09:52 / 06.11.2018
3 553

Rivojlanishni istamagan tadbirkor emas

Rivojlanishni istamagan tadbirkor emas
2018 yil 22 oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasining 850-son qarori e’lon qilingan edi. Ochig‘i bu keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlarida jamoatchilik tomonidan eng ko‘p muhokama etilgan mavzulardan biriga aylandi.

Munozaralarning sababi nima?

Gap shundaki, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida” 2011 yil 7 yanvardagi 6-son qaroriga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qaror yakka tartibdagi ayrim tadbirkorlarga 2018 yil 1 yanvardan boshlab faoliyatini davom ettirishi uchun yuridik shaxs tashkil etishni majburiy qilib qo‘ydi.

Soddaroq qilib aytganda qurilish materiallari, sement, shifer, yog‘och va yog‘och mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanayotgan, alyuminiy (plastik) profillardan eshik, deraza va boshqa buyumlar tayyorlayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar endi yuridik shaxs tashkil etishi, xalq tili bilan aytganda firma ochishi shart. Sababi bu yo‘nalishlardagi faoliyat turlari xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatidan chiqarildi.

Tadbirkor kim?

Tadbirkor deganda shaxsan mening ko‘z o‘ngimda harakatchan, doim yangilik yaratishga intiladigan, bir so‘mini ikki so‘m, bir xodimini ikki xodim, bitta mahsulot turini ikkita mahsulot turi qilish payida yonib yashaydigan odam gavdalanadi. Oddiy hayotiy kuzatishlarimga qaraganda yo‘qdan bor qilish, kichikni kattalashtirish, boshqalar bir yilda qiladigan ishni bir-ikki oyda, balki undan ham tez bitirish xususiyatiga ega bo‘lgan kishi tadbirkor bo‘ladi.

Buxorolik Jobir degan bir yigitni taniyman. Ko‘p emas 5-6 yil avval “Otchopar”da aravakashlik qilardi. Sekin asta olib sotishni boshladi, keyinroq olib kelishni boshladi, hozir o‘zi ishlab chiqaradi. Endi o‘ziga o‘xshab “Ippodrom”da arava tortgan yuzlab yigitlar uning qo‘lida ishlaydi. Suhbatlashsangiz, besh yillik, o‘n yillik rejalarini aytadiki, eshitib, “Shu ishlarni qilib bo‘ladimi?” deysiz. Lekin u hammasini uddalaydi.

U arava tortib yurganda shunchaki yollanma ishchi edi. Keyinchalik savdogar, ya’ni yakka tartibdagi tadbirkor bo‘ldi. Chetdan mahsulot olib kela boshlaganida ikki-uch odamni ishlatdi. Bugun esa u katta bir firmaning egasi. Bozor shafqatsiz. Hech narsa o‘z o‘zidan bo‘lmaydi, albatta. Jobir ham bu orada necha marta “bankrot” bo‘lgani va yana qayta oyoqqa turib ketgani uning o‘ziga ayon. Lekin aslo ortga qaytmagani uchun bugun shunday natijalarga erishdi.

Yuridik shaxs tashkil etishning nimasi yomon?

Endi bevosita masalaga qaytadigan bo‘lsak, davlat avval boshdanoq yuqoridagi faoliyat turlari bilan shug‘ullanish uchun faqat yuridik shaxslarga ruxsat berishi mumkin edi. Lekin unday bo‘lmadi. Bu sohada tadbirkorlarga katta imkoniyat yaratib berildi. Natijada shu sohalarda minglab tadbirkorlar paydo bo‘ldi hamda o‘z ishini yo‘lga qo‘ydi. Endi ular aslo ortga qaytmaydi va o‘ylaymanki faoliyatini yanada rivojlantirish harakatida.

Amaldagi qonunchilikka asosan xususiy tadbirkorlar chakana savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish va boshqa turdagi jami 81 ta faoliyat bilan yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi, bir nafardan uch nafargachaxodimni yollab ishlatishi mumkin.Misol uchun chakana savdo faoliyati bilan shug‘ullanganda bir nafar, maishiy xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanganda uch nafargacha, faoliyatning boshqa turlari bilan shug‘ullanganda ikki nafargacha xodimni yollab ishlatishiga ruxsat etilgan.

