Fuqarolarning soliq qarzdorligi ularning plastik kartasidan soʻzsiz undirilmaydigan boʻldi

  • 09 yanvar 2019, 17:53
  • 339
  • Iqtisodiyot
  • Fuqarolarning soliq qarzdorligi ularning plastik kartasidan soʻzsiz undirilmaydigan boʻldi
    Soliq organlariga soliq qarzdorligini jismoniy shaxslarning plastik kartalaridan soʻzsiz hisobdan chiqarish huquqini beruvchi norma bekor qilindi, deb xabar bermoqda Norma.

    Oʻtgan yil iyun oyida davlat rahbari davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisidagi hujjatni imzolagan. Uning bandlaridan birida soliqchilarga yuzaga kelgan soliq qarzdorligini soliq toʻlovchi-jismoniy shaxslarning plastik kartalariga xizmat koʻrsatuvchi bank hisobvaraqlaridan soʻzsiz hisobdan chiqarish huquqi berilgan. Bunda hisobdan chiqariladigan summa oyiga 2 EKIHdan koʻp boʻlmasligi kerak.

    Biroq norma amalda qoʻllanmadi:

    birinchidan, rasmiy-yuridik nuqtai nazardan olganda, ushbu vakolat qonun hujjatlarida nazarda tutilishi kerak. Kam deganda, Soliq kodeksining 63-moddasiga tegishli tuzatishlar kiritish zarur edi. Biroq Kodeksga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar umumiy paketida ular aks etmadi.

    Buning ustiga, ushbu vakolatni amalga oshirishning aniq mexanizmini ishlab chiqish va tasdiqlash talab etilar edi. Tegishli loyihani muhokamaga qoʻyib, bunga urinib koʻrdilar. Muhokama davomida unga doir 57 ta fikr-mulohaza va taklif kelib tushganligi qisman hujjatning sifati haqida guvohlik beradi.

    ikkinchidan, soliq organlariga bunday vakolat berish gʻoyasining oʻzini nafaqat oddiy fuqarolar, balki hokimiyat vakillari ham maʼqullamadilar. Xususan, Markaziy bank idoraviy manfaatlar boshqa sohalar yoki umuman mamlakat iqtisodiyoti rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi kerak deya fikr bildirdi.

    Ehtimol, ushbu omillar soliqchilarga qarzdorlikni soʻzsiz undirib olish huquqini bergan norma 2019 yil 1 yanvardan oʻz kuchini yoʻqotishiga xizmat qilgandir.

    » » Fuqarolarning soliq qarzdorligi ularning plastik kartasidan soʻzsiz undirilmaydigan boʻldi