19:25 / 16.12.2019
15 540

Er-xotin munosabatlaridagi eng katta xato - bu...

Er-xotin munosabatlaridagi eng katta xato - bu...
Er-xotin munosabatlari bir tekis munosabatlar emas. Yillar davomida bu munosabatlar ko‘p marotaba sinaladi, darz ketadi, hatto sinishi ham mumkin. Oilaviy baxt boqiy bo‘lishi mumkinmi?

Psixolog va seksapotologlarning ta’kidlashicha, oilaviy baxt uchun ko‘p narsa kerak emas. Baxtiyor oila bu bor narsa. Bunday oilada faqat bir tomon emas, balki erkak ham ayol ham o‘zini baxtiyor his eta oladi.

Hozirgi kunda yosh kelin-kuyovlarga qilinayotgan sarpolarni ko‘rib, ko‘pchilik oilaviy baxt uchun taxt kerak deb o‘ylashini tushunish qiyin emas. Yosh er-xotinni boshlang‘ich oilaviy hayotida imkon qadar ko‘proq buyumlar bilan ta’minlab, ularning turmushidagi barcha moddiy ehtiyojlarini oldindan qoplab qo‘ysak, er-xotin bekamu ko‘st yashab baxtiyor turmush kechiradilar, deb xato o‘ylaymiz. Keyin esa qancha sarpo qilinishidan qat’iy nazar ajralish, xafachilik va oila barbod bo‘lishini ko‘ramiz. Mebel qancha qimmatlashmasin, sarpo kiyimlari qanchalik ko‘paymasin, oilani saqlab qolish imkoniyati unga bog‘liq emasligini tushunamiz.

Oilaviy baxt - bu avallo erkak va ayol o‘rtasidagi munosabatlar natijasidir. Unga katta oila, sarpolar va hatto yangi mashina ham ijobiy ta’sir ko‘rsata olmaydi.

Er-xotin munosabatlarining yaxshilanishi ham, yomonlashishi ham ularning bir-biriga bo‘lgan munosabatiga bog‘liq. Bu ehtiros tufayli jo‘sh urayotgan jinsiy munosabatlar emas, ota-onasi qilgan sarpolardan kelib chiqadigan moliyaviy munosabatlar ham emas, qaynona xizmatini qilish kerakligini ta’kidlovchi ijtimoiy munosabatlar ham emas. Baxtli hayot uchun kerak bo‘lgan er-xotin orasidagi eng muhim munosabat - bu bir-biridan minnatdor bo‘lish munosabatidir.

Er-xotin munosabatlaridagi eng katta hato - bir-biridan minnatdor bo‘lmaslik!

Erkak ayoli unga chiroyli nonushta tayyorlagani uchun ichida bo‘lsa ham minnatdor bo‘lishni bilishi kerak, chunki ayoli uning uchun harakat qildi, uning ko‘nglini olishni istadi. Ya’ni ayoli aynan u uchun tinmayotganini tushunib qadrlashni bilishi kerak. Hamma shundayku, demay, men uchun faqat shu ayol shunday deya o‘zini xursand qila olishi kerak. Xotin bo‘lgandan keyin qiladida, demay, berilayotgan e’tibor uchun avallo taqdiridan, keyin esa ayolidan minnatdor bo‘lishni bilishi kerak.

Ayol ham eridan minnatdor bo‘lishni o‘rganishi lozim. Bozorlik qilib kelsa, uning uchun, bolalari uchun harakat qilayotganini tushunishi kerak. Tunda unga yoqimli harakat qilayotganini sezgan ayol ichida bo‘lsa ham eridan minnatdor bo‘lishi kerak. Chiroyli kiyim yoki sovg‘a so‘rab olib, eriga bor xursandchiligini ko‘rsata bilishi kerak.

Ayolmi, erkakmi o‘z turmush o‘rtog‘idan olayotgan barcha munosabatni norma singari qabul qilishi noto‘g‘ri. Oila degan kemani cho‘kib ketmasligi uchun ikkovi harakat qilayotgan bo‘lsa, demak ular bir-biri uchun harakat qilmoqda. Shuni ikkovi ham anglashi lozim. Minnatdorchilik insonni qanoatlantiradi.

Ota-onasini qarzga botirib uyini yasattirgan ayol eridan minnatdor bo‘la olarmikin? Kuyovlik xizmatini qilmay turib bosh-oyoq ta’minlanib qo‘yilgan er ayolini qadrlay olarmikin?

Psixologiyaning qaysi rukuniga yuzlanmang, baxtli munosabatlarning negizida minnatdorchilik hissi yotadi. Dinimizda buni shukronalik deb ataymiz.

Muhimi, yaxshilikni ko‘ra bilish. Misol uchun eri boshqa ayol ko‘nglidan chiqib xotiniga qo‘pollik qilayotganda minnatdor bo‘lish aslo kerak emas. Yoki bo‘lmasa kuni bilan ijtimoiy tarmoqlardan boshini ko‘tarmay, ko‘zguni oldidan ketmaydigan ayolga ham minnatdorchilik shart emas.

Lekin ozmi-ko‘pmi oilam, uyim-joyim, bolam-chaqam deydigan erkak va ayol o‘zaro bir-birlariga minnatdorchilik hissini ko‘rsatishni o‘rganishlari lozim. Ko‘chadan non olib kelsa ham, o‘pib qo‘ying. Ertasiga muzqaymoq keladi. Nonushtaga erta turib quymoq tayyorladimi, o‘pib qo‘ying, ertasi kuni somsa ko‘rasiz.

Biz esa ko‘pincha sheriklarimizning kamchiliklarini yaqqol sezamiz, ularga urg‘u beramiz, to‘g‘rilashga harakat qilamiz yoki shu deb ranjib yuramiz. Kunda qilinadigan yaxshi amallariga esa oddiy holdek qaraymiz.

Ko‘zga ko‘rinarli joyga qoldirilgan birgina "Rahmat" yozuvi, uni o‘qigan insonni qalbini bir zumda yorishtira oladi.

Sinab ko‘ring, bugun turmush o‘rtog‘ingizga har kuni qilib yuradigan biron ishi uchun undan minnatdor ekanligingizni ko‘rsating. U ish mayda bo‘lsa ham minnatdor ekanligingizni sezsin. O‘pib qo‘ying, minnatdorchilik so‘zlarini ayting, xursandchiligingizni namoyon qiling, qilgan oddiy ishini sovg‘a singari qabul qiling. Natijasi sizni juda tez xursand qilishiga aminmiz.

Manba: Uzbaby.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Er-xotin munosabatlaridagi eng katta xato - bu...