Kimlarga qulupnay iste’mol qilish mumkin emas?

  • 19 iyun 2019, 15:23
  • 1 030
  • Hayot tarzi
  • Kimlarga qulupnay iste’mol qilish mumkin emas?
    Foto: Depositphotos
    May oyida qulupnay mavsumi boshlanadi. Vitaminlarni sog‘inganimiz bois uni juda ko‘p miqdorda iste’mol qilishni boshlaymiz. Biroq qulupnay barchaga birdek foydali emasligi haqida hammamiz ham o‘ylab ko‘ravermaymiz.

    U ayrim kishilar uchun juda foydali bo‘lsa, boshqalar uchun ma’qul bo‘lmasligi mumkin.
    «Tak Prosto!» kimlar qulupnayni ehtiyotkorlik bilan iste’mol qilishi, kimlar undan umuman voz kechishi kerakligi haqida hikoya qiladi.

    Qulupnayning foydali jihatlari

    Tarkibi sababli qulupnay yallig‘lanish va mikroblarga qarshi xususiyatlarga ega, uni o‘rtacha miqdorda iste’mol qilish organizmga umumiy sog‘lomlashtirish ta’sirini ko‘rsatadi, moddalar almashinuvini normallashtirish va ichki organlar faoliyatini tartibga solishda yordam beradi.

    Yurak qon-tomir tizimini sog‘lomlashtiradi
    Tarkibida salitsil kislotasi mavjudligi hisobiga qonni suyultirishga hissa qo‘shadi va quyqalar hosil bo‘lishining oldini oladi. Shuning uchun yurakka bo‘lgan bosim kamayadi. S vitamini, kletchatka va polifenollar xolesterinning ichaklarda so‘rilishini bosadi, bu esa tomirlar normal faoliyati uchun muhim.

    Vitaminlar bilan to‘yintiradi
    Qulupnay S vitaminiga boy. O‘rtacha o‘lchamdagi beshta mevada bu vitamin yirik apelsindagiga qaraganda ko‘proq. Qulupnayning yana bir foydali xususiyati – V6 vitaminining uzum va malinadagiga qaraganda ko‘pligi.

    Moddalar almashinuvini yaxshilaydi
    Qulupnay organizmni hujayralarni tezroq yangilashga majburlab, almashinuv jarayonlarini faollashtiradi. Ya’ni yoshlikning o‘ziga xos eliksiri.

    Ichaklar faoliyatini normallashtiradi
    Polisaxarid va organik kislotalar mavjudligi sababli qulupnay ichaklar mikroflorasi tarkibining normallashuviga hissa qo‘shadi. Undagi pektin ich qotishiga qarshi samarali ta’sir ko‘rsatadi.

    Ozishga yordam beradi
    Qulupnay yog‘lar erishi va qondagi qand miqdorining normallashuviga hissa qo‘shadi. Bundan tashqari, undagi kaloriyalar minimum darajada. Mevaning qizil rangda bo‘lishi uchun mas’ul bo‘lgan antotsianlar – flavonoidlar teri ostidagi yog‘ni eritishda organizmga yordam beradi.

    Hollivudda qulupnayli parhez juda mashhur. Uning yordamida 4 kunda ikki kilogramdan ortiq ortiqcha vazndan xalos bo‘lish mumkin. Masalan, Viktoriya Bekxem bir oyda uch kun faqat qulupnay iste’mol qiladi. Qo‘shiqchining aytishicha: «Nonushtaga sut yoki yogurt qo‘shilgan 300 gramm qulupnay iste’mol qilish – kunni a’lo darajada boshlashdir».

    Foto: Depositphotos
    Teri uchun foydali
    Qulupnay asosida tayyorlangan tabiiy kosmetik niqoblar terini oqartiradi, uning elastik holatini yaxshilaydi, antiseptik xususiyati tufayli husnbuzarlardan xalos bo‘lishda yordam beradi.

