Saida Mirziyoyeva: "Har bir oila o‘z oila boshi bilan farovon hayot kechirsin"

  • 10 avgust 2019, 21:20
  • 1 293
  • Hayot tarzi
  • Saida Mirziyoyeva: "Har bir oila o‘z oila boshi bilan farovon hayot kechirsin"
    O‘zbekiston prezidentining qizi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva o‘zining Feysbukdagi sahifasi orqali barcha o‘zbekistonliklarni, do‘st va yaqinlarini Arafa kuni bilan muborakbod etdi.

    “Qadrli yurtdoshlar! Do‘stlarim, ko‘plab folloverlarim! Barchangizni oila a’zolarim nomidan Arafa kuni munosabati bilan tabriklayman!

    Bu dunyoda hamma narsa o‘tkinchi. Lekin mehr-oqibat, urf-odatlarimiz va qolaversa, muqaddas dinimiz bilan bog‘liq barcha qadriyatlarimiz abadiy saqlanib qoladi.

    Eng asosiysi, baxtimizga ota-onamiz, yaqinlarimiz sog‘ bo‘lishsin. Har bir oila o‘z oila boshi bilan farovon hayot kechirsin.

    Haj safarini o‘tayotgan vatandoshlarimizni esa Alloh ziyoratlarini qabul qilib, eson-omon o‘z yaqinlari bag‘riga yetib kelishlarini nasib etsin!

    Arafa muborak, do‘stlarim!”, deb yozdi u hamda mazkur postiga Shavkat Mirziyoyev va Ziroatxon Mirziyoyevalarning birgalikda tushgan suratini joyladi.

    Foto: Facebook /Saida Mirziyoyeva

    Eslatib o‘tamiz, avvaroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga Qurbon hayiti munosabati bilan tabrik yo‘llagandi.

    Tabrikda jumladan, shunday deyiladi: “ Muhtaram vatandoshlar! Xalqimiz butun musulmon ummati bilan birgalikda katta shod-u xurramlik ila kutib olayotgan Qurbon hayiti bilan sizlarni, go‘zal diyorimizdagi barcha mo‘minlarni chin qalbimdan samimiy tabriklab, eng ezgu tilaklarimni bildiraman.

    Asrlar davomida el-yurtimizning ma’naviy hayotida beqiyos o‘rin egallab, jamiyatimizda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik tamoyillarini yanada mustahkamlab kelayotgan ushbu qutlug‘ bayram barchamizga muborak bo‘lsin!

    Yaratganning ne’matlari ziyoda bo‘layotgan va shukronalik hislari qalblarimizni nurafshon qilayotgan ushbu ayyomda uzoq va yaqin hududlarda joylashgan barcha musulmon mamlakatlarining xalqlarini, xorijiy do‘st va hamkorlarimizni qutlab, ularga tinchlik, bardavom taraqqiyot va farovonlik yor bo‘lishini tilaymiz.

    “Diling – Allohda, qo‘ling – mehnatda bo‘lsin”, degan olijanob e’tiqod bilan yashayotgan xalqimiz doimo omon bo‘lsin!
    Jonajon Vatanimiz, xonadonlarimizdan xotirjamlik, ahillik, fayz-u baraka hech qachon arimasin!

    Ezgu intilish va ishlarimizda Yaratganning o‘zi hamisha madadkor bo‘lsin!”.
    O‘zbekistonda Qurbon hayiti 11 avgust kuni nishonlanadi.

    » » Saida Mirziyoyeva: "Har bir oila o‘z oila boshi bilan farovon hayot kechirsin"