06:33 / 19.02.2019
8 032

100 ming so‘mlik dunyodagi eng katta banknota bo‘la oldimi?

100 ming so‘mlik dunyodagi eng katta banknota bo‘la oldimi?
100 ming so‘mlik ham chiqmoqda. Juda katta yangilikmi bu? Yo‘q! Markaziy bank 100 ming so‘mliklar muomalaga kiritilishi haqidagi xabarlarni ko‘p marta inkor etganiga qaramay, har doimgidek odamlar orasidagi gap-so‘zlar o‘z tasdig‘ini topdi. Xo‘sh, 100 ming so‘mligimiz «ortidagi nollari soni», ya’ni nominal qiymati bo‘yicha dunyoda nechanchi o‘rinda?

Yangi banknotaning inflyatsiyaga ta’siri bor yoki yo‘qligi bo‘yicha bahslar hamon davom etmoqda. Sohaning yetakchi mutaxassislari fikricha, 100 ming so‘mlikning inflyatsiyaga ta’siri yo‘q, ammo aholi orasidagi fikrlar buning aksini ko‘rsatadi – mutlaq ko‘pchilik bunday katta qiymatdagi banknotalarning muomalaga kiritilishi oshib borayotgani inflyatsiyaning yaqqol dalili degan fikrda.

Yana ayrimlar 100 ming so‘mligimiz dunyoning eng katta nominal qiymatga ega valyutasiga aylandi, degan tasavvurda.

Ma’lumot uchun:
* Eng yirik nominalli valyutalar reytingida 100 ming so‘mlikka joy yo‘q. Bu borada mutlaq rekord 1945-1946 yillarda chop etilib muomalaga kiritilgan Vengriya pengyosi hisoblanadi. Eng yirigi sekstillion (milliard trillion) pengyo edi. Tasavvur qilish uchun, 1 raqamidan so‘ng 21ta nol (uzun shkala o‘lchovida 36ta nol) bo‘ladi. Vengriya hukumati 100 sekstillion pengyo ustida bosh qotira boshlaganda denominatsiya o‘tkazilgan va yangi valyuta – forint muomalaga kiritilgan;

* Yangi tarix rekordchisi Zimbabve dollari hisoblanadi. Bu davlatdagi giperinflyatsiya vaqtida 100 trillion Zimbabve dollari muomalada bo‘lgan va buncha katta banknotani ham ko‘pchilik bir dollarga almashtirishdan bosh tortgan. Ammo keyinchalik bu pullar muomaladan chiqarilganda, suvenir sifatidagi bahosi 100 AQSh dollarigacha chiqib ketgan;

* MDH davlatlari orasida ham o‘ziga xos rekordchilar bor. Ukrainada 1991-1996 yillarda muomalada bo‘lgan, grivnadan avvalgi valyuta – karbovanetsning 1 000 000(bir mln)lik banknotasi amalda bo‘lgan;

* Muomaladagi eng yirik nominalli valyuta Vetnamda. Bu mamlakatda 500 ming dong hamon ishlatiladi;

* Hozirgi kunda amalda bo‘lgan, xarid qiymati eng yuqori banknota 10 000 (o‘n ming) AQSh dollaridir. Ko‘pchilik bunday valyuta hanuz amalda ekanligini bilmaydi ham. Ammo AQSh hududida bu puldan bemalol foydalanish mumkin, topilsa bas;

Sarlavhada so‘m milliy valyuta shakllanishida bir pog‘ona bo‘lib xizmat qilgan so‘m-kuponni ham ortda qoldirgani ta’kidlangandi.

O‘zbekistonda 1993 yil 15 noyabrda haqiqiy so‘m-kupon amalga kiritilgan. Undan avval rublga bog‘liq so‘m-kupon kartochkalari bo‘lgan va ular shu yilning 22 noyabrida bekor qilingan. So‘m-kuponlar 1994 yilning 1 avgustiga qadar amalda bo‘ldi va uning eng yirik banknotasi 10 000 (o‘n ming) so‘m-kupon edi. So‘m-kupon umrining oxirgi oylarida biz odatda butun bozorga baho berishda indikator sifatida ishlatuvchi go‘shtning qiymati 20-25 ming so‘m-kupon, pul denominatsiyasi e’lon qilinganidan (ya’ni hozir amalda bo‘lgan so‘m chiqishi ma’lum bo‘lganidan) keyin 30-33 ming so‘m-kuponga chiqqandi (qizig‘i, denominatsiya 1000:1 qiymatda o‘tkazilgan bo‘lsa-da, undan so‘ng go‘shtning bahosi 25-35 so‘m bo‘lmay, 12-15 so‘mga tushgandi). Shakarning bahosi 3-4 ming so‘m-kupon atrofida edi. Lekin avtomobil, uy-joy, kvartiralarning bahosini hozirgi kun bilan solishtirib bo‘lmaydi. Chunki bitta «Jiguli» avtomobilining puliga viloyatlar markazidan ikki-uchta kvartira xarid qilish mumkin bo‘lgan.

Narxlar ham shu qadar turli-tuman ediki, har bir viloyatning o‘zida asosiy iste’mol mahsulotlari turli bozorlarda turlicha sotilardi (odamlar yoppasiga savdo bilan shug‘ullanib ketgani bejizga emas). So‘m-kupon amalda bo‘lgan paytda yirik savdolarda qoplab pul ko‘tarib yurilardi. So‘mning nominali so‘m-kupondan ancha ortib ketgan bo‘lsada, banklararo hisob-kitoblar rivojlangani, plastik kartalar yordamida xaridlar va naqd ko‘rinishdagi yirik hisob-kitoblar asosan AQSh dollarida amalga oshirilishi tufayli o‘sha davrdagidek mashinalarda pul tashib yurish kam kuzatiladi. Ammo bor!

2019 yilning boshiga kelib, ya’ni oradan 25 yil o‘tib go‘shtning o‘rtacha bahosi 40-45 ming so‘m atrofida («go‘sht 28 ming» degan peshtaxtani ko‘rsatib, tortishish befoyda), shakarning arzoni 5000 so‘mdan sotilyapti.

Milliy valyutamiz – so‘mning qiymati dastlab 1 so‘mga 1 AQSh dollari bo‘lishi rejalashtirilgan bo‘lsada, amalda 1994 yildayoq 6-7 so‘mdan kamiga dollar sotib olib bo‘lmasdi. Qizig‘i, bir kilogramm go‘shtning bahosi o‘sha paytlarda 10-12 so‘mdan boshlangan. Ya’ni, bugungi kunga kelib go‘shtning bahosi AQSh dollariga nisbatan ancha tez o‘sgan.

Ko‘pchilik 100 ming so‘mlikning ustidagi «BIR YUZ MING SO’M» degan yozuvga e’tibor berdi va «nega yuz ming so‘m emas, bir yuz ming so‘m?» degan savollar paydo bo‘ldi. Huquqiy jihatdan bu to‘g‘ri, 2 yoki 5 emas, aynan 1 yuz ming so‘m. Balki bunda ham kelajakni ko‘zlagan ma’no bordir? 1 yuz ming so‘m, 5 yuz ming so‘m, 1 million so‘m... Bunisi hozircha fantastika tuyiladi. Yanayam kim bilsin...
Abror Zohidov.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » 100 ming so‘mlik dunyodagi eng katta banknota bo‘la oldimi?