12:53 / 26.01.2019
3 875

2018 yilda O‘zbekiston aholisining umumiy daromadi 10 foizga oshdi

2018 yilda O‘zbekiston aholisining umumiy daromadi 10 foizga oshdi
2018 yilda O‘zbekiston aholisining umumiy daromadi hajmi 286,3 trillion so‘mni tashkil etib, yil davomida 10,3 foizga oshdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi, deb yozadi «Gazeta.uz».

Aholi jon boshiga umumiy daromadlari 8,686 million so‘m, real umumiy daromadlari 7,391 million so‘mni tashkil etdi.

Aholining umumiy daromadlari - majburiy to‘lovlar va boshqa ajratmalarni amalga oshirgunga qadar bo‘lgan yalpi daromadni ifoda etadi. Aholining umumiy daromadiga pul daromadlari va natura shaklidagi daromadlar kiradi hamda doimiy asosda, takrorlanuvchi xususiyatga ega bo‘lgan, yillik yoki undan kam vaqt oralig‘idagi davrda uy xo‘jaligi yoki uning alohida a’zolariga tushadigan tushumlardan tarkib topadi.

Aholi jon boshiga o‘rtacha umumiy daromadlari bo‘yicha Toshkent shahrida (16,2 million so‘m) hamda Navoiy (13,5 million so‘m), Buxoro (10,8 million so‘m), Xorazm (9,1 million so‘m) va Toshkent (9,1 million so‘m) viloyatlarida o‘rtacha respublika darajasidan yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilganligi kuzatildi. Aholi jon boshiga daromadlarning eng quyi ko‘rsatkichlari esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi (6,3 million so‘m) va Namangan viloyatida (6,8 million so‘m) qayd etildi.

Aholi umumiy daromadlari hajmining sezilarli darajada o‘sishi asosan umumiy daromadlar tarkibida 71,1 foiz ulushga ega bo‘lgan mehnat faoliyatidan olingan daromadlar (yollanma ishchilarning daromadlari va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar) va 23,5 foizini tashkil etuvchi transfertlardan olingan daromadlarning sezilarli o‘zgarishi hisobiga yuzaga kelgan. Mol-mulkdan olingan daromadlar 3,5 foiz, shaxsiy iste’mol uchun o‘zida ishlab chiqarilgan xizmatlardan olingan daromadlar 1,8 foizni tashkil etgan.

Mol-mulkdan olingan daromadlarning umumiy hajmi 33,5 foizga — 9,9 trillion so‘mgacha oshgan. Bunda 69 foizi Toshkent ulushiga to‘g‘ri kelgan.
Transfertlardan olingan daromadlar tarkibida ijtimoiy transfertlar 38,7 foiz, boshqa joriy transfertlar 61,3 foizni tashkil qilgan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » 2018 yilda O‘zbekiston aholisining umumiy daromadi 10 foizga oshdi