16:23 / 05.09.2019
5 390

Miyaning qarishini qanday to‘xtatish mumkin?

Miyaning qarishini qanday to‘xtatish mumkin?
Foto: University of Cambridge
Kembrij universiteti olimlari kalamushlarda o‘tkazilgan tajribalar orqali miya hujayralarining qarishining oldini olish borasida katta natijalar olinganini ma’lum qilmoqda. Bu haqdagi maqola avgust oyida Nature jurnalida chop etilgan. Unda aytilishicha, vaqt o‘tishi bilan boshqa mushaklar singari miya ham qattiqlashib borar ekan va buning natijasida miya hujayralari ham qotib, ishga yaramay qolishi kuzatilar ekan. Kuzatuv va tajribalar orqali olingan bilimlar asosida Kembrij olimlari «qarigan» miya hujayralarini yoshartirishga muvaffaq bo‘lgan.

Olingan natijalar asosida olimlar inson miyasi bilan bog‘liq kasalliklarni davolashda yangi yo‘nalishlar va davolash usullarini ishlab chiqishni reja qilgan.

Hammamizga ayonki, odam qarigani sari mushak va to‘qimalar qattiqlashib boradi va natijada kishining xatti-harakati ham qiyinlashib boradi. Kembrij universitetiga qarashli Miya hujayralari Instituti (Wellcome-MRC) olimlari miya ham bundan mustasno emasligini ko‘rsatib bergan. Buning uchun ular yosh va qari kalamushlarning miyasini o‘rganib, yig‘ilgan ma’lumotlarni tahlil qilib chiqqan. Buning mohiyatida yosh ulg‘ayishi asnosida oligodendrotsit hujayralarining qanday o‘zgarishlarga yuz tutishishni tadqiq qilish masalasi yotadi.

Oligodendrotsitlar normal miya faoliyatini ta’minlash uchun o‘ta muhim hujayralar bo‘lib, asosiy vazifasi asab tolalarini o‘rab turadigan miyelin qobig‘ini ishlab chiqarishdan iborat bo‘ladi. Tarqoq skleroz xastaligida aynan shu miyelin qobig‘i zararlangan bo‘ladi. Albatta, qari odamlardagi sklerozda ham miyelin qobig‘i zararlanishi kuzatiladi; lekin mutlaqo sog‘lom odamlarda ham yosh o‘tgan sari oligodendrotsitlarning funksiyasi susayishi ro‘y beradi.

Tadqiqotchilar qari kalamushlarning miyasidagi shunday hujayralarni ko‘chirib, yosh kalamushlar miyasiga o‘tkazgan. Jarayonda ma’lum bo‘lishicha, bunda qari oligodendrotsitlar yangi yosh miyada yana qayta jonlanib, faol ishlay boshlagan. Keyingi bosqichda olimlar kalamush miyasining turli yoshdagi qattiqlik ko‘rsatkichlariga moslab tayyorlangan materiallarga oligodendrotsitlarni joylashtirib, o‘zini qanday tutishini kuzatdi. Miyaning qattiq va yumshoqligi ushbu hujayralarga qanday ta’sir ko‘rsatishini aniqlash uchun tadqiqotchilar Piezo1 nomli oqsilni kuzatishgan. Ma’lum bo‘lishicha, oligodendrotsitlarga atrofdagi miya moddasining qattiq yoki yumshoq ekani haqida ma’lumot yetkazishni aynan shu oqsil bajarar ekan.

Ilmiy guruh rahbarlaridan biri doktor Kevin Chalut bu haqda shunday degan: «Biz yosh kalamushning miya oligodendrotsitlarini qari kalamushning qotgan miyasiga ko‘chirib o‘tkizganimizda ular regeneratsiyadan to‘xtab qolgani va amalda qari hujayralar singari ishlay boshlaganini ko‘rib hayratga tushdik. Ayniqsa qari hujayralar yosh miyaga ko‘chirilganidan keyin o‘zini qanday tutganini kuzatish qiziq bo‘ldi. Ular xuddi yosh hujayralarning o‘zi bilan bir xil ishlay boshladi. Boshqacha aytganda, ular yosharib qoldi!»

Undan ham qiziq holat Piezo1 oqsili bilan ro‘y bergan. Loyiha rahbarlaridan yana biri – professor Robin Franklin ma’lum qilishicha, olimlar qari oligodendrotsitlardan Piezo1 oqsilini olib tashlashgach, ular go‘yoki mazkur hujayralarni «aldashga» erishgan. Ya’ni qari oligodendrotsitlar o‘zi joylashgan miyaning qattiq yoki yumshoq ekanini bila olmay qolgan va natijada o‘zi turgan miyani yumshoq yosh miya deb qabul qilgan. Oqibatda ushbu hujayralar faollashgan. Bundan esa qari kalamushning asab tizimi yosh kalamushniki singari ishlay boshlagan. Boshqacha aytganda, uning miyasi yoshargan va o‘zining regenerativ funksiyasini tiklagan.

Tadqiqotni moliyalashtirgan tashkilotlardan biri – Angliya tarqoq sklerozni tadqiq qilish jamiyati direktori Syuzan Kolxaas esa, o‘z navbatida, bu ilmiy yutuqlar yaqin orada tibbiyotda sklerozni davolashda kutilgan samarani berishi mumkinligi va u miya faoliyati buzilishlaridan keyin uning normal ish faoliyatini tiklash imkonini berishiga umid bildirgan.

Kembrij olimlarining bu tadqiqotlarini Yevropa ilmiy tadqiqotlar kengashi (the European Research Council), Tarqoq skleroz jamiyati (MS Socety), Biotexnologiyalar va biologiya tadqiqotlari kengashi, Adelson tibbiyot tadqiqotlari jamg‘armasi hamda Tibbiyot tadqiqotlari kengashi tomonidan moliyalashtirilgan.

Manba: Daryo.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Miyaning qarishini qanday to‘xtatish mumkin?