07:12 / 06.05.2019
3 079

«Barcha banklarga Markaziy bankning «nazoratchisi» qo‘yilishi mumkin, agar…»

«Barcha banklarga Markaziy bankning «nazoratchisi» qo‘yilishi mumkin, agar…»
Kuni kecha yalpi majlisda ko‘rib chiqilgan «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonun loyihasida Markaziy bankning bank sohasidagi islohotlarga doir rejalari bo‘yicha qarashlari g‘alati ko‘rindi, deb yozmoqda deputat Rasul Kusherbayev.

Qonun loyihasida amaldagi qonunlarga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish asnosida yangi taklif etilayotgan institut bir qator e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Bu taklif etilayotgan yangi «Markaziy bankning vakili» deb nomlangan modda bilan bog‘liq. Fraksiyalarda ham bu masala muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Taklif etilayotgan qo‘shimchaga ko‘ra, Markaziy bank o‘z xodimlaridan banklarda o‘zining vakilini tayinlashi mumkin.

Vakil o‘z o‘rnida vakil bo‘lib, tayinlangan bankdan va (yoki) mansabdor shaxslaridan og‘zaki yoki yozma shaklda hujjatlar, shu jumladan moliyaviy hisobotlar, bank organlari yig‘ilishi (shu jumladan sirtdan o‘tkazilgan) materiallarini olishga, bank aksiyadorlarining (ishtirokchilari) umumiy yig‘ilishida, kuzatuv kengashida, bank boshqaruvida, doimiy yoki vaqtinchalik komissiyalarda (qo‘mitalarda, ishchi guruhlarda) ovoz berish va o‘z fikrini bayon etish huquqisiz kuzatuvchi sifatida ishtirok etishga, avtomatlashtirilgan tizim va ma’lumotlar bazasiga o‘zgartirish kiritish imkoniyatisiz (kuzatish holatida) kirish vakolatiga ega bo‘lishi taklif etilmoqda.

O‘z o‘rnida, bank esa kelgusidagi bank aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi, kuzatuv kengashi, bank boshqaruvi, doimiy yoki vaqtinchalik komissiyalar yig‘ilishlari to‘g‘risida bank vakilini xabardor qilishi va kun tartibini taqdim etishi, vakilga ko‘maklashishi, bankning mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan bank vakiliga ma’lumotlar to‘liq va o‘z vaqtida taqdim etilishi va barcha ma’lumotlar manbalariga kirish imkoniyatini ta’minlashi, vakil tomonidan so‘rov kelib tushgan kundan kechiktirmagan holda yoki so‘rovda ko‘rsatilgan muddatlarda barcha zurur hujjatlarni taqdim etishi, bank faoliyatiga taalluqli ma’lumotlarga, shu jumladan avtomatlashtirilgan tizim va ma’lumotlar bazasiga o‘zgartirish kiritish imkoniyatisiz (kuzatish holatida) kirishni ta’minlashi, vakilni unga yuklatilgan funksiyalarni bajarishi uchun zarur bo‘lgan hujjatlar nusxalari bilan ta’minlashi shartligini belgilash ko‘zda tutilgan.

Markaziy bank mas’ullari ushbu qo‘shimchalar banklarga yordam berish uchun taklif etilayotganini bot-bot takrorlashgan bo‘lsa-da, biroq bunga ishonarli dalillar yetishmayapti. Bu banklarning mustaqilligini ta’minlash va banklarga investitsiya oqimini kuchaytirishga qanday qilib xizmat qilishi mumkinligini o‘ylab o‘yimga yetolmayapman. Hurmatli Markaziy bank «yordam» degan bahona bilan barcha banklarga bir dunyo vakolatga ega «o‘z nazoratchisi»ni qo‘yishga harakat qilmayaptimi, degan fikr paydo bo‘lmoqda. Agar gap davlat ulushi bo‘lgan, davlatdan pul olayotgan banklar haqida ketsa ham mayli edi. Qiziq, bunga boshqa banklar qanday qararkan? Mana buni banklar uchun erkinlik desa bo‘ladi!

Munozaralarga sabab bo‘lishiga qaramay, loyihaning ushbu qismi qayta ko‘rilib chiqiladi, degan va’da bilan birinchi o‘qishda konseptual ma’qullandi.

O‘zLiDeP dasturidagi maqsad va vazifalardan kelib chiqib munozarali ushbu qism omonatchi, tadbirkor, investor, xususiy bank ko‘zi va qarichi qayta ko‘rilib, bizni havotirga solayotgan masala to‘liq bartaraf etiladi, degan umiddaman, deb yozadi deputat.

Shuningdek, Rasul Kusherbayev o‘z postiga «Qo‘ng‘iroqlar oldidan «straxovka» uchun: Yuqoridagilar shaxsiy fikrlar bo‘lib, biror guruh yoki tashkilot nuqtai-nazarini ifodalamaydi», deb qo‘shib qo‘ygan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » «Barcha banklarga Markaziy bankning «nazoratchisi» qo‘yilishi mumkin, agar…»