06:28 / 07.01.2019
4 275

Baliqchilikni rivojlantirishning foydasi bormi?

Baliqchilikni rivojlantirishning foydasi bormi?
Baliq va baliq mahsulotlariga bo‘lgan talab yildan yilga ortmoqda. Shu bois, mamlakatimizda baliqchilikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Baliq yetishtiruvchi tadbirkorlarga bir qator imkoniyat va imtiyozlar berilmoqda.

Baliqchilikning rivojlanishi oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash barobarida, aholini baliq tarkibidagi yuqori sifatli oqsillar bilan ta’minlash imkonini beradi. Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekiston uchun baliqni iste’mol qilishning minimal me’yor miqdori bir yilda bir kishi uchun 12 kilogrammni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich dunyo miqyosida 1 kishi uchun 16,6 kilogrammdir.

Prezidentimizning 2018 yil 6 noyabrdagi “Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham soha rivojida muhim ahamiyat kasb etib, yanada keng imkoniyatlar eshigini ochdi.

Intensiv usulda baliq yetishtirishni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish va rag‘batlantirish, mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish, sohaga innovatsion g‘oyalar, ilmiy ishlanmalar, zamonaviy texnologiyalar va ilm-fan yutuqlarini keng joriy qilish, baliqchilik tarmog‘ini yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ushbu hujjatda sohada to‘liq tizimli (inkubatsiya sexi, chavoq va tovar baliq yetishtirish, yuqori oqsilga boy baliq yemi, qayta ishlash va saqlash) ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan baliqchilik klasterlari tashkil etish istiqboli belgilab berildi.

Tashkil etilayotgan baliqchilik klasterlarining yillik baliq yetishtirish quvvati kamida 50 tonna bo‘lgan taqdirda ular 2019 yil 1 yanvardan boshlab dastlabki uch yil davomida barcha soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan ozod etiladi. Bundan tashqari, 2021 yil 1 noyabrga qadar muddatda naslli ona baliq, baliq uvuldirig‘i, shuningdek, yurtimizda ishlab chiqarilmaydigan inkubatsiya, laboratoriya, intensiv usulda baliq yetishtirish, baliq ovlash, baliq mahsulotlarini qayta ishlash, muzlatish va saqlash uchun zarur bo‘ladigan asbob-uskuna, anjom, mexanizmlar va ularning ehtiyot qismlari, muqobil energiya ta’minoti uskunalari, melioratsiya ishlari uchun maxsus texnikalar va tirik baliq tashuvchi transport vositalari, chet el tashkilotlari va ularning sho‘’ba korxonalari, firma do‘konlari, dilerlik tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan baliqchilik xo‘jaliklari ehtiyoji uchun chetdan keltiriladigan omixta yem va mineral o‘g‘it (ammofos) bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi. Bu baliqchilikni rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadi.

Baliqchilikni rivojlantirish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun “Ipoteka bank” tomonidan 50 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilishi, tadbirkorlik sub’ektlariga mazkur mablag‘lar hisobidan ajratiladigan kreditlar foiz stavkasining 50 foizi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kompensatsiya qilinishi ham baliqchilik xo‘jaliklari uchun o‘ziga xos imkoniyat bo‘ldi.

Yana bir muhim yangilik, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasiga a’zo bo‘lgan baliqchilik fermer xo‘jaliklariga nisbatan Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashiga majburiy a’zoligi tatbiq etilmaydigan bo‘ldi.

Mazkur qaror ijrosi doirasida Samarqand viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, viloyat va tumanlarda ishchi guruhlari tomonidan tabiiy, suniy, intensiv suv havzalari va yopiq suv aylanma tizimi bo‘yicha faoliyat yuritayotgan baliqchilik xo‘jaliklari xatlovdan o‘tkazilib ma’lumotlar bazasi shakllantirilmoqda.

Ishchi guruhlari tomonidan shu kunga qadar viloyatdagi 475 ta sun’iy va tabiiy suv havzalarida faoliyat ko‘rsatuvchi baliqchilik xo‘jaliklari xatlovdan o‘tkazilgan. Kelgusi yilda viloyatdagi barcha baliqchilik xo‘jaliklari tomonidan sun’iy va tabiiy suv havzalarida, intensiv usulda kichik suv havzalari va yopiq suv aylanish tizimlarida jami 12 ming tonna baliq ishlab chiqarish belgilangan.

Mavjud xo‘jaliklar va yangi tashkil etiladigan havzalarda Vetnam usulini qo‘llash rajalashtirilgan. Bu usul odatiy usuldan tubdan farq qiladi. Vetnam texnologiyasi uvildiriqlarni intensiv usulda yetishtirish hamda havzalarga yuqori tig‘izlikda o‘tkazishga asoslangan. Bunda baliqlarning omixta yem sarfiga nisbatan rivojlanish sur’ati yuqori, kasalliklarga chidamli bo‘ladi. Oddiy usulda bir gektar havzadan o‘rtacha 15-20 sentner baliq olinsa, Vetnam texnologiyasida bu ko‘rsatkichni 150-200 sentnergacha yetkazish mumkin.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yurak-qon tomir kasalliklarida, qonda xolesterin darajasi ko‘tarilganda, kamqonlik, behollik va jismoniy zo‘riqishda, nevroz, teri kasalliklari, podagra va revmatizmda, ko‘rish qobiliyati sustlashganda baliq go‘sht koni foyda ekan. Bolalar baliqdan tayyorlangan taomlarni iste’mol qilishi natijasida kariyes, soch to‘kilishi, bo‘qoq dardlaridan forig‘ bo‘lar ekan.

Shifokorlar vitamin va minerallarga boy ushbu mahsulotni ko‘proq iste’mol qilishni tavsiya etadi. Shunday ekan, Prezidentimiz rahnamoligida baliqchilikni rivojlantirish, qayta ishlash va aholi o‘rtasida iste’molini bir necha baravar ko‘paytirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar millionlab kishilar salomatligini yaxshilashga xizmat qiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Baliqchilikni rivojlantirishning foydasi bormi?