13:06 / 23.06.2019
5 904

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘ng‘ich kuyovlari

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘ng‘ich kuyovlari
Abul Os ibn Robi’ roziyallohu anhu


“Abul Os menga faqat rost gapirdi. Va’da berib, va’dasiga vafo qildi”.
(Rasululloh sollallohu alayhi vasallam)


Abul Os ibn Robi’ Abshamiy[1] Qurayshiy barchaga birday manzur bo‘ladigan, juda ko‘rkam va navqiron yigit edi. Taqdir uni barcha ne’matlar, shu jumladan, oliy nasl-nasab bilan ham siylagan edi. Shuning uchun u viqor, salobat, mardlik, vafo va ota-bobolar merosini e’zozlashda arab yoshlariga namunaga aylandi.

Abul Os tijoratga muhabbatni ikki safar, ya’ni qishki va yozgi safar sohiblari bo‘lgan Qurayshdan meros qilib oldi. Uning ulovlari Makkadan Shomga tinimsiz borib kelardi. Karvonida yuzta tuya ikki yuzta odam bor edi. Mahorati, rostgo‘yligi va omonatdorligidan yaxshi xabardor bo‘lgani uchun odamlar mollarini o‘zinikiga qo‘shib tijorat qilishi uchun unga olib kelib berar edi.

Abul Osning xolasi, Muhammad ibn Abdullohning ayoli, Xadicha binti Huvaylid uni o‘z bolasidek yaxshi ko‘rar edi. Uni shunchalar yaxshi ko‘rganidan nafaqat qalbining to‘ridan, balki uyidan ham u uchun joy ajratgandi. Muhammad ibn Abdullohning ham Abul Osga muhabbati Xadicha binti Huvaylidnikidan kam emasdi.

Muhammad ibn Abdullohning xonadonida kunlar juda tez o‘tib, katta qizlari Zaynab balog‘atga – muattar bo‘yli atirgul kabi go‘zal bo‘lib voyaga yetdi. Quraysh ulug‘laridan ko‘pchiligining o‘g‘li unga sovchi qo‘ya boshlashdi. Aksi ham bo‘lishi mumkinmi?!. Axir u Quraysh qizlarining nasl-nasab va odob-axloq jihatidan eng peshqadami edi. Ammo ularga yo‘l qayda?! Ular bilan Zaynabning o‘rtasini Makkaning eng zabardast yigitlaridan biri Abul Os ibn Robi’ to‘sib turardi.

Zaynab binti Muhammad Abul Osga turmushga chiqqanidan sanoqli yillar o‘tib, Makka vodiylari ilohiy nur bilan munavvar bo‘ldi. Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni hidoyat va haq din bilan payg‘ambar qilib jo‘natdi va yaqin qarindoshlarini ogohlantirishni amr etdi. Ayollardan u zotga birinchi iymon keltirganlar ayoli Xadicha, qizlari Zaynab, Ruqayya, Ummu Gulsum va Fotima edi. Biroq kuyovlari Abul Os qizlari Zaynabni juda yaxshi ko‘rib, e’zozlasa-da, ota-bobolarining dinidan voz kechishni xohlamadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va Quraysh o‘rtasida nizo kuchayib ketgach, ba’zisi ba’zisiga: “Sho‘ringiz qurisin, qizlarini o‘g‘lingizga olib berish bilan Muhammadning tashvishini yengillatib qo‘ydingiz. Agar qizlarini qaytarib yuborsangiz, ular bilan mashg‘ul bo‘lib, sizni unitadi”, – dedi. Ular:

