12:11 / 01.04.2017
6 133

«Lukoyl» O‘zbekistonga bojsiz neft etkazib beradi

«Lukoyl» O‘zbekistonga bojsiz neft etkazib beradi
Rossiya O‘zbekiston bilan bojsiz neft etkazib berish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. Gap yiliga 200 ming tonna Rossiya neftini etkazib berish haqida bormoqda. Bu, asosan, «Lukoyl» kompaniyasining xom ashyosi bo‘ladi. Bu haqda Rossiyaning «Izvestiya» gazetasiga asoslanib Kun.uz yozmoqda.

Avvalroq, ya’ni o‘tgan yil oxirlarida O‘zbekiston hukumati Omsk–Pavlodar–Chimkent–Zafarobod magistral quvuri orqali bojsiz neft etkazib berilishini so‘ragan, biroq, Rossiya rahbariyati texnik imkoniyat mavjud emasligini aytgandi. Qozog‘iston tranzit borasida o‘z yordamini taklif qilganidan so‘ng, muzokaralar davom etdi.

«O‘zbekistonga neft etkazib berishdan manfaatdor tomon «Lukoyl»dir, asosan uning xom ashyosi ushbu respublikaga etkaziladi», — deya izohlagan manba.

Boshqa bir manba, neft eksportida «Gazprom neft», «Russneft» va «Rosneft» kompaniyalari ham ishtirok etishi mumkinligi, bunda «Rosneft»ning Xitoyga neft etkazib berish bo‘yicha majburiyatlari inobatga olinishi haqida so‘z yuritgan.

Biroq, hozircha, «Lukoyl» matbuot xizmati O‘zbekistonga neft etkazib berish bo‘yicha ariza topshirgani yoki yo‘qligi va uning hajmi qancha bo‘lishi haqidagi savollarga izoh bermagan.

«Gap, yiliga uncha katta bo‘lmagan miqdor, 200 ming tonna neft haqida bormoqda», - degan muzokaralar jarayonidan xabardor manba.

Ammo, Rossiya energetika vazirligi bu raqamni tasdiqlaganicha yo‘q.

«Rossiyadan O‘zbekistonga bojsiz neft etkazib berish borasida muzokaralar davom etmoqda. RF hukumati topshirig‘iga ko‘ra, masala echimi muhokama qilinmoqda», - deyishgan Energetika vazirligida.

Bu masalaning echimi sifatida Rossiya neftining Qozog‘iston orqali tranzit qilinishi aytilmoqda. «KazMunayGaz» milliy neftgaz kompaniyasi Rossiya neftini O‘zbekistonga tranzit qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor. Qozog‘iston energetika vaziri Kanat Bozumabaev O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu respublikaga tashrifi chog‘ida shuni ma’lum qilgandi. Tashrif yakunlari bo‘yicha, tomonlar neft quvuridan xom ashyo importini yo‘lga qo‘yishda foydalanishga kelishib olishgandi. «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi raisi Alisher Sultonov shu haqda bayonot bergandi.

Bugungi kunda O‘zbekiston janubi-g‘arbiy neft konlarida 3 mln tonna atrofida neft qazib olinadi. Mamlakatdagi 3ta neftni qayta ishlash zavodida esa 11 mln tonnaga yaqin xom ashyoni qayta ishlash imkoni mavjud. Neft mahsulotlari iste’moli yiliga 3,5 mln tonnani tashkil etadi.

Bundan tashqari, «Lukoyl» kompaniyasi O‘zbekiston yoqilg‘i bozorini istiqbolli deb biladi.

Qozog‘iston esa, Rossiya neftining O‘zbekistonga etkazib berilishida JST (Jahon savdo tashkiloti) qoidalariga amal qilinishining kafolati bo‘lib xizmat qiladi.

JST shartlariga ko‘ra, Rossiya ayrim mamlakatlarga bojsiz neft etkazib berishni yo‘lga qo‘ysa, bunda tashkilotning boshqa a’zolari ham undan shuni talab qilishlari mumkin bo‘ladi.

Bunda, agar Qozog‘iston tranzit mamlakati bo‘lsa, JST qoidasi buzilmaydi. Chunki, Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasida mahsulotlar va xizmatlarning erkin aylanishi xususida kelishuv mavjud.

Ta’kidlash joizki, Rossiyaning xususiy «Lukoyl» kompaniyasi 5 mlrd dollar sarmoya kiritib, O‘zbekistondagi eng yirik xorijiy investor hisoblanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » «Lukoyl» O‘zbekistonga bojsiz neft etkazib beradi