Nega yashayapsiz? Hayotning ma’nosi nima?

  • 21 noyabr 2019, 00:32
  • 1 419
  • Hayot tarzi
  • Nega yashayapsiz? Hayotning ma’nosi nima?
    Nima uchun dunyoga kelganmiz? Yashashdan maqsad nima? Hayotning ma’nosi nima? Bu savollar har qanday insonni hayoti davomida hech bo‘lmasa bir marta o‘ylantirsa kerak.

    Nega hayotda nohaqlik va adolatsizlik haqiqat va adolat ustidan g‘olib kelgandek bo‘laveradi? Nega yovuzlik ezgulikni doim mahv etadi? Nega zulm, istibdod bunchalik keng tarqalgan? Azob-uqubatlar, mashaqqatlarga burkangan bu dunyoda odamdek yashab o‘tish uchun nima qilish kerak?

    Shu kabi og‘ir va murakkab savollar har bir ongli kishini o‘ylantirishi shubhasiz. Insoniyat yaralibdiki bu savollarga javob izlaydi. Faylasuflar, mutafakkirlar o‘zicha javob berishga urinadi. Qancha falsafiy oqim bo‘lsa shuncha xil javoblarni olish mumkin. Samoviy dinlar ham bu savollarga javob berib, insonga bu dunyoda ruhiy qanoat va taskin berishni, narigi dunyoda esa Do‘zax yoki Jannat bilan amallariga munosib jazolash yoki mukofotlashni va’da qiladi.

    Shoh asarlari bilan jahon adabiyotida chuqur iz qoldirgan buyuk rus yozuvchisi Lev Tolstoy ham o‘z vaqtida shu savollarga javob izlagan. Adabiy shuhrati cho‘qqiga chiqqan, mol-davlati gurkirab o‘sib, oilaviy farog‘at gashtini surib yashayotgan mahalda tushkunlikka tushib qoladi. Hayotidan ma’no, maqsad topolmaydi. O‘zini o‘ldirmoqchi bo‘ladi. Hamma narsa behuda tuyula boshlaydi. Uni hayotning ma’nosini izlash bezovta qila boshlaydi. Zohiran baxtiyor hisoblansa-da ammo ruhiy iztiroblar, alamlar girdobida qolib azob chekadi.

    Ana shu kechinmalarini "Iqrornoma" asarida bayon qiladi. Bolaligida o‘sha davr an’analariga muvofiq diniy ta’lim olganini, ammo o‘smir yoshida diniy dogmalarga ishonmay qo‘yganini yozadi. Undan keyin adabiyot olamiga kirib kelishi, mashhurlikka erishgani, adabiy olamning kirdikorlarini ochib tashlaydi.

    Shu asnoda o‘zini ham shafqatsiz fosh etadi. Hayotida qilib o‘tgan xatolarni, hattoki qonli jinoyatlarni, fahsh ishlar qilganini tan oladi.

    O‘ziga nisbatan ayovsiz rostgo‘yligi, vijdoniga sadoqatidan hayratga tushasiz. Zero, G‘arb adabiyotida bundaylar kamdan-kam uchraydi. Sharq olamida Bobur shaxsiyatini shu jihatdan Tolstoyga o‘xshatish mumkin. "Boburnoma" asarida Bobur o‘zining xatolarini, mag‘lubiyatlarini mardonavor e’tirof etadi, xaspo‘shlamaydi yoki o‘zini oqlamaydi.

    Tolstoy hayot ma’nosini izlashga astoydil kirishib, san’at-adabiyot, ilm-fan, tabiiy va aniq fanlardan tashqari ijtimoiy fanlarga ham sho‘ng‘iydi, ko‘p o‘qib izlanadi. Zamonasining eng bilimdonlari bilan suhbatlashadi. Hech biridan qoniqarli javob topolmaydi. Keyin buddizm va Islomni o‘rganadi. Oddiy xalq hayotini kuzatadi. Nihoyat, shunday xulosaga keladiki, inson uchun ruhiy madad beruvchi, yashashga undovchi, hayotga ma’no bag‘ishlovchi omil bu iymon ekan. Iymonsiz yashab bo‘lmaydi.

    Tolstoyning "Iqrornomasi"ni o‘qirkanman, Qur’oni Karim va Hadisi shariflarga yanada qiziqishim oshdi. Chunki Alloh Taolo bizga aniq-tiniq hidoyat yo‘lini, ikki dunyoda baxt-saodat manbaini ko‘rsatib qo‘ydi. Garangsigan, yo‘lini yo‘qotgan ummat emasmiz. Inson qanchalik dunyoviy yutuqlarga erishmasin, iymonsiz, solih amallarsiz qalbida xotirjamlik bo‘lmas ekan.

    Tolstoydagi mardlik, o‘ziga bo‘lgan talabchanlikka yana bir bor tan berdim. Uning dahosidan ziyoda, uning insonparvarligi, bani odam sharafini saqlashga bo‘lgan intilishiga qoyilman. Tavba-tazarru’ga, ichki taftishga chorlovchi ushbu "Iqrornoma"ni o‘qiganim uchun o‘zimdan minnatdor bo‘ldim. Hayotimni taftish qilishga, qalbimni izlashga va tahlil qilishga, o‘zligimni anglashga turtki bo‘ldi. Imkon topilsa boshqa kitoblarini ham boshqatdan o‘qib chiqaman deb qo‘ydim o‘zimga.
    Fayziddin Mo‘minov

    Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

    Manba: Sof.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Nega yashayapsiz? Hayotning ma’nosi nima?