– Bu qanday ham yaxshi fikr, – deyishdi va Abul Osning oldiga borib taklif qilishdi: – Ey Abul Os, xotining bilan ajrashib, uyiga qaytarib yubor. Quraysh ayollaridan xohlaganingni senga nikohlab beramiz.
U:
– Allohga qasamki, uning evaziga dunyoning barcha ayollarini taklif qilsangiz ham ayolimdan ajralmayman, – dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinai munavvaraga hijrat qilib, u yerda musulmonlar soni orta boshlagach, Quraysh u zot bilan urishish uchun Badrda saf tortdi. Abul Os ham majburan ular bilan chiqdi. Chunki uni musulmonlar bilan urishishga xohishi ham, ularga yomonlik qilish niyati ham yo‘q edi. Lekin qavmi orasidagi mavqei uni ular bilan safarga chiqishga majbur etdi. Badr jangi Qurayshning mag‘lubiyati bilan yakunlandi. Bir qismi o‘ldirildi, bir qismi asirga tushdi va yana bir qismi qochib qutildi. Asirga tushganlar orasida Abul Os ham bor edi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam asirlarga o‘zlarini ozod etishlari uchun tovon puli belgiladilar. Uni asirning qavmi orasidagi mavqei va boyligidan kelib chiqib ming dirhamdan to‘rt ming dirhamgacha qilib tayinladilar. Elchilar asirlarni ozod etish uchun Makka bilan Madinani orasida qatnay boshlashdi. Zaynab ham elchisini eri Abul Osni ozod qilish uchun tovon puli berib Madinaga jo‘natdi. Yuborgan mollari orasiga Abul Osga turmushga chiqayotganda onasi Xadicha binti Xuvaylid sovg‘a qilgan taqinchoqni ham soldi. Taqinchoqni ko‘rib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak yuzlarini chuqur mahzunlikka burkangan shaffof parda qopladi. Sahobalariga qarata:
– Zaynab Abul Osning tovoniga mana bu molni jo‘natibdi. Agar asirini qo‘yib yuborib, molini qaytarib berishni xohlasangiz, shunday qiling, – dedilar.
Sahobalar:
– Albatta, ey Allohning Rasuli, siz uchun shunday qilamiz, – deyishdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abul Osni qo‘yib yuborishdan oldin, qizlari Zaynabni darhol Madinaga jo‘natib yuborishni shart qilib qo‘ydilar. Abul Os Makkaga yetib borishi bilan va’dasiga vafo qilishga shoshildi. Xotiniga safarga tayorlanishni buyurib, otasining elchilari Makkadan uzoq bo‘lmagan joyda kutib turganini aytdi. Ayoli uchun ozuqa va ulovini tayyorlab, ukasi Amr Robi’ga uni birga olib borib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning elchilarini qo‘liga topshirishni tayinladi. Amr bin Robi’ kamonini yelkasiga osib, o‘qdonini qo‘liga oldi va Zaynabni havdajga[2] o‘tkazib, kuppa-kunduzi, ochiqchasiga, Qurayshning ko‘z o‘ngida Makkadan chiqib keta boshladi. Buni ko‘rgan qavmning fig‘oni falakka ko‘tarildi va uzoqqa ketmasidan ularga yetib olib, do‘q-po‘pisa qila boshlashdi. Shunda Amr kamonini tortib, o‘qdonini oldiga qo‘ydi va:
– Allohga qasamki, kim Zaynabga yaqinlashsa, ko‘ksiga o‘q joylayman, shu zahoti til tortmay o‘ladi, – dedi.

Zotan, Amr birorta o‘qi xato ketmaydigan o‘tkir mergan edi. Shunda Abu Sufyon ibn Harb uning yoniga kelib:
– Ey birodarimning o‘g‘li, gaplashib olgunimizcha kamoningni tushirib tur, – dedi. U kamonini tushirdi.
Abu Sufyon:
– Sen to‘g‘ri ish qilmayapsan... Zaynabni ochiqchasiga, hammaning ko‘z o‘ngida olib chiqding. Hammaning ko‘zi sizda. Badrda mag‘lubiyatga uchraganimiz va otasi Muhammad bizga qanday zarar yetkazganini, ne-ne ulug‘larimizni o‘ldirganini arablarning barchasi bilib turibdi-ku. Agar uning qizini hozirgiga o‘xshab, ochiqchasiga olib chiqib ketsang, boshqa qabilalar bizni qo‘rqoqlikda ayblashadi va bizni obro‘siz, xor deb bilishadi. Uni olib ortingga qayt va bir necha kun erining uyida qoldir. Odamlar Quraysh uni qaytarganini gapira boshlagach, oramizdan yashirincha olib chiqib, otasiga jo‘natasan. Ishon, Zaynabni ushlab turishga hech qanday ehtiyojimiz yo‘q, – dedi. Amr rozi bo‘ldi va Zaynabni olib Makkaga qaytdi. Oradan sanoqli kunlar o‘tib, uni Makkadan olib chiqdi, akasi aytganday elchilarning qo‘liga topshirdi.

