22:23 / 28.02.2018
5 678

O‘zbekiston 1,4 million dollarlik choy eksport qiladi

O‘zbekiston 1,4 million dollarlik choy eksport qiladi
“O‘zbekipaksanoat” uyushmasidan ma’lum qilishlaricha, Buxoroda bunyod etilayotgan choy zavodi uchun zarur texnologik uskuna va jihozlar ortilgan karvon Xitoydan yo‘lga chiqdi. Bu tez orada O‘zbekistonda sanoatning yana bir yangi tarmog‘i — tut bargidan choy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, deganidir.

Oramizda tut sharbatini ichgan, shinnisi, boringki, qoqisini tanovvul qilganlar ko‘p. Ammo tutchoy ichganlar juda kam topiladi. Sababi, ushbu antiqa choy yurtimizda ishlab chiqarilmaydi. Uning shivandalari esa azal-azaldan Chin o‘lkasidan keltirishgan.

Endi bunga hojat qolmaydi. “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan hayotga tatbiq qilinayotgan yangi loyiha tufayli bunday shifobaxsh ne’matga bo‘lgan ichki ehtiyoj ta’minlanib, katta miqdorda eksport qilinishi ham ko‘zda tutilgan.

“Tut bargidan choy ishlab chiqarish qaroriga dabdurustdan kelganimiz yo‘q. Dastlab tut barglari Xitoyga olib borilib, undan sinov tariqasida choy ishlab chiqarildi. Natija nafaqat bizni, balki xitoylik investorlarni ham qiziqtirib qo‘ydi. Va hamkorlikda loyiha ishlab chiqdik” , — deydi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi Bahrom Sharipov.


Ayni paytda ijrosiga kirishilgan loyiha qiymati 2 million AQSH dollariga teng. Uning teng yarmi — 1 million dollari “O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan moliyalashtiriladi. Qolgani esa chet ellik investor tomonidan qoplanadi. Kelishuvga ko‘ra, xitoylik hamkorlar kerakli jihozlar va mutaxassislar olib kelishadi.

Tutchoy salomatlik uchun koni foyda. Uning tarkibida kofein va tanin modasi odatdagi choydan 200 barobar kam, vitamin va minerallar esa aksincha ko‘p. Xususan, A, V, A1, Ye va S vitaminlari, kalsiy, magniyga o‘ta boy. Tadqiqqotlar magniy moddasi tvorogdagidan ham ko‘proq ekanligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun u soch to‘kilishining oldini oladi, yurakka quvvat beradi, qon bosimini maromiga keltiradi. Shamollashga, oshqazon ichak kasalliklari, ayniqsa, saratonga qarshi eng maqbul vosita sanaladi. Tutchoyning shu kabi xususiyatlari tufayli xorijda ham talab katta.

Mutaxassislarning aytishicha, ana shu ehtiyojni qondirish uchun O‘zbekistonning tabiiy imkoniyati nihoyatda katta. Chunki tutzorlarning har gektaridan 52,5 tonnadan tut bargi yig‘ib olish mumkin. Shu bois joriy yilda foydalanishga topshiriladigan Buxorodagi zavodning o‘zida 218 tonna choy ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda. Natijada 1500 ta mavsumiy va 50 doimiy ish o‘rni yaratilib, dastlabki yilning o‘zida 1,4 million dollarlik choy eksport qilinadi.

Ko‘pchilikda tut bargidan choy ishlab chiqarilishi ipak qurti parvarishiga ta’sir ko‘rsatmaydimi, degan savol tug‘ilayotgani tabiiy. Sababi, respublikamizda bahor mavsumida 330 ming quti, kuzda esa 40 ming quti ipak qurti parvarishlash rejalashtirilayapti.

“Biz masalaning shu kabi nozik jihatlarini ham hisobga olganmiz. Shuning uchun bahorda bargning uchi, kuz mavsumida esa barglar butunligicha yig‘ib olinadi. Chunki kuzda bahordagidan 7 barobar kam ipak qurti parvarishlanadi. Bu esa choy uchun xom ashyoning asosiy qismini jamg‘arish uchun ayni muddaodir” — deydi B. Sharipov.



Buxoroda ish boshlaydigan korxona kelgusida yurtimizning boshqa hududlarida barpo etilayotgan shunday ishlab chiqarish subyektlari uchun tajriba-sinov vazifasini ham o‘taydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekiston 1,4 million dollarlik choy eksport qiladi