Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisidagi qonunga oʻzgartirish kiritiladi

  • 03 aprel 2019, 11:35
  • 812
  • Iqtisodiyot
  • Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisidagi qonunga oʻzgartirish kiritiladi
    Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Oʻzbekiston Respublikasining «Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi joylashtirildi.

    Oʻzbekiston Respublikasining 2012 yil 26 aprelda qabul qilingan “Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi OʻRQ-327-sonli Qonuniga quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin:

    3-modda (Oilaviy tadbirkorlik):
    quyidagi mazmundagi beshinchi va oltinchi qism bilan toʻldiriladi:
    «Mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼiy nazar, barcha oilaviy korxonalar ustav asosida faoliyat yuritadi.

    Oilaviy tadbirkorlik shaklidagi faoliyatni amalga oshirishdan olingan daromad va xarajatlar oilaviy tadbirkorlik ustaviga muvofiq oila aʼzolari oʻrtasida taqsimlanadi.»;

    beshinchi qism tegishlicha yettinchi qism deb hisoblanadi;

    4-moddaning (Oilaviy korxona) oltinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
    “Oilaviy korxona ishtirokchilarining va uning yollanma xodimlarining umumiy soni cheklanmaganligi belgilansin. Bunda oilaviy korxona ishtirokchilarining eng kam soni ikki kishidan oz boʻlmasligi kerak. Oilaviy korxona ishtirokchilarining va uning yollanma xodimlarining umumiy soni cheklanmaganligi belgilansin. Bunda oilaviy korxona bilan mehnat shartnomasi (kontrakti) tuzilgan barcha xodimlarni, shuningdek fuqarolik-huquqiy tusda tuzilgan shartnomalar asosida ishlayotgan xodimlarni oʻz ichiga oladi.”;

    6-modda (Oilaviy korxona boshligʻi) quyidagi mazmundagi toʻrtinchi va beshinchi qismlar bilan toʻldiriladi:
    «Oilaviy korxona boshligʻining qarori bilan oilaviy korxona qonun hujjatlarida belgilangan tartibda meros orqali berilishi mumkin.

    Oilaviy korxona boshligʻi bedarak yoʻqolgan deb topilganda yoki vafot etganda oilaviy korxonaga boshliq oilaviy korxona ishtirokchilarining umumiy yigʻilishida ularning biridan ovoz berish yoʻli bilan saylanadi.»;

    12-modda (Oilaviy korxonaning huquq va majburiyatlari):
    quyidagi mazmundagi sakkizinchi va oʻn oltinchi qismlar bilan toʻldiriladi:

    “oilaga tegishli mulkka, shu jumladan meros qilib berish, sovgʻa qilish, sotish, korxona (mol-mulk) yoki uning bir qismini begʻaraz oʻtkazish boʻyicha mustaqil qaror qabul qilish”;

    “tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda afzalliklar olishga qaratilgan, qonun hujjatlarga va boshqa tadbirkorlik subyektlari boʻlgan raqobatchilarga zarar yetkazadigan yoki zarar yetkazishi mumkin boʻlgan yoxud ularning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan yoki putur yetkazishi mumkin boʻlgan harakatlarga yoʻl qoʻyilmasligi”;

    sakkizinchi – oʻn toʻrtinchi qismlar tegishlicha toʻqqizinchi – oʻn beshinchi qismlar deb, oʻn beshinchi – oʻn oltinchi qismlar tegishlicha oʻn yettinchi – oʻn sakkizinchi qismlar deb hisoblanadi;

    18-modda (Oilaviy korxona mahsulotini realizatsiya qilish) quyidagi tahrirda bayon etiladi:
    “Oilaviy korxona oʻzi ishlab chiqargan mahsulotni naqd pulli va (yoki) naqd pulsiz hisob-kitob boʻyicha realizatsiya qilishi mumkin. Oilaviy korxona mahsulotini realizatsiya qilish Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida amalga oshirilishi mumkin.”;

    28-moddaning (Oilaviy korxonaning kommunal infratuzilma obyektlaridan foydalanishini taʼminlash) birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
    “Oilaviy korxona turar joydan bir vaqtning oʻzida unda istiqomat qilgan holda tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish) uchun foydalangan taqdirda hamda noturar-joy bino-inshootlardan foydalanilganda, kommunal infratuzilma xizmatlari (elektr energiyasi, suv taʼminoti, kanalizatsiya, gaz taʼminoti va issiqlik taʼminoti) haqini toʻlash aholi uchun belgilangan tariflar boʻyicha va shartlar asosida amalga oshiriladi.”.

    » » Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisidagi qonunga oʻzgartirish kiritiladi