16:57 / 06.02.2019
6 577

Milliardlab so‘m miqdorda byudjet intizomini buzish va boshqa noqonuniy xarajatlar aniqlandi

Milliardlab so‘m miqdorda byudjet intizomini buzish va boshqa noqonuniy xarajatlar aniqlandi
Moliya vazirligi Hay’atining 2018 yil yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishida Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshirilgan nazorat tadbirlari muhokama qilinib, Bosh boshqarmaning 2019 yildagi vazifalari belgilab olindi.

Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, 2018 yilda Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan Ish rejasi, hukumat va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning topshiriqlari asosida 7 047 ta nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

O‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida 539,3 mlrd. so‘m miqdorida byudjet intizomini buzilish holatlari va boshqa noqonuniy xarajatlar aniqlandi va 2017 yilda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan (534,1 mlrd.so‘m) miqdorga teng bo‘ldi.

Nazorat tadbirlarining asosiy qismi, 5 575 tasi (79,1%) byudjet intizomiga rioya etilishi va mablag‘larning maqsadli foydalanilishi yuzasidan o‘tkazilgan bo‘lib, nazorat tadbirlarida 68,1 mlrd. so‘m byudjet intizomini buzish, pul va tovar moddiy boyliklar kamomadi, maqsadsiz va asossiz mablag‘lar sarflanishi aniqlanib, 51,1 mlrd. so‘mi (75%) byudjetga tiklanishi ta’minlandi.

2017 yilda o‘tkazilgan 11 510 ta nazorat tadbirlarida byudjet qonunchiligini buzish holatlari 91,1 mlrd. so‘mni tashkil etib, shundan 72,2 mlrd. so‘mi (79%) byudjetga tiklangan.

Byudjet qonunchiligini buzish holatlari Davlat byudjeti xarajatlarning 2017 yilda 0,18 foiziga teng bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2018 yilda 0,09 foizni tashkil etib, 2 martaga kamaygan.

Vazirlik va idoralar kesimida eng ko‘p miqdorda aniqlangan qonunbuzilish holatlari:
- Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida qonunbuzilish holatlari miqdori 17,1 mlrd. so‘mni tashkil etib, shundan 13,1 mlrd so‘mi (77%) byudjetga tiklandi;
- Xalq ta’limi vazirligi tizimida qonunbuzilish holatlari miqdori 10,9 mlrd.so‘mni tashkil etib, shundan 9,0 mlrd so‘mi (83%) byudjetga tiklandi;
- Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi tizimida qonunbuzilish holatlari miqdori 6,6 mlrd.so‘mni tashkil etib, shundan 4,5 mlrd. so‘mi (68%) byudjetga tiklandi;
- Maktabgacha ta’limi vazirligi tizimida qonunbuzilish holatlari 5,4 mlrd.so‘mni tashkil etib, shundan 4,4 mlrd. so‘mi (81%) byudjetga tiklandi.

Mahalliy byudjetlardan mablag‘ bilan ta’minlanadigan muassasalarda ko‘p miqdorda aniqlangan qonunbuzilish holatlari:
- Farg‘ona viloyatida – byudjet tashkilotlaridagi qonunbuzilish holatlari 6,2 mlrd.so‘mni tashkil etib, shundan 3,9 mlrd. so‘mi (62%) byudjetga tiklandi;
- Andijon viloyatida – byudjet tashkilotlaridagi qonunbuzilish holatlari 5,6 mlrd. so‘mni tashkil etib, shundan 5,0 mlrd. so‘mi (89%) byudjetga tiklandi;
- Surxondaryo viloyatida – byudjet tashkilotlaridagi qonun-buzilish holatlari 4,3 mlrd. so‘mni tashkil etib, shundan 3,7 mlrd. so‘mi (83%) byudjetga tiklandi;
- Samarqand viloyatida – byudjet tashkilotlaridagi qonunbuzilish holatlari 3,4 mlrd. so‘mni tashkil etib, shundan 3,1 mlrd. so‘mi (90%) byudjetga tiklandi.

2018 yilda mahalliy byudjetlarning tuzilishi va ijrosi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Andijon, Buxoro va Navoiy viloyatlarida keng qamrovli nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi yuzasidan nazorat tadbirlarida zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari va ma’lumotlar bazasi vositasida kameral nazoratdan keng foydalanildi.

Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi va hududiy boshqarmalari tomonidan «Davlat moliyasini boshqarish axborot dasturi» va byudjet tashkilotlari bevosita ishlaydigan «UzASBO dasturi» ma’lumotlaridan foydalangan holda 1691 ta muassasalarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallarini tuzilishi yuzasidan kameral nazorati o‘tkazildi.

Kameral nazorat o‘tkazilgan muassasalardan 1409 tasida me’yoriy hujjatlarga amal qilmagan holda 26,8 mlrd. so‘mlik xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanib, ushbu muassasalarga kiritilgan taqdimnoma va ko‘rsatmalar natijasida 15,7 mlrd. so‘m mablag‘larning asossiz sarflanishini oldi olindi.

Byudjet intizomini buzilishiga yo‘l qo‘ygan byudjet tashkilotlarining 201 nafar mansabdor shaxslari qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Byudjet tashkilotlarining 2018 yil uchun xarajatlar smetasi va shtatlar jadvallarini tuzilishi va ularni me’yoriy hujjatlarga muvofiqligi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida 17,6 mlrd. so‘m byudjet mablag‘larining noqonuniy va asossiz sarflanishini oldi olindi.

Shuningdek, nazorat tadbirlari yakunlari bo‘yicha nazorat ob’ektining e’tirozlarini xolisona ko‘rib chiqish va baho berish uchun Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi va uning hududiy boshqarmalarida Nazorat komissiyalari tashkil etildi.

Ushbu Nazorat komissiyalarining 149 ta majlislarida 1068 ta byudjet muassasalarda o‘tkazilgan tekshirishlar bo‘yicha nazorat ob’ektning e’tirozlari ko‘rib chiqilib, ularga xolisona tushuntirishlar berildi.

Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi tomonidan davlat maqsadli jamg‘armalari va Moliya vazirligi huzuridagi jamg‘armalari mablag‘larini maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan 1472 ta nazorat tadbirlarida 357,8 mlrd. so‘m miqdorida moliyaviy qonunbuzilish holatlari va asossiz xarajatlar aniqlangan bo‘lib, shundan 236,7 mlrd. so‘mni tiklanishi ta’minlandi.

Shuningdek, hukumat va huquqni muhofaza qilish organlarining qarorlari va topshiriqlariga asosan 205 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda moliyaviy xo‘jalik faoliyati yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, aniqlangan 113,4 mlrd. so‘m miqdoridagi moliyaviy qonunbuzilish holatlari bo‘yicha nazorat tadbirlari hujjatlari qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.

Bundan tashqari, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» davlat dasturlari mablag‘larini maqsadli sarflanishi, «Jamoat ishlari» jamg‘armasi va «Yoshlar-kelajagimiz» jamg‘armasi mablag‘larini maqsadli sarflanishi yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazilib, Vazirlar Mahkamasiga axborotlar kiritilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Milliardlab so‘m miqdorda byudjet intizomini buzish va boshqa noqonuniy xarajatlar aniqlandi