Erkin iqtisodiy zonalarga investorlarni jalb qilish nega qiyin kechmoqda?

  • 06 fevral 2019, 12:27
  • 2 514
  • Iqtisodiyot
  • Erkin iqtisodiy zonalarga investorlarni jalb qilish nega qiyin kechmoqda?
    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatida tarkib topgan yangi an’anaga muvofiq, 2019 yilning 5 fevral kuni navbatdagi «Hukumat soati» o‘tkazildi.

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, quyi palatadagi deputatlar birlashmalari takliflariga ko‘ra, «Hukumat soati»da ko‘rib chiqish uchun «Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni doirasida erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarida biznes sub’ektlarini joylashtirish, ularga imtiyoz va preferensiyalar berishni tashkiliy va huquqiy jihatdan tartibga solish to‘g‘risidagi masala kiritildi.
    Mazkur masala yuzasidan deputatlar savollariga O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov atroflicha javob qaytardi.

    Qayd etilishicha, ayrim erkin iqtisodiy zonalarda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish va ishlab chiqarish infratuzilma ob’ektlarini qurish bilan bog‘liq masalalar haligacha oxiriga yetkazilmagan. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan bog‘liq masalalar hal qilinmagani sababli, ushbu zonalarga investorlarni jalb qilish ishlari qiyin kechmoqda. Erkin iqtisodiy zonalarga biriktirilgan tijorat banklari tomonidan direksiya faoliyatiga ko‘maklashish va yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan taklif kiritish bo‘yicha yetarlicha tashabbus ko‘rsatilmayapti. Ba’zi viloyat ma’muriy kengashlari tomonidan erkin iqtisodiy zonalarda loyihalar aniq hisob-kitoblarsiz joylashtirilishi natijasida ayrim faoliyat turlari uchun sun’iy imtiyoz berilishiga va bu, o‘z navbatida, bozordagi raqobat muhitining buzilishiga olib kelmoqda.

    Shu bois, tadbirda deputatlar mamlakatda mavjud erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat, shuningdek, farmatsevtika zonalarida faoliyat yuritayotgan, eksportga mahsulot chiqarayotgan, innovatsion, yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni tashkil qilgan biznes sub’ektlari va tadbirkorlarga berilayotgan qo‘shimcha imkoniyatlar, imtiyoz va preferensiyalarning tashkiliy-huquqiy asoslarini mustahkamlash masalasiga vazir e’tiborini qaratdi. Ayniqsa, parlament a’zolari xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun mamlakatning investitsiya salohiyatini jahon biznes hamjamiyatiga to‘la namoyon etishga qaratilgan, sarmoya kiritishga intiladigan investorlar uchun hududlar va tarmoqlar bo‘yicha investitsiya loyihalarini shakllantirishda yagona, kompleks yondashuvlarni belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish zarurligini qayd etdilar.

    1996 yil 25 aprelda qabul qilingan, erkin iqtisodiy zonalar faoliyati, bu boradagi huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi “Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi Qonunni bugungi kun talablari asosida qayta ko‘rib chiqish, uni davr ruhiga uyg‘un holda yanada takomillashtirish lozimligi ta’kidlandi.

    » » Erkin iqtisodiy zonalarga investorlarni jalb qilish nega qiyin kechmoqda?