16:04 / 27.01.2017
7 085

"Yashil haftalik" O‘zbekistonga 151,2 mln $lik shartnomalar keltirdi

"Yashil haftalik" O‘zbekistonga 151,2 mln $lik shartnomalar keltirdi

Berlinda etti kun davomida bo‘lib o‘tgan "Yashil haftalik — 2017" ko‘rgazmasida O‘zbekistondagi tashqi savdo kompaniyalari, qayta ishlash korxonalari, viloyatlar va tumanlar hokimliklari vakillari Evropa va boshqa mamlakatlarga yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari etkazib berish bo‘yicha 151,2 mln dollarlik eksport shartnomalari tuzdilar. Bu haqda "O‘zagroeksport"ga asoslanib Sputnik agentligi xabar berdi.

Germaniya, Buyuk Britaniya, Latviya, Janubiy Koreya, Hindiston, Xitoy, BAA, Turkiya kabi o‘ndan ortiq mamlakatlar bilan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

"Xorijlik hamkorlar bilan muzokaralar jarayonida o‘zbek delegasiyasi vakillari meva-sabzavot mahsulotlarini etishtirishning iqtisodiy texnologiyalari, mahsulotni qayta ishlash va eksportini takomillashtirish, qishloq xo‘jalik ekinlarini kasallik va zararkunandalardan himoya qilish masalalarini batafsil muhokama qildilar", — deyiladi xabarda.

Ko‘rgazmada O‘zbekistonning qishloq xo‘jalik salohiyatini "O‘zbekoziqovqatxolding", "O‘zvinsanoatxolding" xolding kompaniyalari, "O‘zagroeksport" Aj hamda respublikadagi fermer xo‘jaliklari namoyish etishdi.

Maydoni 200 kv metrga yaqin bo‘lgan O‘zbekiston milliy stendiga qo‘yilgan yangi mevalar, sabzavot va rezavorlar, quritilgan mevalar, yog‘-moy va vino mahsulotlari, ziravor va ko‘katlar, qayta ishlangan mahsulotlar — sharbatlar, murabbolar, turli konservalar ko‘pchilikning e’tiborini jalb etdi.

"Yashil haftalik" — qishloq xo‘jalik, chorvachilik, bog‘dorchilik va oziq-ovqat sanoatidagi so‘nggi yutuqlarni namoyish etuvchi jahondagi eng yirik ko‘rgazma. Bu yil ko‘rgazmaga 400 mingdan ortiq kishi tashrif buyurdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » "Yashil haftalik" O‘zbekistonga 151,2 mln $lik shartnomalar keltirdi