12:44 / 20.09.2019
3 089

Ishlarning oqibatini bilmasdan turib, ehtimoliy musibatlar uchun g‘am chekmang

Ishlarning oqibatini bilmasdan turib, ehtimoliy musibatlar uchun g‘am chekmang
Misrlik yozuvchi, adib, tarixchi Ahmad ibn Yusuf “Mukofot va oxiratning go‘zal bo‘lishi” nomli kitobida shunday deydi: “Odamlarga yetgan mashaqqat, g‘am va qiyinchiliklarning tugashi xuddi kechadan keyin kunduzning kelishi aniq bo‘lganidek ravshandir. Lekin inson tabiati mashaqqatlar va qiyinchiliklar yetgan vaqtda tushkunlikka tushib qolishga moyilroq. Agar kasal o‘z vaqtida muolaja qilinmasa, kasallik kuchayib, qiyinchilik ko‘payadi. Mashaqqatlar yetgan vaqtda unga dalda berib quvvatlab turilmasa, u odam umidsizlikka berilib, o‘zini o‘zi halok qilishi mumkin”.

Kitobning bu bobida asosan boshiga musibat va sinovlar kelgan insonning sabr qilmog‘i lozimligi va sabrining mukofoti esa go‘zal oqibat bo‘lishi ta’kidlangan, inson nafsini shijoatlantirish, uni hamisha sabrli bo‘lishga undash, Rabbisi bilan bo‘ladigan munosabatlarda odoblarga rioya qilish, unga yaxshilik va ne’matlarning kechikishining oqibati xayrli bo‘ladi deb yaxshi gumonda bo‘lishga chorlash va boshqa masalalar haqida so‘z yuritilgan.

Kitobning oxiridagi “Xotima” qismida bunday deydi: “Buzrugmehr aytadi: “Oxiratda beriladigan ne’matlardan oldingi bu dunyodagi mashaqqatlar xuddi hozirlab qo‘yilgan lazzatli taomlardan oldingi ochlikka o‘xshaydi”. Unga yetishish go‘zal va taomi lazzatlidir”.

Aflotun aytadi: “Hayot davomida yo‘liqadigan mashaqqat va qiyinchiliklar natijasida insonning turmushi biroz og‘ir bo‘lishi mumkin, ammo uning nafsi toblanib, tarbiyalanadi, sabru qanoatga o‘rganadi. Kenglik va to‘kin-sochin, farovon hayotda insonning turmushi go‘zal bo‘lishi mumkin, ammo buning natijasida nafsi buzilib, dunyoga bo‘lgan hirsi kuchayib, havoyi nafsiga tobe bo‘lib, tubanlashib ketishi ham mumkin”.

U yana aytadi: “Sizni mashaqqatli mehnatlarga chorlagan do‘stingiz bilan aloqani uzmang, ammo yengil-yelpi va to‘kin-sochinliklarga to‘la hayotga chorlagan do‘stga e’tibor bermang”.

“Badavlatlik nima ish bo‘layotganini va nima yeyayotganini bilmaydigan qorong‘i kechaga o‘xshaydi. Mashaqqatlar esa o‘zingiz va boshqalarning harakatlarini kuzatib turadigan kunduzga o‘xshaydi”.

Azdashir aytadi: “Mashaqqat ne’matlarga ko‘milgan inson ko‘ra olmaydigan narsalarni ko‘rsatadigan surma kabidir”.

U yana aytadi: “Mashaqqat vaqtida kishi ishlarini to‘g‘ri yo‘naltiradigan narsa ikkitadir: birinchisi (ya’ni kichigi), sodir bo‘ladigan narsalarga munosib ravishda qalbning quvvatli bo‘lishi. Ikkinchisi (ya’ni oliysi), Razzoq va Molik bo‘lgan Zotga ishni topshirmoqdir”.

Agar kishi Rabbi xususida to‘g‘ri fikrlay boshlasa, Alloh uni faqat savob keltiradigan va gunohlarini o‘chiradigan ishlar bilan imtihon qilayotganini, shu bilan birga u doimo davomli yaxshilik va foydalar ichida yurganini his qiladi. Ammo agar u Allohdan boshqaga suyanib, Rabbini unutsa, xato qilib, yo‘ldan ozishlari ko‘payadi. Har doim o‘z holatidan norozi bo‘laveradi. O‘ziga yetgan kichik qiyinchilik ham unga xuddi qutulib bo‘lmaydigandek tuyulib, hamma narsadan xavfsiraydigan va qo‘rqadigan bo‘lib qoladi.

Banda bilan Rabbi orasidagi munojot haqiqiy hisoblanadi. Chunki U ko‘nglidan kechgan o‘ylarni ham biluvchidir. Bir kishining o‘zi kabi boshqa kishiga munojoti esa ko‘p mashaqatli va manfaatdan yiroq bo‘ladi.

Alloh taolo mehribon. Odamga musibat yetib, hamma xaloyiqdan umid uzilgan vaqtda yordamga faqatgina U kelishga qodir. Faqat Unga intilishda mushkullikdan chiqib ketish yo‘li va ishlarning yengillashuvi bor. U bizga so‘raganimizdan ham afzalini in’om etadi. Uning O‘zigina bizga yetadi va u qanday ham yaxshi vakil.

Zamonamiz olimlaridan biri bunday deydi: “Tannuxiyning “Mashaqqatlardan keyingi rohat” nomli kitobini qayta-qayta o‘qib undan ushbu uch foydani oldim:

1. Kechadan keyin kunduzning kelishi aniq bo‘lganidek, mashaqqatlardan keyin rohatning kelishi tajribalardan o‘tgan va haqiqati qabul qilingan qoidadir. Bunda hech qanday shak-shubha yo‘q.
2. Mashaqqatlar kishining din va dunyosi bo‘yicha yetishishni yaxshi ko‘rgan narsalardan ko‘ra eng go‘zal foydadir.
3. Albatta, foydalarni jalb qiluvchi va zararlarni ketkazuvchi Zot yolg‘iz Alloh taoloning O‘zidir!

Biling, sizga yetgan narsa sizni chetlab o‘tishi uchun emas. Sizni chetlab o‘tgan narsa esa sizga yetishi uchun emas.
“O‘kinma” kitobidan

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ishlarning oqibatini bilmasdan turib, ehtimoliy musibatlar uchun g‘am chekmang