oʻzgarishlarga juda sezuvchandir. Shuning uchun kasallik paydo boʻlganda ular yupqalashadi va kuchsizlanadi, oson sinishi va toʻkilishi kuzatiladi. Bu nafaqat sochlarga, balki qosh va kipriklarga ham aloqador.

Kuchli soch toʻkilishi kallikka ham olib kelishi mumkin. Agar vaqtida davolanib, gormonlar darajasi oʻz oʻrniga qaytsa, soch qatlami yana avvalgi holatini tiklaydi.

5. Menstrual siklda buzilishlar
Bu buzilishlar ayollarda eng koʻp tarqalgan gormonal uzilishlar alomatidir.

Oy koʻrishdagi muammolar, oz va kam ajralmalar, sikl choʻzilishi yoki juda koʻp qon ketishi yetarli belgi boʻla oladi. Ogʻriqli menstruatsiya qalqonsimon bezdagi muammolardan ham darak beradi, ayniqsa avval bunday ogʻriq kuzatilmagan boʻlsa.

Hech qanday gormonal oʻzgarishlarga aloqador boʻlmagan yagona holat bu stress va qattiq charchoq bilan bogʻliq boʻlishi mumkin, biroq shunda ham ayollar shifokor qabuliga uchrashlari kerak. Buni ortga surish yaramaydi, chunki endokrin kasalliklari bepushtlik va homiladorlikda kelib chiquvchi yomon asoratlar xavfini kuchaytiradi.

6. Tana haroratidagi oʻzgarishlar
Gormonal kamchiliklar tananing oʻz haroratini meʼyorda ushlash imkoniyatiga oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Bemorlarning taʼkidlashicha, koʻpchilik bir xonada boʻlib turganda va boshqalar issiqlikni his qilishganda, ular sovqotishadi. Baʼzilarda aksincha. Qattiq jazirama hissidan aziyat chekishadi. Qalqonsimon bez qancha koʻp gormon ishlab chiqarsa, tana harorati ham shuncha oshib boraveradi.

Odamlarda odatiy harorat doimiy ravishda balandroq yoki pastroq boʻlishi ham uchraydi. Bunda hech qanday xavotirga hojat yoʻq. Biroq u birdaniga oʻzgarsa va maʼlum muddat odatiy darajaga qaytmasa, gormonal oʻzgarishlar ehtimoli yuqori.

7. Teri quruqlashishi
Quruqlashish va taʼsirchanlik turli xil kasalliklardan dalolat berishi mumkin — psoriaz, ixtioz, zamburugʻlar, allergiya, jigar yetishmovchiligi va ruhiy uzilishlar.

Lekin agar qalqonsimon bez kasalliklarininng boshqa alomatlari ham mavjud boʻlsa, teri quruqlashishi arzirli belgi boʻla oladi. Ayniqsa, tirsak va tizza sohasida poʻst tashlash kuzatiladi va teri tashqi harakatga taʼsirchan boʻlib qoladi. Toshmalar, qichishish va yalligʻlanish kuzatiladi.

8. Hazm tizimida muammolar
Qalqonsimon bez gormonlari ovqat hazm qilish tizimini ham meʼyorlashtiradi, moddalar almashinuvi va oshqozon-ichak faoliyatini nazorat qiladi.
Nosozliklar mushaklar zaiflashishi, yoʻgʻon ichak tortilishiga olib kelishi mumkin. Buning ortidan qabziyat, diareya va ogʻriq yuzaga keladi. Diareya oʻz navbatida vazn tashlashga olib keladi va koʻpincha bu ikki simptom bir vaqtda kuzatiladi.

9. Yurak ritmida oʻzgarishlar
Yurak urishida tezlik yoki sekinlashuv endokrin tizimidagi kasalliklar alomati boʻlishi ham mumkin. Qon bosimi oʻzgaradi — birdaniga koʻtariladi yoki tushadi. Hatto oddiy jismoniy zoʻriqish nafas qisilishi va puls tezlashuviga olib kelishi mumkin.

Shifokor nazoratisiz bu simptom taxikardiya yoki yurak yetishmovchiligi kasalliklarini qoʻzgʻashi mumkin. Shuning uchun kardiolog va endokrinolog qabulini kechiktirmaslik kerak.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Buqoqdan darak beruvchi 9 belgi