    Kayfiyatni yaxshilaydi
    Qulupnay tarkibidagi aromatik moddalar seratonin ishlab chiqarilishiga hissa qo‘shib, kayfiyatni ko‘taradi. Antioksidant fizetin esa xotira va fikrlash qobiliyatini yaxshilaydi.

    Jinsiy faoliyatga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi
    Mevalar tarkibidagi rux testosteron gormoniga ta’sir ko‘rsatadi. Qulupnaydagi antioksidantlar ham jinsiy faoliyatga ijobiy ta’sir qiladi.

    Yodingizda bo‘lsin, qulupnayning foydasi ko‘p. Biroq bu uni iste’mol qilishga qarshi ko‘rsatmalar mavjud emasligini anglatmaydi. Bozorda paydo bo‘lgan ilk mevalarni xarid qilishga shoshmang. Ayniqsa, bolalarga ilk mevalarni berish yaramaydi.

    Hosil ertaroq pishib yetilishi uchun o‘simlikka zararli kimyoviy moddalar bilan ishlov beriladi. Uning tabiiy pishib yetilishini kuting va qo‘rqmasdan iste’mol qiling.

    Qulupnay mevalari gijja tuxumlarini yetkazuvchilar bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Shuning uchun uni stolga tortishdan avval yaxshilab yuving. Mevani tanlaganda zarar yetmagan, ezilmagan to‘q qizil rangdagilarini saralashga harakat qiling.

    Kimlar qulupnay iste’mol qilishi mumkin emas?

    Homiladorlar
    Agar farzand kutayotgan bo‘lsangiz, qulupnay tanlash va uni iste’mol qilishda ehtiyotkor bo‘ling. Meva ximikatlarni qo‘llagan holda yetishtiriladi. Agar juda yegingiz kelayotgan bo‘lsa, uyda yetishtirilgan qulupnayni tanlang.

    Emizikli onalar
    Qulupnay – allergen mahsulot. Shuning uchun bolada allergiya paydo bo‘lmasin desangiz, ko‘krak bilan oziqlantirish vaqtida mevadan butunlay voz keching.

    Foto: Depositphotos
    3 yoshgacha bo‘lgan bolalar
    Barcha qizil mevalar – kuchli allergen. Shuning uchun farzandingiz 3 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, qulupnay iste’mol berishdan voz kechgan ma’qul. Bundan tashqari, yegulikdan zaharlanish va ichaklar faoliyatining buzilishi xavfi ham mavjud. Axir bola organizmi kimyoviy moddalarga juda ta’sirchan.

    Buyraklari kasal bo‘lganlar
    Qulupnayni tez-tez va ko‘p iste’mol qilish buyraklarda toshlar hosil bo‘lish ehtimolini oshirishi mumkin.

    Gastrit va oshqozon yarasi bo‘lganlar
    Qulupnayda shovul va salitsil kislotasi yuqori miqdorda bo‘lgani sababli ular oshqozon shilliq qavatini qo‘zg‘aydi va gastrit hamda oshqozon yarasi kuchayishining sababiga aylanishi mumkin. Ko‘plab mayda danakchalar oshqozonga tushganida oshqozon devorlarini qo‘zg‘aydi.

    Qon bosimiga qarshi dori ichayotganlar
    Bir vaqtning o‘zida qulupnay iste’mol qilish va enapril asosidagi qon bosimiga qarshi dori qabul qilish mumkin emas. Bunday birikma buyraklarning qo‘shimcha zo‘riqishiga olib keladi.

    Foto: Depositphotos
    Kariyesda
    Kariyesdan aziyat chekadiganlarga qulupnay iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.

    Qulupnayning organizmga zararli ta’sirini kamaytirish uchun uni och qoringa iste’mol qilmang. Sutli mahsulotlar – sut, smetana, qaymoq, muzqaymoq, tvorogga qo‘shib iste’mol qiling. Mevani sotib olinganidan keyin 1-2 kun ichida yeyishga harakat qiling.

    » » Kimlarga qulupnay iste’mol qilish mumkin emas?