08:30 / 25.07.2018
7 836

Yangi soliq konsepsiyasi bo‘yicha ishchilar daromadi oshadimi yoki kamayadimi? (foto)

Yangi soliq konsepsiyasi bo‘yicha ishchilar daromadi oshadimi yoki kamayadimi? (foto)
2018 yil 30 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Juda ko‘p bahs-munozaralar va muhokamalardan so‘ng, soliq konsepsiyasi yakuniy ko‘rinishga keldi.

Uning «asosiy maqsadi - soliq yukini izchillik bilan kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish» ekani qayd etildi. Buning natijasida «iqtisodiyotni jadal rivojlantirish hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yaxshilashga erishish mumkinligi» aytildi.

Amaldagi soliq tizimida esa «soliq to‘lovchilar tomonidan xodimlarning real sonini va mehnatga haq to‘lash fondini yashirishga olib keluvchi mehnatga haq to‘lash fondi soliq stavkalarining yuqoriligi, yangi konsepsiya esa buni bartaraf qilinishiga olib kelishi» ta’kidlandi.

Xo‘sh, yangi soliq tizimida ishchi xodimlarning mehnat haqi bo‘yicha qanday o‘zgarishlar yuz beradi? Soddaroq qilib aytganda, oylik maoshimiz qisqaradimi yoki ko‘payadimi? Bugun mana shu savollarga javob berishga harakat qilamiz.

O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi doirasida 2019 yil 1 yanvardan boshlab:

1. Mehnatga haq to‘lash ko‘rinishidagi daromadlar 12 foiz miqdorida soliqqa tortiladi.

Ya’ni, barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yagona stavkasi 12 foiz qilib belgilanadi. Shundan 0,1 foiz shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga yo‘naltiriladi. Bunda, ayrim toifadagi fuqarolarning eng kam oylik ish haqining 4 baravari miqdoridagi daromadlarini soliq solishdan ozod qilishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi.

Ayni paytda, amal qilayotgan tizim bo‘yicha, jsmoniy shaxslarning mehnatga haq to‘lash ko‘rinishidagi daromadlari quyidagi tartibda - eng kam ish haqining (EKIH) 1 barobarigacha 0 foiz, 1 barobaridan 5 barobarigacha 7,5 foiz, 5 barobaridan 10 barobarigacha 16,5 foiz, 10 barobaridan boshlab 22,5 foiz shkala bo‘yicha soliqqa tortilayapti. Bunda daromad solig‘ining 2 foiz shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga yo‘naltirilmoqda. Eslatib o‘tamiz, EKIH bugungi kun holatiga 172 240 so‘mga teng.

Yangi konsepsiya bo‘yicha jismoniy shaxslarning daromadi hech qanday shkalalarga ajratilmaydi va qiymati qancha bo‘lishidan qat’iy nazar, 12 foiz miqdorida soliqqa tortiladi. Bunda, daromad solig‘ining 0,1 foiz shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisob-varaqlariga yo‘naltiriladi.

Biroq ayrim toifadagi fuqarolarning («O‘zbekiston Qahramoni», Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor bo‘lgan shaxslar, urush nogironlari va qatnashchilari, bolalikdan nogiron bo‘lib qolganlar, shuningdek I va II guruh nogironlari va b.) eng kam oylik ish haqining 4 baravari miqdoridagi daromadlarini soliq solishdan ozod qilishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi.

2. Fuqarolarning mehnatga haq to‘lash turidagi daromadlaridan byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga ushlab qolinadigan sug‘urta badallari bekor qilinadi.

Ayni paytda, uning miqdori 8 foizga teng. Yangi konsepsiyada pensiya jamg‘armasiga ushlab qolinadigan sug‘urta badallari to‘lanmaydi.

O‘zgarishlarni bir jadval orqali tahlil qilishimiz mumkin.

Misol uchun, 500 000 so‘m miqdorida ish haqi oladigan ishchi amaldagi progressiv daromad solig‘i stavkalari bo‘yicha 24 582 so‘m to‘laydi. Yangi soliq konsepsiyasida esa 60 000 so‘m to‘laydi, ya’ni soliq miqdori ko‘payadi.Jadvaldan ko‘rinib turibdiki, daromad solig‘ining 12 foiz miqdoridagi qat’iy belgilangan stavkasi yoki «regressiv soliq»ning joriy qilinishi natijasida, daromadlar oshgan sayin, undan ushlanadigan soliq kamaya boradi. Va aksincha, daromadlar pasaygan sari, undan ushlanadigan soliq ko‘payadi.

2 000 000 so‘m miqdorida ish haqi oladigan ishchi amaldagi progressiv daromad solig‘i stavkalari bo‘yicha 256 230 so‘m to‘laydi. Yangi soliq konsepsiyasida esa 240 000 so‘m to‘laydi, ya’ni soliq miqdori kamayadi.

Regressiv soliq stavkasida daromadlar oshgan sayin, soliq miqdori kamayadi va aksincha, daromadlar pasaygan sari soliq miqdori oshadi.

Yangi konsepsiyada pensiya jamg‘armasiga ushlab qolinadigan sug‘urta badallari (ayni paytda 8 foiz) to‘lanmaydi. Mana shu yangilik past daromadli ishchi-xodimlarga regressiv soliqning salbiy ta’sirini kamaytiradi, ularning daromadini biroz oshishiga olib keladi.

Misol uchun, 500 000 so‘m miqdorida ish haqi oladigan ishchining daromadidan amaldagi tizimda 64 582 so‘m ushlab qolinmoqda. Yangi soliq konsepsiyasida esa 60 000 so‘m ushlanadi va u 4 582 so‘m ko‘proq maosh oladi.

1 000 000 so‘m miqdorida ish haqi oladigan ishchining daromadidan amaldagi tizimda 154 574 so‘m ushlab qolinmoqda. Yangi soliq konsepsiyasida esa 120 000 so‘m ushlanadi va u 34 574 so‘m ko‘proq maosh oladi.

Qo‘shimcha qilish joizki, yangi konsepyaiga ko‘ra, mehnat haqi fondidan to‘lanadigan yagona ijtimoiy to‘lov bo‘yicha ham o‘zgarish yuz berdi. Ammo bu o‘zgarish ishchi-xodimning qo‘liga tegadigan pullarga bevosita bog‘liq emas. Shu tufayli ham, bu alohida mavzu.
Nurmuhammad Said


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Yangi soliq konsepsiyasi bo‘yicha ishchilar daromadi oshadimi yoki kamayadimi? (foto)