16:07 / 24.01.2020
3 508

“Kitob o‘qimagan xalq ortda qoladi”

“Kitob o‘qimagan xalq ortda qoladi”
Tahririyatdan: O‘tgan yili Kanadada yashayotgan yurtdoshimiz, erkin jurnalist va huquqbilimchi Baxtiyor Shohnazarovning yangi kitobi chop qilingandi. "Chet elda yashash: Amerika" deb nomlangan qo‘llanma-kitob muallifning hayotiy tajribasidan kelib yozilgan.

Mazkur kitob yangi dunyoga kelishni rejalashtirgan yoki allaqachon Shimoliy Amerika qit’asida yashayotgan yurtdoshlarimiz uchun beminnat dastur bo‘lib xizmat qilishini kitobga so‘zboshi yozgan 1990-yillar boshlaridagi sobiq Oliy Kengash deputati Jahongir Muhammad va "Amerika Ovozi" jurnalisti Navbahor Imamovalar ta’kidlashgan.

O‘zbek tilining boy imkoniyatlari ishga solinib, kitob tilimizga yangicha qarash va yondashish bilan bitilgan.
Muallifning roziligi bilan kitobdan parchalar e’lon qilishni boshlaymiz.

Muallifdan: “Kitob o‘qimagan xalq ortda qoladi”

“Feysbuk”da bir ibratli hikoyaga ko‘zim tushib qoldi. Unda har xil millatga oid ikki qo‘shni haqida so‘z yuritiladi. Qo‘shnilarning tengqur o‘spirin o‘g‘illari bor ekan. Bir kuni birinchi qo‘shni o‘g‘liga bir dollar beribdi. O‘g‘li bozorga borib, bir dollarga qatiq sotib olibdi. Uyga kelib, unga qaynagan suvni sovutib qo‘shib, ayron qilibdi. Ayronni sotib, o‘n dollar pul qozonibdi. Pulning besh dollarini otasiga beribdi. Ota-bola xursand bo‘lishibdi.

Ikkinchi qo‘shni ham o‘sha kuni o‘g‘liga bir dollar bergan ekan. O‘spirin pulni olib, unga cho‘ntagidagi pulni ham qo‘shib, kitob do‘koniga chopibdi. Fizikaga oid bitta kitob olmoqchi bo‘lib yurgan ekan. Lekin, puli yetmagani uchun, do‘konchi bilan qolganini pul topganida olib kelib berishga kelishib olibdi. Uyga borib, kitobni yotvolib o‘qibdi.

Oradan o‘n yil o‘tibdi. Birinchi qo‘shnining bolasi haligacha bozorda ayron sotar va tirikchiligi o‘tayotganidan xursand ekan. Ikkinchi qo‘shnining bolasi esa Amerikaning Silikon vodiysida oyiga o‘n ming dollar olib ishlar ekan.

1930-yillardagi Stalin qatag‘onidan keyin o‘zbek xalqi o‘z oydin-ziyolilaridan judo bo‘ldi. Natijada, kommunizm g‘oyasi miyasiga singdirilganida qanday qarshilik ko‘rsatishni bilmadi. Chunki, buning uchun bilimli bo‘lish, g‘oyaga qarshi g‘oya bilan kurashish va o‘z qarashini ilmiy asosda isbotlab berishni o‘rganish zarur edi.

Ko‘pchilik kitob o‘qib, bilim olish o‘rniga pul topib, dang‘illama uchastka qurish, avtomobil sotib olib, tillarda doston bo‘ladigan to‘y qilish dardiga tushib qoldi. Hatto, kitob o‘qigan bolalarga “o‘qib olim bo‘larmiding, chiqib mollarni o‘tlatib kel” deyildi. Bularning natijasi hozirgi kunda yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi. Yoshlar orasida “maktabni bitirsam, chet el (Rossiya)ga borib, har qanaqa ish bo‘lsa ham ishlayman” deb fikrlaydiganlar talaygina.

Qissadan hissa shu-ki, kitob o‘qimagan va bilimga chanqoq bo‘lmagan xalq boshqalarning xizmatkoriga aylanadi. Faqat bugungi kuni o‘tishini o‘ylab, kelajakka yotirim qilmaslikning oqibati shunga olib keladi.

Men “hech kim kitob o‘qimaydi” demoqchi emasman. Lekin, raqamlar juda o‘jar bo‘ladi. 1970-yillarda aholisi o‘n to‘rt million kishi bo‘lgan O‘zbekistonda kitoblar oltmish-yetmish ming nushada chop qilinardi. 2018 yil oxirlariga kelib, aholi soni o‘ttiz uch millionga yetgan. Kitoblar esa uch-to‘rt ming nushada chiqarilayapti, xolos. Tushungan odam uchun bu judayam ayanchli statistika bo‘lib, kitobxonlik darajasi qirq-ellik baravarga (!) ozayganini anglatadi.

Boshga tushgan – tabib” deydi dono xalqimiz. Mening “Turkiyadagi o‘zbeklar. Hayotiy voqealar” nomli ilk kitobim 2008 yili Izmirda turk tilida chop qilingan. Kitob Turkiyada tezda tarqalib ketdi. Xususan, Turkiya Madaniyat va sport ishlari vazirligi ikki yuzta kitob sotib olib, kutubxonalarga yetkazib berdi. O‘zim esa ancha kitobni turkistonliklar jamiyatlariga sovg‘a qilgandim.

Qo‘lingizdagi kitobning birinchi nashri chop qilingandan keyin ancha-muncha tanishlardan uni kitobxonlarga yetkazib berish haqida maslahat so‘radim. Deyarli barchasi “o‘zbeklar kitob o‘qimay qo‘yishgan” deyishdi. Lekin, bu unchalik rost emasligini hayotning o‘zi ko‘rsatdi. 2018 yil 1 dekabr kuni Chikagoda o‘tkazilgan kitob taqdimoti ikki soat o‘rniga uch soat davom etdi. Qiziqarli o‘tgan tadbirdan keyin qatnashuvchilar kitobni qo‘lma-qo‘l qilib yuborishganini ko‘rganimda tanishlarim adashishganini angladim.

“Bilmaganin so‘rab o‘rgangan olim, orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim” degan edi buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy. Mazkur kitob og‘iringizni yengil qilib, yangi bilimlar bersa, men o‘zimni o‘ta baxtiyor his qilgan bo‘lur edim. Qimmatli vaqtingizni ayamay, kitobni o‘qishga kirishayotganingiz uchun katta rahmat!

Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Baxtiyor Shohnazar

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Kitob o‘qimagan xalq ortda qoladi”