Hayotidan qoniqmaydiganlar uchun 5 savol

  • 08 iyul 2019, 13:27
  • 1 780
  • Hayot tarzi
  • Hayotidan qoniqmaydiganlar uchun 5 savol
    Layfxaker hayotidan ko‘ngli to‘lmaydiganlar uchun beshta savolni taqdim etdi. Qotib qolgan nuqtangizdan siljishni boshlash uchun ularga javob bering.

    Ba’zida bizda “qotib qolganlik” hissi paydo bo‘ladi: odatiy harakatlar oilaviy farovonlik, moddiy daromad, maksimal unumdorlik, muvaffaqiyat va omad keltirmaydi. Hayotingizni yaxshilash uchun ayrim vaqtlarda biroz tin olib, o‘z-o‘zingizga savollar berish va ularga aniq javoblar topish kerak bo‘ladi. Bunday odat o‘zingiz va hislaringizni yaxshiroq tushunishda yordam beradi.

    1. Harakat qilishingizga nima xalaqit qiladi?
    “Biz qo‘rqqan ishlar va so‘zlar – ko‘pincha biz bajarishimiz, so‘rashimiz yoki aytishimiz kerak bo‘lgan narsalardir”.
    Timoti Ferriss, yozuvchi

    Bizni, ko‘pincha, o‘zgalar emas, o‘zimizning shaxsiy ovozimiz ushlab turadi. U biz yetarli darajada aqlli va kuchli emasligimiz, muvaffaqiyatsiz ekanimizni aytadi. Agar bir joyda qotib turganingizni his etsangiz, ichki “meningiz” bilan dialoglaringiz yaxshilik bilan tugamaydi. Unga e’tibor bermang.

    Ayrim kishilar qo‘rquvlarga berilishadi. Undan ustun kelish va ichki ovozni o‘chishga majbur qiladigan usullardan biri – qo‘rqayotgan narsalaringizni tan olish va ovoz chiqarib aytish.

    “Voqealar rivojining eng yomon variantini tasavvur qiling. Ana shunda qo‘rquvlar yengilishini his etasiz”. Timoti Ferriss

    Timoti Ferriss «Qo‘rquvlarni boshqarish» nomli mashqlarni ishlab chiqdi. Qo‘rquvlar xayoldan qog‘ozga tushganida real hayotda g‘olib bo‘lish ancha osonlashadi.

    Sizni nima ushlab turibdi?

    2. Kimning ruxsatini kutyapsiz?
    “Orzuingiz sari borish uchun sizga hech kimning ruxsati kerak emas. Bor-yo‘g‘i yurish kerak”.
    Gari Vaynerchuk, tadbirkor va yozuvchi

    Amerikalik tadbirkor va kitoblar muallifi Gari Vaynerchuk biror narsani boshlashdan avval ruxsat olish kerak bo‘lgan inson – o‘zimiz deb hisoblaydi.

    Kimdir tanlovingizni ma’qullashini kutmang. Agar ishdan bo‘shashni istasangiz – bo‘shang, hamkasblar ma’qullashini kutmang. Agar farzand bilan muloqotni yo‘lga qo‘yishni istasangiz, sobiq rafiqangizning fikrini kutmay, uni bugundan boshlang. Agar ozishni boshlasangiz, sog‘lom taom iste’mol qiling, atrofdagilar nima deb o‘ylashlari haqida qayg‘urmang.

    Vaynerchuk bolalikda hikoyalar yozishga qiziqqani, biroq atrofdagilarning fikridan juda qo‘rqqanini aytadi. U kimdir uni tanlashi, yelkasiga qoqib, hikoya yozishini kutardi. U kimdir ruxsat berishini kutgan.

    “Agar biror narsa qilishni istasangiz, kimdir bu haqida sizdan so‘rashini kutmang. Buyuk ishlarni amalga oshiring. Bari amalga oshgach, ishqibozlarning o‘zi bu haqida sizga ma’lum qiladi, ular haqida xavotirlanmaslik kerak” – deya maslahat beradi Gari.

    3. Siz nimaga qiziqasiz?
    “Yerdagi eng kuchli qurol - insonning qaynoq qalbi”.
    Ferdinand Fosh, fransuz harbiy arbobi

    Agar erkin bo‘lish va rivojlanishni istasangiz, o‘z-o‘zingizga savol bering: “Nima mening ichimda olov yoqadi?”

