15:23 / 07.01.2020
6 280

Boy bo‘laman desangiz... sadaqa qiling!

Boy bo‘laman desangiz... sadaqa qiling!
Har safar yozmoqchi bo‘lgan, aytmoqchi bo‘lgan gaplarim mutlaqo riyo uchun emas. Koshki sahifada o‘qilsa, yo kimdandir eshitilsa, ibrat olishga arzisa, foydalanilsa, bir miqdor, bir zarra kabi savob topilsa degan umidim bor...
*****
Bundan uch yil oldin men uchun hech kim bo‘lmagan bir ayolning iltimosiga binoan mutlaqo biror evazsiz farzandiga yaxshilik qilgandim. U ayolni ham, farzandini ham qaytib ko‘rmasam kerak. Yordamimdan maqsad, savob umidida faqat Alloh uchun edi. U qilgan yaxshiligim ëdimdan butunlay chiqib ketgandi. Bir necha kun oldin esimga tushdi. "Sabab?" dersiz...

Men anchadan beri orzu qilayotgan, ammo yeta olmayotgan niyatimga bir kishi Alloh uchun qaytarib qo‘ydi. Yana, farzandimning ikkitasiga – ziyodasi bilan. Bilamanki, iymon keltirgan Zotim, u kishiga undanda ziyodasi bilan qaytaradi...
*****
Ushbu mavzuni tayyorlayoganimda, Toshkentga boshqa shahardan kelib ishlaydigan yosh yigit tanishimiz qo‘ng‘iroq qildi. "Aka, siz bilan ikkalamizning oramizda bir ibratli voqea bo‘lgan, siz buni bilmasangiz ham kerak. Shuni yozib chiqsangiz" deb qoldi. "Qandoq voqea ekan?" dedim.

"Bir kun ish vaqti tugagandan keyin supermarketga borib ul-bul yegulik sotib olmoqchi bo‘ldim. Ish joyimdan chiqib ketayoganimda yo‘lda muhtoj odamni ko‘rib qoldim. Rahmim kelib, cho‘ntagimdan bitta 5 ming so‘mlikni chiqarib berdim. Oldidan uzoqlashmoqchi bo‘lganimda Rasululloh alayhissalomning "O‘zingizga yaxshi ko‘rganingizni boshqalarga ham yaxshi ko‘ring" degan hadisi shariflari yodimga tushib qoldi. Cho‘ntagimda yana bir dona besh ming so‘mlik bor edi. Uniyam berdim. Yonimda pul qolmadi.

Makroga borib, shunchaki aylanib qaytib keldim. Ofisga kirib, oshxonani qaradim, yegulikdan hech narsa qolmabdi, hatto non ham yo‘q. Xonamdagi ish stolimga o‘tib, noutbukimni yoqdim. Qornim och. Ertalabgacha nimadir qilishim kerak. Xayolimdan shu o‘tib turgandi, telefon jiringladi. Go‘shakni ko‘tardim, siz ekansiz. "Qayerdasiz?" dedingiz. "Ishxonamdaman" dedim. "Tashqariga chiqasizmi, men kelib qoldim, bir joyga o‘tib kelamiz" dedingiz. Chiqdim. Ikkalamiz supermarketga bordik. Ishonasizmi, men yarim soat oldin olmoqchi bo‘lib, sotib ololmay qaytib ketgan narsalarimni to‘rt barobaridan ham ko‘prog‘ini sotib oldingiz...

Siz bir yaxshilikni Alloh uchun deb qilib qo‘yavering. Siz unutarsiz, lekin sizning ishingizni Alloh unutmaydi...
*****
Yaqinda bir kishini xayrli ishga taklif qildik. Aytdik-ki, "sizga bu dunëda qaytmaydi. Qilgan sahovatingiz butunicha faqat oxiratingizga zahira bo‘ladi"...
Rostini aytaman, bu taklif qilishimizning o‘zi oson bo‘lmadi. Ming xijolatchilik, ming istihola bor edi. U kishi hech bir ikkilanishsiz qabul qildi...

Men bu yerda aytmoqchi bo‘lganim shuki, taklifni qabul qilishda ham farq bor. U kishi qabul qildi va xayrlashuvimiz chog‘ida butun umr esdan chiqmaydigan so‘z aytdi.
Qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ydi-da, "Meni shunday xayrli ishga munosib ko‘rganingiz uchun katta rahmat, boshim osmonga yetdi" dedi...

Salim AYYUBIY

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Boy bo‘laman desangiz... sadaqa qiling!