«Dadam vafot etdi, ammo men...baxtli odamman...»

  • 16 oktyabr 2019, 08:17
  • 2 602
  • Hayot tarzi
  • «Dadam vafot etdi, ammo men...baxtli odamman...»
    Yaqinda bir do‘stimning otasi uzoq davom etgan kasallik tufayli olamdan o‘tdi. Hafta o‘rtasi bo‘lgani uchun ishdan ortib vodiyga borolmadim. Dam olish kuni yetib borganimda fotihayu marakalari o‘tib, ko‘ngil so‘ragani kelayotganlarning safi siyraklashgan edi. Shu sabab do‘stimiz bilan ancha hasratlashib o‘tirdik.

    Darvoqe, do‘stim va dadasi haqida.

    U oddiy qishloq yigitlari qatori uylangach, yangi yer uchatkasi olib uy qurish, o‘g‘liga to‘y qilish... kabi “o‘zbekona” tashvish tufayli yillab Rossiya yo Qozog‘istonda ishlar, qish payti joynamozini qidirib qolsa-da, boshqa vaqt “ishdan ortmas”, agar ulfatlar yolg‘ondakam majburlasa, rostdan “qittay-qittay” qilib yuraverardi. U chet elda yurgan payti sinfdoshlar “do‘ppidek” osh ustida yig‘ilib qolsak, albatta, do‘stimizning otalarini topib kelardik. Ko‘ngli ochiq va samimiy inson bo‘lganlaridan davramizni “buzib” qo‘ymasdilar. Meni alohida yaxshi ko‘rar, va buning sababini o‘zim yaxshi bilardim: ozgina diniy ilmim borligidan edi bu e’tibor. Ora-chira mendan: “O‘rtog‘ingizni ham “yiqiting”, deb beozorgina iltimos qilardilar. Shusiz ham do‘stimga ibodatning shart va afzalligi haqida ko‘p va xo‘p aytardim. Ammo natija bo‘lavermasdi...

    Xullas, “fotiha”da o‘tirgan paytimiz asr namozning vaqti kirib qoldi. Tabiiyki, namozga taraddudlandim. Shunda do‘stim: “ Ichkariga kiraylik, birga o‘qiymiz” deb qoldi. Albatta, ajablanmadim, chunki biror yaqinidan ayrilgan hamqishloqlarimiz namozxon bo‘lib qoladi. Ammo, afsuski, bu mutaassirlik ko‘pga cho‘zilmasliginiyam bilamiz.

    Ibodatdan forig‘ bo‘lganimizdan so‘ng o‘rtog‘im gap boshladi: “Dadam ancha yotib qoldi. Xabaringiz bor, astoydil qaratdim. Mashina olishga to‘plagan pulim tugab, ancha muncha muncha qarzga ham kirdim, lekin roziman. To‘g‘ri, dadam vafot etdi, ammo men...baxtliman. Chunki yillab Rossiyada yurganimda “po‘k” etib o‘tib qolganlarida...o‘zimni kechirolmasdim... Uzoq kechalarda yonlarida o‘tirdim. Bor gaplarini menga aytdilar. Vasiyatlariniyam eshitdim. Ular orasida ukamga va menga besh vaqt namozni kanda qilmaslikni alohida tayinladilar, biz va’da berdik. Singillarimdan doimo xabar olishimni aytdilar, albatta, xabar olaman. Endi, do‘stim, namozni yaxshilab o‘rganmoqchiman, Sizga ancha savollarim yig‘ilib qolgan...”

    Do‘stimning keyingi gaplari qulog‘imga kirdi yo kirmadi. Men unga ishondim, u otasining vasiyatiga albatta amal qiladi, ibodatlarini kanda qilmaydi, inshaalloh...

    Toshkentga qaytar ekanman, do‘stimning rahmatli otasi haqida o‘ylab keldim. Sakson yildan ortiq yashadi. Doimo halol mehnat qilib o‘tdi, boy bo‘lishga intilmadi. Olti nafar farzandlarini uylab-joyladi. Birovdan oshib ham, boshqadan qolib ham ketmadi. Ibodatlarini ham go‘zallik bilan ado etardi, ya’ni qishloqdagi kam sonli namozxonlardan biri edi. O‘ta kamtar va hokisor edi. Havas qilsa arzigulik umr kechirib o‘tdilar. Bir so‘z bilan ta’riflash kerak bo‘lsa, men bu zotni “yaxshi banda” degan bo‘lardim...

    Ko‘z oldimda otaxonning tabassum muhrlangan chehralari namoyon bo‘ldi. Beixtiyor ko‘zimdan yoshlar, dilimdan duolar yog‘ila boshladi: “Allohim, shu yaxshi bandangni o‘z rahmatingga cho‘mdir...”
    Abdulaziz Muborak

    Manba: Azon.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » «Dadam vafot etdi, ammo men...baxtli odamman...»