    Nima meni baxtli qiladi? Nimaga qiziqaman? Tadbirkor va Apple asoschilaridan biri Stiv Jobs ana shu savollarning javobini kichik yoshidanoq bilgan. Oddiy mahsulotlarni loyihalashtirish – ana shu uning qalbida olov yoqqan.

    Nimaga qiziqishingizni o‘ylab ko‘ring. Ana shu bilan shug‘ullanganda diqqatingiz bir yerga jamlangan, ishtiyoqqa to‘la va samarador bo‘lasiz.

    4. O‘zingizga majburiyat olasizmi?
    “Inson hayotining sifati u nima bilan shug‘ullanishidan qat’i nazar uning komillikka intilishiga bevosita bog‘liq”.
    Vins Lombardi, amerikalik futbolchi va murabbiy

    Zimmangizga olgan majburiyatlaringiz va o‘z-o‘zingizga bergan va’dalaringiz bu siz va sizning ideal hayotingiz o‘rtasidagi ko‘prikdir. Agar nikohingizdan ko‘nglingiz to‘lmasa, o‘zingizning erlik yoki otalik (yoki ayollik va onalik) majburiyatlaringizni bajarayotganingizni tekshiring. Agar o‘zingiz istagandan kamroq pul ishlab topayotgan bo‘lsangiz, ishingizni vijdonan bajarayotganingizga ishonch hosil qiling.

    Agar maqsadga erishishni istasangiz, unga tomon qadam bosish haqida o‘z-o‘zingizga va’da bering. Faqat ulargina reja bo‘yicha maqsad sari yurish, tashqi holatlardan qat’iy nazar kerakli ishlarni bajarishda yordam beradi.

    Agar sizga natija kerak bo‘lsa, o‘z ishingiz uchun mas’uliyatli bo‘ling.

    “Biror ish bilan shug‘ullanish siz uchun qiziq bo‘lsa, uni o‘zingiz uchun qulay vaqtda bajaring. Agar o‘z zimmangizga majburiyat olgan bo‘lsangiz, buni istalgan holatda ham amalga oshirasiz. Hech qanday o‘zini oqlash holatlari kerak emas, faqat natija zarur”.
    Ken Blanshar, yozuvchi

    Shuning uchun hayotingizni yaxshilashni istasangiz, o‘zingizni ayamang.

    5. Qanday o‘zgarishlarni kutyapsiz?
    “Sizda tanlash imkoniyati doimo mavjud: oldinga bir qadam tashlash yoki xavfsiz joyga qaytish”.
    Abraxam Maslou, psixolog va gumanitar psixologiya asoschisi

    Ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanatni topishga intilyapsizmi? O‘z biznesingizga ega bo‘lishni istaysizmi? Sog‘lig‘ingizni tiklash kerakmi? Jahlni boshqarishni o‘rganyapsizmi? Yoki hamkoringiz bilan munosabatlarni yaxshilamoqchidirsiz? Maqsadlaringizni aniqlang va ularni iloji boricha tezroq qog‘ozga tushiring.

    Xulosa
    Agar maqsad sari yo‘lda joyingizdan siljiy olmayotgan bo‘lsangiz, o‘z-o‘zingizga ana shu besh savolni bering. Ularga javob bersangiz, o‘zingiz kutgandan kuchliroq ekaningizni anglaysiz. Qo‘rquv va jamiyat sizga xalaqit berishiga yo‘l qo‘ymang. Sizda orzuga intilish va maqsadga erishish uchun kuch yetarli.

    Salbiy fikrlar hislaringizni nazorat qilishiga yo‘l qo‘ymang. O‘z-o‘zingizni tanqid qilishning yomon tomoni yo‘q: u biror narsa noto‘g‘ri ekanini tan olish va harakatlar rejasini to‘g‘rilash imkonini beradi. Biroq o‘zingizni o‘ta qiynash ham faqat kamchiliklarnigina ko‘rishga olib kelishi mumkin.

    Mag‘lubiyat va kamchiliklarni to‘g‘ri tan olishni o‘rganing. “Omadsizman” deyish o‘rniga “Omadim kelgan” deyishni o‘rganing.

    Ijobiy fikrlashning mohiyati kamchiliklarni sezmaslik emas, muvaffaqiyatsizliklar haqida achinishlarga berilmaslikda. O‘z-o‘zingizdan qoniqmaganingizda hislarga emas, uni o‘zgartirish uchun nima qila olishingizga e’tibor qarating. Ijobiy fikrlashni o‘z-o‘zingiz bilan dialogdan boshlash mumkin.

    Manba: Kun.uz

    » » Hayotidan qoniqmaydiganlar uchun 5 savol