Rashk balosi...

  • 28 avgust 2019, 13:05
  • 2 852
  • Hayot tarzi
  • Rashk balosi...
    Qaynotalarni oilada kelinlarning himoyachisi, yosh oilaning posboni, deyish mumkin. Shuning uchun u oilaning mustahkam, kelin-kuyovning ahil, totuv bo‘lishi uchun qayg‘uradi. Shu maqsadda ko‘pincha oilaviy mojarolarda kelinni himoya qilishga urinadi. Qaynona va kelin mojarolarida adolat tarozisi bilan ish ko‘radi. Erlarning bu "qilig‘i" ko‘pincha qaynonalarga yoqmaydi.

    "Yonini olyaptimi, demak, unda ko‘ngli bor" yoki "Shuncha yil turmush qurib, bir-birimizga sirdosh bo‘lib, qarigan chog‘imda yoqmay qolibman-da, shu zumrasha mendan aziz bo‘pti-da" yoxud " Bir balosi borki, keliniga shirinso‘z bo‘lib qoldi, menga biror marta bunaqa mehribonlik ko‘rsatmagandi" va shunga o‘xshash shubhalar, g‘ashliklar ularning qalbini kemirib, barcha kulfatlarda kelin "aybdor", degan xulosa chiqarishga olib kelishini pastdagi voqeada o‘z tasdig‘ini topadi.

    Mahallamizdan uzatilgan Lobar ismli qizning turmushi yarim yilga bormay buzilib ketdi. Buning sababini so‘raganlarga sho‘rlik ota-ona nima deb javob qaytarishga hayron. Ularning yalinib-yolvorishlari ham, mahalladagi baobro‘ odamlarning o‘rtaga tushishlari ham- hech narsa yordam bermadi. Oxiri kelinning ko‘ch- ko‘ronini kuyovnikidan yig‘ishtirib kelishdi. Lobarning o‘zi ham hayron, "Oramizdan hech gap o‘tmagandi, Doston akam bilan juda ahil edik, ota-onalarini ham juda hurmat qilardim", deb yig‘larmish, xolos.

    Keyin surishtirishsa, qaynona kelinini yoqtirmay qolibdi. Oilaning erkaklariga "Yo shu kelin turadi bu uyda, yo men", deb keskin shart qo‘yibdi. Kuyov bechora "Keliningizning aybi nima o‘zi?" deb so‘rab baloga qolibdi. "Yo xotinni qo‘yasan, yo duoibad qilaman, oq qilaman, bir umr rozi bo‘lmayman", debdi ona. Eri ham hayronmish. "Hech bo‘lmasa, nima gap o‘tganini men bilb qolay, axir qudalarimizga biror gap aytish kerak-ku!" deb so‘rasa, "Qo‘li egri deng, yolg‘onchi deng, xullas, biror gap toping. Agar u qoladigan bo‘lsa, unda men ketaman", deb qo‘rqitibdi.

    Xullas, oila buzilib ketdi, shiringina turmushga og‘u tomdi. Bu mashmashalarning hammasiga qaynota sho‘rlik o‘zi bilmagan holda "aybdor" bo‘lib qolgan ekan. Chiroyligina, epchilgina, chaqqqongina kelinni u otalarcha mehr bilan suygan, "siz-siz"lab erkalagan, yumushu ko‘payib ketsa ayolini turg‘izgan. "Axir birovning jondan aziz farzandi, yangi keln, ja zulm qilib yubormaylik, sen ham yordamlashvor", deb yonini olgan.

    Oila davrasida "Kelinim zo‘r-da, saranjom-sarishta, qo‘li shirin pazanda", deb maqtagan. Bularning hammasi qaynonaning asabini buza boshlagan. Avval shunchaki g‘ashi kelgan. Keyinchalik hasad o‘ti, rashk balosi chirmay boshlagan. Har jihatdan yosh, himoyasiz, soddagina kelin rashk balosining qurboni bo‘lgan. Qaynona erini kelinidan qizg‘anib nima qilib bo‘lsa-da, yo‘qotish payiga tushgan va bunga erishgan ham.

    Demak, yuqoridagi voqeadan qaynotalar ham, qaynonalar ham, kelin-kuyovlar ham o‘zlariga to‘g‘ri xulosa chiqarib olishlari kerak bo‘ladi.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Rashk balosi...