11:30 / 23.02.2020
4 929

Rossiyada taksichilik qilayotgan vatandosh O‘zbekistondagi hayoti va buguni haqida

Rossiyada taksichilik qilayotgan vatandosh O‘zbekistondagi hayoti va buguni haqida
Foto: Kun.uz
Ko‘plab yurtdoshlarimiz Rossiyada taksichilik bilan shug‘illanishadi. Bu yurtga safar davomida Andijon viloyatining Asaka shahridan kelgan va hozirda Moskvada taksichilik qilayotgan Alisher Mamadaliyev bilan uchrashdik.
Alisher Mamadaliyev bilan uning O‘zbekistondagi ishi, bugungi kundagi ishi, haydovchilik guvohnomasini olish jarayoni, «GAI» xodimlari bilan munosabat hamda taksichilik ortidan topadigan oylik daromadi haqida suhbatlashdik.

«Oyligim 650 ming so‘m edi»
Men Andijon viloyati Asaka shahridanman. Rossiyaga kelishimdan oldin UzDaewoo avtokompaniyasining yig‘uv sexida ishlaganman. Kompaniyada bir oyda norma ish soati 176 soat edi. Lekin reja qo‘yishar edi. Ish soati ham rejaga qarab har xil bo‘lgan. Lekin ishga qaraganda oylik maosh juda past edi. 12 soat davomida bitta konveyerda turish juda og‘ir edi. Ishlatadigan asbob-uskunalarimizning og‘irligi 4-5 kg, eng yengili 3 kg edi. 2015 yilda kompaniyadan chiqib ketayotganimda oyligim 650 ming so‘m edi.

«Rossiyada haydovchilik guvohnomasi 25 mingdan 35 ming rublgacha»
Haydovchilik guvohnomasini olish uchun 3 oy davomida o‘qiladi. To‘lov esa 3 oy uchun eng kamida 25 ming rubldan 35 ming rublgacha. Imtihonda 20ta savol beriladi. Agar imtihondan o‘ta olmasangiz, keyingi imtihon 15 kunda yoki 1 oydan keyin bo‘lishi mumkin. Birinchi imtihondan ko‘pchilik holatda yiqilishadi. Chunki 20ta savolga javob berish oson emas. Rossiyadagi yo‘l belgilari bilan O‘zbekistondagi yo‘l belgilarining ancha farqi bor.

«Haydovchilik guvohnomasini tanish-bilish qilib olsa bo‘ladi»
Haydovchilik guvohnomasini tanish-bilish qilib olsa bo‘ladi. Lekin o‘qish kerak. Agar o‘qimasdan guvohnoma olmoqchi bo‘lsangiz, GAIda tanish bo‘lishi kerak. GAI xodimlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelib sizdan pul so‘ramaydi. Tanish orqali olishning narxlari bor. Nazariy imtihondan o‘tish narxi 15 ming rubl, amaliysi ham 15 ming rubl, umumiy 30 ming rubl bo‘ladi. 35 ming rubl o‘qishga, 30 ming rubl imtihonga sarflasangiz, bu haydovchilik guvohnomasini olish 1000 dollarga tushadi degani.

Agar O‘zbekistonda olgan haydovchilik guvohnomangiz bo‘lsa stajingizga qo‘shib beradi. Bo‘lmasa yangi haydovchilik guvohnomasi beradi. Yangi haydovchilik guvohnomasi olganlarga 3 yilgacha taksichilik qilish mumkin emas. Qonun bo‘yicha shunaqa tartib.

«O‘zbekistonda oyligim yaxshi bo‘lsa kelmasdim»
Agar O‘zbekistonda oyligim yaxshi bo‘lganda Rossiyaga kelmas edim. Chunki bu yerdan juda zerikkanman. Eng yaxshi ishlarda ishlagan bo‘lsam ham zerikkanman. Hozirgi kunda O‘zbekistonda oilada bir kishi ishlaydigan bo‘lsa, eng kami 4 million oylik olsa oilaga yetib turishi mumkin.

«O‘g‘il bolalar kuyov salom qilib yurishibdi»
Musofirchilikda yurgan ota-onalarning farzandlariga bu salbiy ta’sir qiladi. Yaqinda ko‘rdik. Ko‘pchilik yigitlar kuyov salom qilib yurishibdi. Agar farzand otasiz tarbiyalansa, unda oriyat bo‘lmaydi. Unda erkakcha munosabat bo‘lmaydi. Ota-onasi Rossiyada yursa, bola otasidan, qiz onasidan tarbiya olmasa bu qanday bo‘ladi? Hozir ayolimga ham, o‘zimga ham qiyin bo‘lyapti.

«Ertalab soat 6dan kechasi 10gacha ish»
Odatda ish ertalab soat 6dan kechqurun 10gacha davom etadi. Moskvada bir kunda 7-8 soat vaqtingiz tirbandlikda o‘tib ketishi mumkin. Bir kunda 12-14 soat ish bo‘ladi.

Taksichilik orqali oyiga qancha pul ishlab topish mumkin?
Moskvada bir kunlik mashina ijarasi o‘rtacha 1500 rubl. 1000 rublga mashinaga benzin quyiladi. 500 rublga ikki mahal ovqatlaniladi. Bir kunda jami 3000 rubl xarajat bor.

Kuniga 5000 rubl topa olsa, 2000 rubl kunlik foyda oladi. Bir oyda 60 ming rubl bo‘ladi. Bu 900 dollar degani. 60 ming rubldan 5 ming rubl patentga, 5 ming kvartiraga, 5 ming yeb-ichishga ketadi. Shunda sof foyda 45 ming rubl, ya’ni 700 dollar topishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Rossiyada taksichilik qilayotgan vatandosh O‘zbekistondagi hayoti va buguni haqida