Soliq kodeksiga yangi modda kiritilmoqda

  • 05 mart 2019, 13:33
  • 3 193
  • Iqtisodiyot
  • Soliq kodeksiga yangi modda kiritilmoqda
    Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi joylashtirildi.

    Hujjat bilan Oʻzbekiston Respublikasining 1997 yil 29 avgustda qabul qilingan “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi 474–I-sonli Qonunining 5-moddasi quyidagi mazmundagi 12-1-band bilan toʻldirilishi mumkin:
    “12-1) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq qarzini undirish choralarini koʻrish”.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining 2007 yil 25 dekabrda qabul qilingan OʻRQ–136-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritiladi:

    65-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
    “Undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish davlat soliq xizmati organining daʼvo arizasi asosida sud tartibida amalga oshiriladi, bundan ushbu Kodeksning 651-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno”;

    quyidagi mazmundagi 65-1-modda bilan toʻldiriladi:
    “65-1-modda. Davlat soliq xizmati organining qarori asosida undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish

    Undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisidagi qaror soliq toʻlovchi soliq qarzini yozma tan olgan va u undiruvni uning mol-mulkiga qaratish haqida ogohlantirilgan taqdirda davlat soliq xizmati organi tomonidan qabul qilinishi mumkin.

    Soliq qarzini yozma tan olish elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadigan elektron hujjat shaklida taqdim qilinishi mumkin.

    Davlat soliq xizmati organining undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisidagi qarorida quyidagilar koʻrsatiladi:
    1) qaror qabul qilgan davlat soliq xizmati organining nomi;
    2) qaror qabul qilingan sana va uning raqami;
    3) yuridik shaxsning toʻliq nomi, yakka tartibdagi tadbirkorning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan yili va joyi, pasport maʼlumotlari (seriya, raqami va pasport berilgan sana);
    4) soliq toʻlovchining joylashgan joyi (pochta manzili), bank rekvizitlari va identifikatsiya raqami;
    5) har bir soliq yoki majburiy toʻlov turi boʻyicha qarzdorlik miqdori, shuningdek tegishli qarzdorlik oʻtkazilishi lozim boʻlgan Davlat byudjetining gʻaznachilik hisobi rekvizitlari koʻrsatilgan soliq qarzining summasi;
    6) qarorning kuchga kirish sanasi;
    7) qaror ustidan shikoyat qilish muddati va tartibi.

    Undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisidagi qaror davlat soliq xizmati organining rahbarlari tomonidan imzolanadi va gerbli muhr bilan tasdiqlanadi.

    Undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisidagi davlat soliq xizmati organi qarorining nusxasi u chiqarilgan kundan ikki ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda soliq toʻlovchiga tilxat olib topshiriladi yoki topshirilganligi maʼlum qilinadigan buyurtma xat orqali yuboriladi.

    Davlat soliq xizmati organi qarori uning nusxasi soliq toʻlovchiga topshirilgan kundan eʼtiboran oʻn kun oʻtgach qonuniy kuchga kiradi.
    Davlat soliq xizmati organining qarori kuchga kirgandan soʻng uch kundan kechiktirmay majburiy ijro qilish uchun davlat ijrochisiga yuboriladi.

    Davlat soliq xizmati organining qarori davlat ijrochisiga davlat soliq xizmati organi rahbarining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan elektron hujjat shaklida axborot tizimi orqali yuborilishi mumkin.

    Davlat soliq xizmati organining qaroriga quyidagilar ilova qilinishi shart:
    1) ushbu Kodeks 60-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan tartibda soliq toʻlovchiga talabnoma topshirilganligi (yuborilganligi) dalili ilova qilingan soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma nusxasi;
    2) soliq qarzdorligi summasini tan olganligi haqidagi soliq toʻlovchining xati nusxasi;
    3) davlat soliq xizmati organi qarorining nusxasi soliq toʻlovchiga topshirilganligini tasdiqlovchi hujjat.

    Davlat soliq xizmati organining qarori asosida undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ijrochilari tomonidan amalga oshiriladi.

    Soliq qarzini undirish uchun davlat ijrochilari tomonidan soliq toʻlovchilarning bank hisobvaraqlariga inkasso topshiriqnomalari qoʻyilayotganda davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq qarzining shunga oʻxshash summasiga qoʻyilgan inkasso topshiriqnomalarining ijrosi bekor qilinadi”.

    123-moddaning uchinchi qismi “shu jumladan, qoʻshimcha hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirishni,” degan soʻzlardan keyin “undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratishni,” degan soʻzlar bilan toʻldiriladi.

    Oʻzbekiston Respublikasining 2018 yil 24 yanvarda qabul qilingan OʻRQ–461-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi 135-moddasining 1-bandi chiqarib tashlanadi.

    » » Soliq kodeksiga yangi modda kiritilmoqda