00:30 / 08.02.2020
4 106

Farang xonim sabab asl islomni topdim...

Farang xonim sabab asl islomni topdim...
Misrlik Suzi Mazhar yigirma yildan beri Allohning haq diniga chaqirish yo‘lida yurgan da’vatchi ayol. Uning ismi Allohga qaytib, tavba qilgan san’atkor ayollarning ismlari bilan bog‘liq, shuningdek, ular orasida Islomiyatga da’vat borasida anchayin ahamiyatli o‘rni bor. So‘zi o‘z tavbasi haqidagi qissasini shunday hikoya qiladi:

"Universitetning adabiyot fakulteti jurnalistika bo‘limini tamomlaganman. Buvimning qo‘lida voyaga yetdim. San’at ustasi, artist Ahmad Mazhar amakim bo‘ladi. Ko‘p vaqtlarimni teatr va konsertlar tomoshasida o‘tkazardim. Erkinlik va hurlik deb atalmish tushuncha bilan atrofimdagi hayvoniy ko‘zlar oldida o‘zimni jamolimni ko‘z-ko‘z qilib yurar edim. Buvim menga qattiq turmasdilar. Ota-onam ham shu kabi edilar. O‘zi ko‘pgina zodagon odamlar va ularning farzandlari shu kabi hayot kechirishadi. Ular hayvonlar kabi, balki, ulardan battaroq bo‘lgan turmushda yashashadi.

Haqiqatda, Islom haqida uning nomidan boshqa hech narsani bilmas edim. Lekin, mol-dunyo va obro‘-e’tiborli bo‘lsamda, menda bir narsadan qo‘rquv bor edi… Men gaz va elektrdan chiqadigan yong‘inlardan juda qo‘rqardim. Alloh meni qilayotgan ma’siyatlarim tufayli bir kuni o‘tda yondirib yuboradi degan gumon meni qo‘rqitardi. Ertaga Allohning azobidan qanday najot toparkinman, deb ichimda o‘ylardim. Ba’zida, vijdonimning bu kabi malomatlaridan qochib uyquga g‘arq bo‘lar, ba’zida esa teatr yoki kinoga chiqib ketardim.

Vaqti soati yetib, turmushga chiqdim. Turmush o‘rtog‘im bilan "asal oyi" ni o‘tkazish uchun Fransiyaga, Parijga sayohat qildik. Safarda bir narsa meni e’tiborimni tortdi. Rimda yurgan chog‘imizda Vatikanda bo‘lgandik. Rim Papasining muzeyiga kirmoqchi bo‘lganimizda, eshikbon egnimga katta qora xalat kiyib olishimni, aks holda kirgizmasligini aytib turib olgandi… Ular o‘zlarining buzilgan diyonatlarini mana shunday hurmatlashadi…

Shu onda pichirlab, o‘zimga savol berdim: "Bizga nima bo‘ldi, Islomimizni shunchalar hurmat qilmay, bee’tibor bo‘lib qolibmiz?!"
Sun’iy baxtiyorligimning eng avji kechayotgan o‘sha kunlarning birida erimga, ne’matlariga shukrona ramzida Alloh uchun ikki rakaat namoz o‘qib qo‘ymoqchiman, dedim. U: "Nimani istayotgan bo‘lsang, shuni qilishing mumkin, bu seni erking!" dedi.

Bir kuni uzun ko‘ylak va ro‘mol oldimda, Parijdagi katta jome’ masjidga kirdim…. Ikki rakaat namoz o‘qidim…
Masjiddan chiqar ekanman, boshimdagi ro‘molni va uzun ko‘ylakni yechib, endi sumkamga solmoqchi edim, kutilmagan bir voqea sodir bo‘ldi…

Oldimga ko‘k ko‘zli bir fransuz qiz yaqinlashdi. Bu ko‘zlarni unutmayman… Bir umr unutmayman… Egnida islomiy libos-hijob… Kelib, qo‘limdan ohista tutdi va yelkamga qo‘lini qo‘yib, past ovozda:
"Opajon, hijobingizni nega yechayapsiz? Axir, bu Allohning buyrug‘i ekanini bilmaysizmi!!!" deya shivirladi.

Uning bu so‘zlaridan dong qotib qoldim. Keyin, o‘zi bilan bir necha daqiqaga masjidga kirishimni iltimos qildi. Rad etmoqchi bo‘ldimu, lekin, qizning chiroyli odobi, latif muomalasi meni ichkariga kirishga majbur qildi…

U: "Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekaniga guvohlik berasizmi? Ushbu shahodat kalimasi - "La ilaha illalloh" ning ma’nosini tushunasizmi? Ular faqat tildagina aytiladigan kalimalar emas, balki, uni tasdiqlash va unga amal qilish ham kerakligini-chi?" deb savollar yog‘dira ketdi.