Abul Os ayoli ketgandan keyin Makkada ancha vaqt turdi. Makka fathidan ozgini oldin Shomga tijorat bilan chiqdi. Yuzta tuya, bir yuz yetmishta odami bilan Makkaga qaytayotganida Madinaga yaqin joyda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qo‘shinlaridan biri unga ro‘para kelib, karvonini odamlari bilan asirga oldi. Abul Os esa qochib ketdi. Tun tushgach, Abul Os zulumat qo‘ynida Madinaga yashirincha kirib oldi va Zaynabning oldiga borib undan boshpana so‘radi. Zaynab unga omonlik berdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bomdod namoziga chiqdilar. Mehrobda turib endi takbiri tahrimani aytgan edilar, Zaynab ayollarning sufasiga chiqib, baland ovozda:
– Ey insonlar, men Zaynab binti Muhammadman. Abul Osga omonlik berdim. Siz ham unga omonlik bering, – dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam namozdan salom bergach, odamlarga qayrilib qaradilar va:
– Men eshitgan narsani sizlar ham eshitdingizmi?! – dedilar. Ular:
– Ha, ey Allohning Rasuli, – deyishdi.
U zot:
– Nafsim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, sizlar eshitgan narsani eshitmagunimcha bu gaplarning birortasidan ham bexabar edim. Musulmonlarning eng kichigi ham omonlik beradi, – dedilar. So‘ngra uylariga kirdilar va qizlariga aytdilar: – Abul Osning hurmatini joyiga qo‘y. Ammo bilib qo‘y, sen unga halol bo‘lmaysan”.
So‘ngra karvonni egallab, odamlarini asirga olgan qo‘shin odamlarni chaqirib ularga dedilar:
– Bu kishining bizga kim ekanini yaxshi bilasiz. Agar unga yaxshilik qilib, molini qaytarib bersangiz, bizni xursand qilgan bo‘lasiz.
Ular:
– Molini qaytarib beramiz, ey Allohning Rasuli, deyishdi.
U molini olish uchun kelganida:
– Ey Abul Os, albatta, sen Qurayshning obro‘li odamisan. Shu bilan birga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakisining o‘g‘li va kuyovi bo‘lasan. Musulmon bo‘lsang, biz senga bu molning hammasini qaytarib beramiz. Shu yerda Makka ahlining mollarini olib qolib huzur-halovatda, biz bilan Madinada yashaysan, – deyishdi.
U:
– Meni naqadar yomon ishga, yangi dinimni xiyonat bilan boshlashga chaqirayapsiz, aksincha, men avval ularning omonatini qaytarib, keyin kelaman, – dedi.

Abul Os karvon va undagi mollarni olib Makkaga qaytdi va barcha haqdorlarga haqqini ado qilib bo‘lgach:
– Ey Quraysh jamoasi, orangizda mendan molini olmagan biror kishi qoldimi? – deb so‘radi.
– Yo‘q, Alloh seni yaxshilik bilan mukofotlasin. Sening vafodor, ulug‘ kishi ekaningga yana bir bor amin bo‘ldik, – deyishdi ular.
– Haqlaringizni ado qilib bo‘ldim. Mana endi Allohdan boshqa iloh yo‘q va Muhammad Allohning Rasuli deb guvohlik beraman... Allohga qasamki, Madinada Muhammadning huzurida musulmon bo‘lishimdan mollarimizni yeb ketishni iroda qilgan deb o‘ylashingiz to‘sgan edi. Mollaringizni qaytarib, zimmamdagi mas’uliyatdan qutilganimdan so‘ng musulmon bo‘ldim, – dedi u.

So‘ngra chiqib Madinaga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga jo‘nadi. U zot Abul Os ibn Robi’ni ehtirom bilan kutib oldilar va jufti haloli Zaynabni qaytarib berdilar va u haqida: “Abul Os menga faqat rost gapirdi. Va’da berib, va’dasiga vafo qildi”, – dedilar.[3]

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi
“Islom nuri” jome masjidi imom-xatibi A. Sobirov

[1] Abdushshams qabilasiga mansub.
[2] Tuya ustiga o‘rnatilgan ayollar taxtiravoni. O Yusupov. An-na’im 872-bet.
[3] Doktor Abdurrohman Ra’fat. Suvarun min hayatis sahaba 388-395-betlar.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘ng‘ich kuyovlari