13:37 / 21.10.2016
7 941

«O‘zavtosanoat» AK mahsulotlari Shimoliy Afrika va Fors ko‘rfazi mamlakatlariga eksport qilina boshladi

«O‘zavtosanoat» AK mahsulotlari Shimoliy Afrika va Fors ko‘rfazi mamlakatlariga eksport qilina boshladi

Jahon iqtisodiyotida inqiroz holatlari hamon saqlanib turgan va jahon bozoridagi narxlar eksport salohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bir sharoitda yurtimiz eksportchilarining tashqi bozordagi o‘rnini saqlash maqsadida xorijga mahsulot etkazib berish hajmini ko‘paytirish, eksport qilinadigan mahsulotlar turi va geografiyasini diversifikasiya qilish, eksport faoliyatiga yangi korxonalarni jalb etish ishlari davom ettirildi.

O‘zA xabarida keltirilishicha, O‘zbekistonda joriy yil boshidan buyon 835 korxona eksport faoliyatiga jalb etildi, 246 turdagi yangi mahsulot eksporti yo‘lga qo‘yildi. Mahalliy mahsulotlarni chetga etkazish geografiyasi 52 ta yangi bozorga ko‘paydi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Davlat statistika qo‘mitasining mamlakatni joriy yil 9 oyida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari bo‘yicha hisobotida ma’lum qilindi.

Xususan, Birlashgan Arab Amirliklari, Livan, Iordaniya, Iroq, Gana, Senegal, Kot-d’Ivuar, Somali, Nigeriyaga yengil avtomobillar, Yaponiya, XXR, AQSh, Isroilga vinomateriallar va vino-aroq mahsulotlari, Polsha, XXR, Turkiya, Janubiy Koreya, Latviya, Afg‘onistonga kimyo mahsulotlari, Shvesiya, Ruminiya, Bolgariya, Turkiyaga mineral o‘g‘itlar, Belarus, Ozarbayjon, Polsha va Janubiy Koreyaga sport poyabzallari, charm buyumlar va boshqa mahsulotlar eksport qilindi.

Buning samarasida shu yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra, tovar va xizmatlar eksport hajmi 2015 yilning shu davriga nisbatan 1,4 foiz o‘sdi. Polietilen, trikotaj polotno, ip gazlama, farmasevtika preparatlari va tibbiyot buyumlari, molibden, volfram mahsulotlari, ammofos, kalsiylashtirilgan soda, yuk avtomobillari va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega boshqa mahsulotlarni eksport qilish hajmi oshdi.

Mamlakatda etishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilgani, jumladan, «O‘zagroeksport» ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi tashkil etilgani natijasida joriy yil 9 oyida 543 ming tonnadan ziyod yoki 2015 yilning shu davriga nisbatan 40,4 foiz ko‘p ho‘l meva va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » «O‘zavtosanoat» AK mahsulotlari Shimoliy Afrika va Fors ko‘rfazi mamlakatlariga eksport qilina boshladi