06:57 / 07.02.2019
5 559

Mirziyoyev meva-sabzavotlar eksportini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlarni berdi

Mirziyoyev meva-sabzavotlar eksportini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlarni berdi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 6 fevral kuni iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda eksport hajmlarini oshirish borasidagi eng muhim vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Yig‘ilishda Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, vazirlik va idoralar rahbarlari, videoselektor orqali joylardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar rahbariyati, yirik kompaniyalar vakillari, elchilar ishtirok etdi.

Prezident eksportbop mahsulotlar tarkibini diversifikatsiya qilish, eksportda xomashyo bo‘lmagan mahsulotlar ulushini kamida 60 foizga yetkazish zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasining 2019-2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy eksport strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.

Strategiya eksportyorlarga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, “Doing Business” reytingida “tashqi savdo” ko‘rsatkichi bo‘yicha yuqori 50 ta mamlakat qatoriga kiritish masalalarini qamrab oladi. Xorij tajbirasidan kelib chiqib, eksport qiluvchilar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga har tomonlama ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston eksportyorlar assambleyasi tashkil etiladi.

Videoselektorda eksportni ko‘paytirishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etib, bu boradagi ishlarni jonlantirish masalalari muhokama qilindi.

O‘tgan yili hududiy eksport prognozi bajarilmagani, ayniqsa, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani qayd etildi. Hududiy meva-sabzavot eksporti prognozdan ancha kam bo‘lgani, bironta ham hududda bu boradagi reja bajarilmagani tanqid qilindi.

Albatta, eksport jahon bozoridagi kon’yunkturaga ham bog‘liq. Xorijiy ekspertlar joriy yilda ham asosiy xomashyo mahsulotlarining jahon bozoridagi narxlari past bo‘lishini prognoz qilishmoqda. Shu bois mamlakatda 2019 yilgi eksport prognozi o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga ko‘p etib belgilandi.

Davlat rahbari eksport prognozini ta’minlashni aniq hisob-kitob asosida tashkil etish, bu borada yangi tizim yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.
Unga muvofiq, avvalo, Respublika eksport shtabi faoliyati tubdan takomillashtiriladi. Ushbu shtabdan vakillar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga biriktiriladi.

Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosarlari va maslahatchilari o‘zlari mutasaddilik qiladigan vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari tomonidan eksport prognozi bajarilishi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.

Respublika eksport shtabi, Bosh vazir o‘rinbosari hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tarmoqlar va hududlar bo‘yicha o‘n kunlik eksport jadvallarini ishlab chiqib, tuzilgan eksport shartnomalarini so‘zsiz bajarish hamda qo‘shimcha kelishuvlar imzolash choralarini ko‘radi.

Yig‘ilishda meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishni samarali tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi. Shu yo‘nalishga ixtisoslashtirilgan 67 ta tumanda ekinlarini optimal joylashtirish, yetishtirilgan meva-sabzavotlarning kamida 25 foizini eksportga yo‘naltirish zarurligi ta’kidlandi.

Mazkur tumanlarda meva-sabzavotchilik klasterlari tashkil etish, shunday mahsulotlarni qayta ishlaydigan zamonaviy korxonalarni ko‘paytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

– Hamma aniq bilishi kerak: agar eksportbop meva-sabzavotlar sifatli yetishtirilmasa va xorijga yil davomida yetkazib berilmasa, ularning eksportini keskin oshirib bo‘lmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Meva-sabzavot mahsulotlari eksportyorlariga yengillik yaratish maqsadida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarus va Boltiqbo‘yi davlatlari bilan “Yashil yo‘lak” tizimini joriy qilish, karantin xizmatlaridan belgilangan tartibda ruxsatnoma olish orqali Xitoy, Koreya, Yaponiya, Hindiston, AQSh va Yevropa bozoriga kirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda yana bir dolzarb vazifa – xizmatlar eksportini kengaytirish, ayniqsa, turizmni rivojlantirish istiqbollari ko‘rsatib o‘tildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Mirziyoyev meva-sabzavotlar eksportini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlarni berdi