Lekin, keling tan olaylik, qurilish materiallari, sement, shifer, yog‘och va yog‘och mahsulotlarisavdosi bilan shug‘ullanadigan xususiy tadbirkorlar ularni transportga yuklash, tashish, tushirish, qadoqlash, qo‘riqlash va sotishnibir nafar yollanma ishchi bilan bajara oladimi? Shuning uchun ular qonunchilikda belgilanganidan ortiqcha xodimlarni yollab, norasmiy ishlatishga majbur bo‘lyapti.

Ikkinchidan, alyuminiy (plastik) profillardan eshik, deraza va boshqa buyumlarni tayyorlashuchun kattagina bir sex kerak. Yirik uskunalar, stanoklarni ishlatmasdan turib bu ishlarni qilib bo‘lmasligini isbotlab o‘tirishga hojat yo‘q. Xomashyo materiallari va tayyor mahsulotlarni ortish, tashish, tushirish va o‘rnatishuchun ko‘p ishchi kuchi talab etilishini hammamiz bilamiz yaxshi bilamiz. Natijada bu yo‘nalishdagi yakka tartibdagi tadbirkorlar ham xodimlarni norasmiy yollab ishlatishiga to‘g‘ri kelmoqda.

Endi bir o‘ylab ko‘raylik. Yakka tartibdagi tadbirkor shuncha odamni ishlatyapti, ularga oylik maosh berib, ro‘zg‘orini obod qilyapti. Endi qilayotgan shu ishini qaytadan ro‘yxatdan o‘tkazib, yuridik shaxs tashkil etadi va qo‘lida norasmiy ishlayotgan odamlarni rasman ishga qabul qiladi va ularga qonun doirasida ish haqi to‘laydi. Bu axir biznesimni rivojlantiraman, yiriklashtiraman, katta-katta loyihalarni amalga oshiraman deb yonib yashayotgan tadbirkorga bir imkoniyatku aslida. Bundan tashqari bu yerda faqat bitta tadbirkorning emas, uning qo‘lida ishlayotgan qanchadan qancha yollanma ishchilarning manfaati bor. Shunday ekan, yuridik shaxs tashkil etishning nimasi yomon?

Dardingni sud ham eshitmaydi!

Aslida yakka tartibdagi tadbirkorning qo‘lida ishlayotgan norasmiy yollangan xodimlarning mehnat muhofazasi va mehnat xavfsizligiga umuman kafolat yo‘q.Mehnat stajlari yuritilmasdan, ijtimoiy muhofazasi, kelgusida pensiya ta’minoti kafolatlanmasdan qolmoqda. Ertaga ularning hayotiga, taqdiriga kim javob beradi?Pensiya ta’minotining kafolati bormi? Kim bu mas’uliyatni zimmasiga oladi? Kuch-quvvati borida ishlatgan tadbirkor keksayganda ham uni boqadimi?

“Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra yuk ortish va tushirish ishlari og‘ir va xavfli ishlar toifasiga kiritilgan. Ish jarayonida bir xodimning doimiy ko‘taradigan yuk og‘irligi 15 kg dan va ish smenasi davomida jami ko‘taradigan yuk og‘irligi 870 kg dan oshmasligi kerak. Axir qurilish mollari bilan savdo qiladigan yakka tartibdagi tadbirkorning qo‘lida ishlaydigan yollanma ishchilar bir kunda tonnalab yukni ortadi, tushiradi, tashiydi. Ularning qanchasi bel og‘rig‘i, disk churrasi bilan bog‘liq kasalliklarni orttirib olgan. Xo‘sh uning salomatligiga kim javob beradi? Norasmiy mehnat faoliyati bilan shug‘ullangani, ish beruvchi bilan rasmiy shartnoma tuzmagani uchun uning manfaatlarini hatto sud ham himoya qilolmaydi. Chunki sudga isbot kerak, dalil kerak, fakt kerak, hujjat kerak. Norasmiy yollanma ishchida ular bormi?

Hammasi hisobga olingan

Yuqoridagi barcha holatlar hisobga olinib, hukumat xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldi.

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan shu kabi17 ta faoliyat turlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi va 2 ta faoliyat turi faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.Bu esa yuridik shaxs maqomida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchilar uchun qulayliklar yaratish, yollanib ishlayotgan fuqarolar manfaatlarini himoya qilish, xodimlarning mehnat muhofazasi, ijtimoiy muhofazasi va boshqa huquqlarini ta’minlaydi. Bunday ishlardan davlat ham, jamiyat ham, tadbirkor ham, uning qo‘lida ishlayotgan yuzlab, minglab ishchilar ham birdek manfaatdor bo‘ladi.

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Rivojlanishni istamagan tadbirkor emas