20:15 / 17.11.2019
4 090

Nonvoyning xotini baxtli-yu...

Nonvoyning xotini baxtli-yu...
Bitta oilada ketma-ket ikki qiz dunyoga kelibdi. Ulardan so‘ng ukalari ham bor ekanu, hikoyamiz shu ikki opa-singil haqida.
Ikkisi ham bir-biriga o‘xshash, yurishi, turishi, kiyinishi ikki tomchi suvdek ekanu, xarakterlari boshqa-boshqa dunyo ekan.

Katta qiz mas’uliyatli bo‘lib, uy ishlarini o‘zi bajarib qo‘yaverar ekan. Ota-onasining so‘zini sira ikki qilmas ekan. Singlisi esa shaddodroq ekan, opasiga hamma ishlarni yuklab qo‘yib, o‘zi dugonalarining oldiga chopar ekan.

Katta qiz Pedinstitutga o‘qishga kiribdi. O‘sha yilning o‘zida birinchi sovchi yuborgan nonvoy yigitga turmushga chiqib ketibdi. Singlisi opasining ishiga qoyil qolmasa ham ichini og‘ritmaslik uchun hech nima demabdi.

Singlisi bir necha yil harakat qilib, axiyri o‘qishga ilashibdi. Bitirar-bitirmas, tanlab-tanlab, oxiri o‘qimishli insonga turmushga chiqibdi.

Boshida hammasi joyida ekan. Vaqt o‘tgan sayin turmush o‘rtog‘i bilan orasi buzila boshlabdi. Ikkisi ham men aqlliman, deya bahslashishaverar ekan. Ba’zi kunlari singil aqlli bo‘lsangiz ovqatingizni o‘zingiz pishiring, deya ishiga nonushta tayyorlamay ketib qolar ekan.

Vaziyat murakkablashavergach, keksa onasining yuragini siqmay deb, maslahat olgani opasining uyiga boribdi. Bu vaqtda uning bitta o‘g‘li, opasining esa ikkita qizi bor ekan.

Opa-singil salomlashib, ancha payt turli mavzularda suhbatlashishibdi. Opa hayotidan mamnunligini, qizlariga ham ustoz, ham ona ekanini fahrlanib gapiribdi. Singlisi qayerdan gap boshlashni bilmay turgan ekan, pochchasi tandirdan yangi uzgan nonlarini olib kirib, salom-alikdan so‘ng yana ish bilan tashqariga chiqib ketibdi.

Singil pochchasining ust-boshini, opasining ko‘ylaklarini ko‘rib, o‘ziniki bilan solishtiribdi, achingan bo‘libdi. Opa singlisining hayotidagi kelishmovchiliklarni eshitib, hayratdan yoqa ushlabdi:
-O‘rtada guldek farzandingiz, o‘g‘lingiz bo‘la turib-a?!

Keyin o‘z hayoti, turmush o‘rtog‘i haqida ibrat uchun gapira boshlabdi. Tanbeh beribdi:
-Erkak kishi ayol kishidan ustun...

Singil qoshlarini chimiribdi:
-Men ham oliy ma’lumotliman, bitta kam, tilim qisiq joyim yo‘q.

Faqat ajrashsak, bola kimda qoladi, shuni o‘ylayapman. Hali kar’era qilishim kerak.

Opa singlisini taniy olmay, baqrayibdi:
-Tavba! Nima jin urdi, yoki kimligingni unutib qo‘ydingmi? Bu nima gap? Erkak kishi bilan teng bo‘lmoqchimisan?
-Ha!
-Bo‘lolmaysan! Hatto, pochchang ham mendan ustun!
-O‘g‘ilingiz yo‘qligi uchun ham shunday deysizmi? Axir siz o‘qimishlisiz! Pochcham bo‘lsa...

Opa ortiq toqat qila olmabdi. O‘zini bosishga urinibdi. Singlisini qo‘llaridan ushlab:
-Nega ustun deysanmi, jinnivoy?

Bitta ustunlik tomoni borki, sen ikta-uchta diplom bilan ham yetib ololmaysan. Bu erkakning namozi ayolning namozidan ko‘proqligida! Bitta erkakning guvohligi ikkita ayolning guvohligiga tengligida. Va oxiri, uning roziligi bilan saodatga erishishingda.

Hayotda qanchalik omadli bo‘lmagin, oilangda tinchlik bo‘lmasa, bir pul. Haqiqiy baxtli ayol oilada ham, ishda ham o‘z o‘rnini topa bilgan ayoldir.

Nuriyaxonim Ulug‘bek qizi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nonvoyning xotini baxtli-yu...