13:20 / 06.10.2018
3 583

Kim biznesni tekshirishi mumkin?

Kim biznesni tekshirishi mumkin?
Qonun hujjatlari taʼsirini baholash tizimi portalida Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini tadbirkorlik subyektlarida tekshiruvlar oʻtkazish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasi taqdim etilgan.

Hujjatni ishlab chiqish prezidentning 27.07.2018 yildagi “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–5490-son farmonida nazarda tutilgan. Eslatib oʻtamiz, hujjat bilan tadbirkorlik subyektlarida tekshiruvlar oʻtkazish tizimi va tartibiga jiddiy oʻzgartirishlar kiritilgan, deb yozadi Norma.

Har bir nazorat qiluvchi organ attestatsiyadan oʻtkaziladigan xodimlar soni, ularga qoʻyiladigan kasbiy talablar, shuningdek attestatsiyadan oʻtkazish davriyligini (3 yilda kamida 1 marta) mustaqil ravishda belgilaydi.

Buning uchun idora rahbari biznesni tekshirish majburiyatiga ega boʻlmagan 5 nafar xodimdan iborat doimiy faoliyat yurituvchi attestatsiya komissiyasini tashkil etadi. Komissiya raisi – organ rahbari, kadrlar bilan ishlovchi boʻlinma esa ishchi organ hisoblanadi. Uning tarkibiga prokuratura organlari, tadbirkorlik subyektlari va SSP vakillari albatta kiritiladi. Muassasaning mintaqaviy boʻlinmalarida hududiy yoki mintaqalararo attestatsiya komissiyalari tashkil etilishi mumkin.

Attestatsiyadan oʻtkaziladiganlar roʻyxatiga tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruv oʻtkazish huquqiga ega boʻlgan, ruxsatnomasining muddati oʻtgan yoki bir oydan keyin tugaydigan barcha xodimlar, shuningdek ilk bor bunday huquqni olishi taklif etilayotgan xodimlar kiritiladi. Har bir mutaxassis haqida xizmat xarakteristikasi, maʼlumoti, ish staji va malaka oshirganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar nusxalari ilova qilingan maʼlumotnoma-obyektivka taqdim etiladi.

Xodimning oʻzi kamida 2 hafta oldin boʻlajak attestatsiya haqida tilxat olib xabardor qilinadi. Attestatsiya yuzma-yuz suhbat oʻtkazish shaklida oʻtkaziladi. Savollar tekshiruvlar sohasi, “xavfni tahlil etish” tizimiga doir normativ-huquqiy hujjatlar bilan bogʻliq boʻladi. Vaziyatga oid vazifalar – kazuslar berilishi mumkin. Elektron moslamalar, maʼlumotnoma, maxsus yoki boshqa adabiyotlar, qandaydir yozuvlardan foydalanish taqiqlanadi. Komissiya yigʻilishiga begona kishilar kirishi man etiladi. Jarayon audio va video orqali qayd etiladi.

Attestatsiyadan oʻtkazilayotgan har bir xodim boʻyicha oddiy koʻpchilik ovoz bilan ochiq ovoz berish yoʻli orqali, xizmat xarakteristikasi va berilgan savollarga javoblar inobatga olingan holda qaror qabul qilinadi. Attestatsiyadan oʻtgan xodimga keyingi attestatsiyadan oʻtkazish muddatigacha tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma beriladi.

Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Kim biznesni tekshirishi mumkin?