O‘sha kuni qiz menga hayotdagi eng qisqa darsni ta’lim berdi… Qalbim titrab ketdi… Uning so‘zlaridan his-tuyg‘ularim yumshab, ta’sirlanib ketdim…
Qisqa suhbatimiz nihoyasiga yetib, xayrlashar ekanmiz, qiz qo‘limdan tutib: "Opajon, dinga (Islomga amal qilish bilan) yordam bering…" dedi. Masjiddan atrofimda nimalar bo‘layotganini sezmagan holda, o‘y-fikrlarimga ko‘milib chiqdim.

O‘sha kunim erim bilan tungi klublardan birida ko‘ngilchog‘lik qilish uchun joy buyurib qo‘ygan edik. "Kabare" deb nomlanadigan to tonggacha maishat bo‘ladigan ushbu makonda erkagu ayol birga raqslarga tushishadi. Ular musiqa og‘ushida, kuy ohangida asta-sekin, bo‘laklab-bo‘laklab bir-birlarini kiyimlarini yechishadi… Sharmandagarchiliklar avjiga minadi… Xuddi hayvonlar kabi, yo‘q, balki hayvonlar ham qilmaydigan, qilishga or qiladigan uyatsiz ishlar u yerlarda to tonggacha davom etadi…

Tomosha qilib o‘tirib, birdan ulardan nafratlanib ketdim… Zalolatga cho‘mgan nafsim ulardan jirkanib ketdi… Ulardan yuzimni burib teskari o‘girilib oldim… Atrofimda kim borligini sezmay boshladim… Havo yetishmayotgandek bo‘ldi… Erimdan nafas olish uchun tashqariga chiqishimizni talab qildim…

Ertasigayoq Qohiraga qaytib ketdim. Kelasolib, birinchi ishim Islom bilan tanishish bo‘ldi. Garchi men shu vaqtgacha dunyo ne’matlariga burkanib yashagan bo‘lsamda, xotirjamlik va oromni bilmay yashaganman. Lekin, o‘sha sakiynatni, oromni men Islomga yaqinlashganimdan so‘ng, namoz o‘qib, Qur’on tilovat qila boshlaganimdan keyingina topdim.

Atrofimdan johiliy hayot chekindi va men endi kunu-tun Qur’on mutolaasi bilan band bo‘ldim… Ibn Kasiyr, Sayyid Qutblarning tafsirlarini topib o‘qidim. Xonamda o‘tirib olib, uzun soatlarni zavq va shavq bilan kitob o‘qishga bag‘ishladim…. Ko‘p o‘qidim… Tungi o‘tirishlar, kino-teatrlar, maishatlar bilan to‘lgan zalolat hayotimdan hijrat qildim… Muslima ayollar bilan tanisha boshladim…

Avvalda, erim hijob o‘rashim, ularning johiliy hayotlaridan chekinishim, qarindosh va boshqa erkaklardan o‘zimni tortishim, nomahram erkaklar bilan qo‘l berib ko‘rishmasligim kabi hatti-harakatlarimga qattiq turib qarshilik qildi…

Bularning bari Alloh tomonidan menga bo‘layotgan imtihon va sinovlar edi. Lekin, iymonning ilk qadamlari Allohga to‘laligicha taslim bo‘lish, Uning ko‘rsatmalariga bo‘ysunish hamda Alloh va Rasulini barcha boshqa narsalardan ortiqroq yaxshi ko‘rish bilan qo‘yiladi.

Ko‘pgina muammolar boshimdan o‘tdi. Erim bilan ajrashishgacha boray dedik…

Lekin…. Kichkinagina uyimizga Islomning kirishini amr etgan Allohga hamd bo‘lsin… Alloh subhanahu va taolo erimni ham Islomga hidoyat etdi… Hozir u mendan ko‘ra yaxshiroq musulmon kishiga aylangan…. Hozir u Allohning Haq diniga da’vat etuvchi muxlis kishilardan biri… Mayli, men uni shunday deb hisoblayman va Allohga biron kishini maqtamayman...

Kasalliklar, dunyoviy mushkulotlar va biz duchor bo‘layotgan bir qancha musibatlarga qaramasdan biz hozir baxtiyormiz… Biz bu musibatlarimiz dunyomizdagina ekanidan va shukrkim, dinimizda emasligidan juda baxtiyormiz…"

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Farang xonim sabab asl islomni topdim...